Er qa’ridan foydalanish munosabatlari tartibga solinadi

Er qa’ridan foydalanish munosabatlari tartibga solinadi

Er qa’ridan foydalanish huquqi uchun ruxsatnomalarni berish, hisobotlarni qabul qilish va boshqa sohadagi davlat xizmatlarini ko‘rsatish jarayonlarida “yagona darcha” prinsipi joriy etilmoqda.

Investisiya jozibadorligini keskin oshirish maqsadida davlat organi nazorati ostida yer qa’ridan foydalanish ruxsatnomasini lisenziat tomonidan tasarruf etish (sotish, garovga qo‘yish yoki boshqa shaxslarga o‘tkazish) mexanizmi joriy etilmoqda.

Bu tartiblarni o‘z ichiga olgan “Er qa’ri to‘g‘risida”gi qonun loyihasi Qonunchilik palatasining majlisida birinchi o‘qishda konseptual jihatdan ko‘rib chiqildi.

— Qonun loyihasi bilan yer qa’ridan foydalanish sohasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiluvchi normalar nazarda tutilmoqda, — dedi O‘zbekiston Respublikasi tog‘-kon sanoati va geologiya vaziri o‘rinbosari A’zam Qodirxo‘jayev. — Foydali qazilmalarning tasnifi yanada aniqlashtirilmoqda. Shu bilan birga, geologik axborotga bo‘lgan mulk huquqi, investorlar tomonidan uni almashish va realizasiya qilish normalari takomillashtirilmoqda. Yer qa’ridan foydalanish shart-sharoitlari bo‘yicha ba’zi foydali qazilmalarni o‘ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqqan holda uglevodorodlar yo‘nalishi keskin kuchaytirilib, xalqaro amaliyotdagi zamonaviy normalar bilan to‘ldirilmoqda.

Uran qazib olish va shu bilan bog‘liq jarayonda radiasiyaviy xavfsizlik, shuningdek, Xalqaro atom energetikasi talablari bilan bog‘liq holda qo‘shimcha talablar belgilanmoqda. Bundan tashqari, noruda qazilmalarni geologik jihatdan o‘rganish va qazib olish uchun ruxsatnomalar rasmiylashtirishning aniq tartibi hamda ruxsatnomalarga ega yer qa’ridan foydalanuvchilarning huquq va majburiyatlari belgilanib, davriy va yakuniy hisobotlarni taqdim etish, qazilmalarni geologik jihatdan o‘rganish hamda qazib olishning yillik minimal xarajatlari belgilanmoqda.

Ekologiya va atrof-muhitni asrash maqsadida yer qa’ridan foydalanishda ekologik xavfsizlikni ta’minlashning qoidalari ham nazarda tutilmoqda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!