Deputat nihoyat Nodira Qodirova haqida gapirdi: “Elkam hali ham og‘riyapti” (video)

Deputat nihoyat Nodira Qodirova haqida gapirdi: “Elkam hali ham og‘riyapti” (video)

O‘zbekistonlik Nodira Qodirova turk deputati uyida 23 sentyabr kuni o‘z joniga qasd qilgan edi. O‘sha kundan beri tayinli biror gap aytmay kelayotgan deputat nihoyat Turkiya Oliy Majlisida Nodira Qodirova haqida gapirdi. U deputat sifatida tergovlardan immuniteti borligiga shama qilgan va eshik ochaman deb yelkasi og‘rib qolganini gapirgan. Nodira qodirovaning o‘limini esa "ko‘ngilsizlik" deb atagan.

Turkiya AK partiyasi deputati Shirin Unal 23 sentyabr kuni uning uyida o‘zini o‘ldirgan Nodira Qodirova ishi yuzasidan Turkiya Oliy Majlisida gapirgan:

“Afsuski, ikki hafta burun uyimizda bir ko‘ngilsizlik sodir bo‘ldi. So‘zim boshida marhumaga Allohdan rahmat tilayman. Bu bechora qiz yanvar oyida keldi, 20 yildan buyon to‘shakka mixlanib qolgan xotinimga qarayotgan ikki xizmatkordan biri edi. Keyingi 2-3 oyda unda ruhiy buzilish bo‘layotganini bilib, ikkinchi bir yordamchini oldik. Nodira uni ketgazmoqchiydi, o‘zini ketkazdi, Alloh rahmat qilsin. 5 daqiqada polisiya, tez yordam keldi. Ular kelgunga qadar kichiq qizim bilan u qamalib olib o‘zini o‘ldirgan xona eshigini ochishga urindik. Yelkam hali ham og‘riyapti, ammo baribir ocholmadik. 3-4 polisiya xodimi eshikni ochishdi. Tezda kasalxonaga yetkazdilar. Yarim soatlarda Anqara polisiyasi mudiri yonimizda edi. So‘ng navbatchi prokuror keldi. Men har ikkisiga qo‘limdan kelgancha yordam berishimni aytdim. Oilamizning har bir a’zosi bemor xotinimdan tortib, ikkinchi xizmatchimizgacha, yarim kechagacha savollarga javob berdik. Prokurorga 15 daqiqa davomida bor gapni aytdim. So‘ng prokuror kasalxonaga borib, u yerda ham surishtiruv qildi. O‘sha kuni deputatlik immunitetimni ham bir yonga surib, barmoq izigacha topshirdim.  Alloh hech kimning boshiga bunaqa ko‘ngilsizlikni solmasin”.

Shirin Unal: “Ishni atay bo‘rttirishmoqda”

Shirin Unal o‘zining har qanday ta’qib, tergovdan muxofaza qilinganiga shama qilganiga qo‘shimcha, bu ishlar dushmanlari tomonidan atay bo‘rttirilayotganini ham iddao qilgan:

“Tabiiy, mening Oliy Majlisda avval qilgan ishlarim yoqmagan ayrim toifalar bor. Ular bu fursatdan foydalanib, meni va oilamni yerga tiqishdi, Alloh hech kimning boshiga buni solmasin. Men o‘zimga yuklangan ishni qilaman, nima lozim bo‘lsa o‘shani qilaman”, degan deputat.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!