Dars o‘tilmaydigan maktab haqida eshitganmisiz?

Dars o‘tilmaydigan maktab haqida eshitganmisiz?

Buyuk Britaniyaning Saffolk shahrida joylashgan Sammerxill dunyoda rasmiy qoidalarga bo‘ysunmaydigan, yangiliklar joriy etishdan qo‘rqmaydigan maktablardan biri hisoblanadi.  

Pedagog va yozuvchi Aleksandr Nill 1921 yilda Samerxill maktabiga asos solayotib bir qator savollar ustida bosh qotirgan: nima uchun bolalar 45 daqiqalik dars davomida harakatsiz o‘tirishi kerak, axir bunga hatto kattalarning bari ham chidash berolmaydi-ku? Nima uchun hojatxonaga borishdek tabiiy ehtiyojlar uchun ham o‘quvchilar ruxsat so‘rashi zarur? Tengdosh bolalarning rivojlanish darajasi va qiziqishlari doim ham bir-birinikiga mos kelmasa-da, nima sababdan o‘quvchilar sinfga yosh bo‘yicha qabul qilinadi? Eng muhimi – nima uchun dars davomida o‘quvchilarning erkin muloqot qilishlariga izn berilmaydi, axir jamoa bo‘lib ishlash, sheriklarga nimanidir o‘rgatishga intilish ko‘proq samara berishi besh qo‘ldek ma’lum-ku?..

Shunday qilib, Sammerxill maktabida o‘quvchilarni erkinlik asosida tarbiyalashga qaror qilindi. Bolalar bu yerda xuddi internatdagidek yashashadi. O‘quvchilarning yoshiga qat’iy cheklov qo‘yilmagan. Masalan, psixologiya darslariga 12 yoshdan kattalar, o‘qish va matematikaga 7-9 yoshlilar qatnashishi mumkin. O‘quvchilar darsga kelsa ham, kelmasa ham bo‘laveradi. Hech narsa qilmay, kun bo‘yi shataloq otib yurishiga ham ruxsat berilgan. Turgan gapki, ko‘pchilik bunday usulga shubha bilan qaraydi: axir bolaga erkinlik berilsa, ko‘ngli nimalarni tusamaydi?! Biroq Sammerxill maktabida bunday emas. Oddiy maktabdan kelgan o‘quvchilar avvaliga ozodlik zavqini tuyib, ko‘ngillariga kelganini qilishadi, keyin esa zerikib, asta kitoblarni varaqlashga tushishadi.

«Bolalar hech qachon darsda qatshashishga majburlanmaydi, – deya yozgan edi Nill. – Aytaylik, Jimmi dushanba kuni ingliz tili darsiga keldi, keyingi safar esa faqatgina bir haftadan keyin ko‘rinish berdi. Bu boshqa o‘quvchilarning e’tiboridan chetda qolmaydi va sinfni orqaga tortayotgani uchun Jimmini haydab yuborishlari mumkin».

Sammerxill maktabining o‘ziga xos yana bir jihati shundaki, bolalarning fikri xuddi kattalarning fikri singari inobatga olinadi. O‘quvchilarning shunga yarasha mas’uliyati ham bor, albatta. Aytishlaricha, mas’uliyat nimaligini his qilgan ikkichi va tarbiyasi og‘ir bolalar Sammerxillda butkul o‘zgarib ketar ekan.

Aleksandr Nillning o‘limidan keyin Sammerxill maktabiga uning qizi Zoui Nill rahbarlik qilib kelmoqda. Avvallari ota-onalar farzandlarini majburlikdan bu yerga olib kelishgan bo‘lsa, endilikda u muqobil ta’limni istovchilarning tanloviga aylangan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!