Ayolni hasad “qaritadi”mi?

Ayolni hasad “qaritadi”mi?

Tilimizda, ko‘ngli ochiq, xushfe’l, qalbi toza, dili pok, samimiy, degan jumlalar bor. Mana shu tavsiflar birgina havas degan so‘z tasvirida kelsa ham, mubolag‘a bo‘lmasa kerak, fikri ojizimcha. Aynan yuqorida keltirilgan so‘zlarga qarama-qarshi ravishda, ichi qora, g‘ayir, diyonatsiz, g‘alamis kabi so‘zlar keltirilib, ular hasad ga ma’nodosh bo‘lishi mumkin. O‘z-o‘zidan kelib chiqadiki, hasadgo‘ylarning ko‘ngli qora bo‘ladi, odamlarning g‘alabasini, muvaffaqiyatini ko‘rolmaslik oqibatida ularning yuragida achchiq alam paydo bo‘ladi va ana shu alam sabab hasadchilar omadsiz odamga aylanib qoladi. Ruhshunoslarning ta’kidlashicha, hasad o‘z-o‘zini himoya qilish, yaxshi ko‘rish, tabiiy xudbinlik (egoizm) bilan qorishib ketgan salbiy instinktdir. Tib ilmining bir guruh bilimdonlari hasad ya’ni, birovlarga nisbatan g‘araz maqsad va yovuz niyatda bo‘lgan odamlarning organizmida ham salbiy o‘zgarishlar kuzatilishini, qonida davosi mushkul xastaliklar paydo bo‘lishiga zamin yaratishini uqtirishadi. Shuningdek, hasadgo‘yning ruhiy holati ishiga, yurish-turishiga ta’sir o‘tkazib, omad undan yuz burishi, arzimagan ishida ishkalga o‘ralib qolishiga ham sabab bo‘lar ekan.

Mayli, biz olim va ruhshunoslarni qo‘yaveraylik, oddiy o‘zimiz guvohi bo‘lgan, hayotimizda har qadamda yuz beradigan, ro‘y berayotgan voqea-hodisalarni tahlil qiladigan bo‘lsak, hasadgo‘yning vujudi va ruhini mutlaqo egallab olgan hasad tufayli zabun holatga tushib qolishini ko‘ramiz.

Aksariyat hollarda hasadgo‘yning achchiq qismatidan ibrat olmaymiz. Hasadga doyalik qiladigan illatlardan biri g‘iybat, g‘iybatchilik ya’ni, g‘ayirlik. Ko‘cha-ko‘yda, mahalla-guzarlar, ko‘p qavatli uylar oldidagi o‘rindiqlarni uzzu-kun egallab, o‘tgan-ketganni, ishga shoshgan, yumushiga oshiqqanlarni g‘iybatini qilib, kunni kech qiladigan, kechki payt g‘iybatchilarga nishon bo‘lgan odamlar ishdan chiqib, bozoru do‘kon aylanib ro‘zg‘or xaltalarini to‘latib qaytganlarida, Tavba-ey, bular bunaqangi qimmat yeguliklarni qayerdan olishadi, a?! Biz birgina dadasining topganini uchma-uch arang ro‘zg‘orga yetkazamiz. Bular bo‘lsa, kunda go‘sht, kolbasayu, pishloq, qaymog‘u saryog‘larni kilolab olib kelishadi. Shuncha pulni qayerdan topadi, demak, bir gapi bor-da , deb iddaoli g‘udranib qo‘yadiganlarni ko‘pchiligimiz deyarli har kun ko‘ramiz. Gaplarimiz sizga qo‘shningizni yo qarindoshingiz yoki o‘zingizni tasvirlab ko‘rsatyaptimi? Ertalabdan kechgacha ishdan ortolmay, charchab-horib uyiga shoshayotganlarning g‘iybatini qilib, hasadga to‘layotganlar ham uzzukun vaqtlarini o‘lik birodarlarining go‘shtini g‘ajib , birovlarning gunohini kamaytirishga sarflamay foydali mehnat bilan shug‘ullansalar, undan keladigan daromad bilan yaxshi yashash imkoniga ega bo‘larmidilar. Qayerdan topadi?! Qanday topadi?! Nega biz shuncha qilsak ham, hech nimaga erishmaymizu bular o‘tirgan joyida boyib ketyapti?! degan xitoblar hasadning asl mohiyatini tashkil etadi.

Mulohazalarni o‘qib turib, sizda hasad faqat ayollarda bo‘ladi, erkaklar bu illatdan mustasnodirlar, degan fikr paydo bo‘lgan bo‘lishi yoki bizning qarashlarimizdan shunday ma’no chiqarib, e’tirozga shoshilayotgan bo‘lishingiz mumkin. Shu o‘rinda, andak xatolikka yo‘l qo‘yapsizmikan, deyman. Hozirda ko‘cha-ko‘yda g‘iybat to‘qib o‘tirganlar faqat ayollar emas, taassufki, erkaklarimiz ham bu borada ayollar bilan bemalol bellasha olishga va hattoki, ularni ortda qoldirishga ham shaydirlar.

Hasadgo‘ylar o‘ladi-yu, hasad hech qachon o‘lmaydi, degan edi faylasuflardan biri. Haqiqatan ham, odamlarga hasad qilib, ham o‘zini ham boshqalarni qiynab yurganlar vafot etgani bilan, baribir hasad o‘lmaydi. Eng achinarlisi, u hamma qalbda ham bo‘lar ekan. Faqat, irodalilar, o‘zini hurmat qilgan, halollik va samimiyatga oshufta qalb sohiblari ichidagi hasadni havas yordamida o‘ldirishga erishishar ekan. Xudbinlik, manmanlik, kekchi, jizzakilikka moyil kishilarda esa hasad kuchli rivojlanishi haqida mutaxassislar e’tirof etishyapti.

Demak, hasad degan bedavo dard ga yo‘liqmasligimiz uchun, avvalo, ko‘ngilni keng tutishimiz, fe’limizdagi arazchilik, jizzakilik, urushqoqlik kabi ham sog‘ligimizga, ham turmushimizga soya tashlaydigan xususiyatlardan chekinishimiz va albatta, biror muvaffaqiyat yo omadga erishganlarni ko‘rganimizda, eshitganimizda, Alloh ziyoda qilsin, buyursin, ilohim, menga ham shunday baxt nasib etsin degan duolarimizni darig‘ tutmasligimiz lozim.

Hasad ko‘ngillarni, ruhlarni ozorlantirish bilan birga, jismga ham zarba beradi. Hasad oqibatida, inson o‘zi uchun qimmatli bo‘lgan umriga, hayotiga, sog‘lig‘iga o‘zi zomin bo‘ladi. Havas esa, aksincha dillarni yashnatadi, orzularga qanot beradi. Kishini yuksaklikka chorlaydi, inson havas sharofati bilan o‘zi havas qilgan kishisidan-da, ortiq muvaffaqiyatlarga erishadi. Bu hayotda o‘z isbotini topgan haqiqat.

Bu xususda sizda qanday mulohazalar bor, muhtaram yurtdosh!

Manba: azon.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!