Ana xolos! Bangladeshlik chaqaloq ko‘mish oldidan tirildi

Ana xolos! Bangladeshlik chaqaloq ko‘mish oldidan tirildi

Bangladesh poytaxti Dakkada g‘ayrioddiy hodisa yuz berdi: shifokorlar o‘ldiga chiqargan chaqaloq dafn qilinishidan bir necha daqiqa oldin “tirildi”. Bu haqda Dhaka Tribune nashri xabar bermoqda. 

“Chaqaloqning tirik qolgani mo‘’jiza bo‘ldi, endi uning hayotini saqlab qolish uchun ham mo‘’jiza kerak, – dedi Dakkadagi Tibbiyot kolleji shifoxonasi vakili Manisha Banarji. – Yurtimizda 28 haftalik tug‘ilgan chaqaloqlarni asrab qolish juda qiyin, bu chaqaloq esa 26 haftalik tug‘ilgan. Bor kuchimiz bilan uni asrab qolishga urinyapmiz. Uning ahvoli oldingidan yaxshiroq, lekin hali ham xavf ostida”. 

Ma’lum bo‘lishicha, chaqaloq shu shifoxonada dunyoga kelgan. Xodimlar uning holatini 45 daqiqa kuzatishgani, yuragi yurmagani uchun tirik emas, degan xulosaga kelishgani aytilmoqda. 

Kasalxona xodimlari chaqaloqni bo‘shagan qo‘lqoplar qutisiga solib, otasi Yosin Mullaga tutqazishgan va Azimpurdagi qabristonga dafn etishni aytishgan. Qabriston ishchilari esa chaqaloqni arzonroq qabristonga ko‘mishni maslahat berishgan. 

Yosin aytilgan manzilga borib, dafn xarajatlarini kelishadi. Qabr tayyor bo‘layotganda quti qimirlagani seziladi. “Men qutini ochib, chaqalog‘im tirik ekanligini ko‘rdim. Qizim harakatlanib, og‘zini ochayotgan edi”, – deydi ota. 

U chaqaloqni ko‘tarib kasalxonaga qaytib kelgan, biroq uni qabul qilishdan oldin bir soat sarson qilishgan. 

Holat yuzasidan tekshiruv boshlandi. 


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!