1 fevraldan qonunchilikda nimalar o‘zgaradi?

1 fevraldan qonunchilikda nimalar o‘zgaradi?

Joriy yilning 1 fevralidan qonunchilikda bir qancha o‘zgarishlar bo‘lishi kutilmoqda. Byudjet tashkilotlari va muassasalari xodimlari ish haqlari, pensiya, stipendiya, nafaqa hamda kam ta’minlangan oilalarga moddiy yordamlar miqdori oshiriladi. Shuningdek, Vazirlar Mahkamasi qarori asosida yangi jamg‘arma tuzilishi rejalashtirildi. Prezident qarori asosida O‘zbekistonda biznes muhitini yaxshilash bo‘yicha yangi qadamlar tashlanadi.

2019 yilning 31 dekabr kuni “O‘zbekiston Respublikasining “2020 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining davlat byudjeti to‘g‘risida”gi Qonuni ijrosini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilingandi. Unga ko‘ra, 2020 yil 1 fevraldan byudjet tashkilotlari va muassasalari xodimlari ish haqlari, pensiya, stipendiya, nafaqa hamda kam ta’minlangan oilalarga moddiy yordamlar miqdori 1,07 baravarga oshiriladi.

2020 yil 1 fevraldan boshlab:

•    mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori – oyiga 679 330 so‘m;

•    pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori – oyiga 238 610 so‘m;

•    eng kam yoshga doir pensiyalar – oyiga 466 680 so‘m;

•    bolalikdan nogironlarga beriladigan nafaqa – oyiga 466 680 so‘m;

•    zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa yoshdagi va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nafaqa – oyiga 286 390 so‘m qilib belgilandi.

2020 yil 16 yanvar kuni Vazirlar Mahkamasining “Davlat qarzini samarali boshqarish va jalb qilinayotgan qarzlardan maqsadli foydalanishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori qabul qilindi.

Davlat qarzi hisobidan moliyalashtiriladigan loyiha va dasturlar bo‘yicha to‘lovlarning o‘z vaqtida, to‘liq va kafolatli amalga oshirilishini ta’minlash maqsad qilindi. Joriy yilning 1 fevralidan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi G‘aznachiligi huzurida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan Kafolat jamg‘armasi tashkil etiladi.

“Mamlakatda biznes muhitini yanada yaxshilash va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4525 sonli Prezident Qarori qabul qilindi.

2020 yil 1 fevraldan boshlab:

•    eksport-import operasiyalarini amalga oshirishda talab etiladigan ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar va sertifikatlar “Yagona darcha” bojxona axborot tizimi orqali rasmiylashtiriladi. Bunda vakolatli organlarning avtomatlashtirilgan axborot tizimlari “Yagona darcha” bojxona axborot tizimiga integrasiya qilinadi;

•    fitosanitariya, sanitariya-epidemiologiya, veterinariya va ekologik nazorat o‘tkazish uchun undiriladigan to‘lovlar miqdori vakolatli organning mazkur hujjatni berish uchun qilgan xarajatlari doirasida O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan kelishilgan holda belgilanadi;

•    yuridik shaxslar tomonidan da’vo arizasi va uning ilovalarini javobgar hamda iqtisodiy sudga soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti orqali elektron tarzda yuborish imkoniyati yaratiladi.

Zafarbek Solijonov


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!