“YouTube”ni yer yutdimi?

“YouTube”ni yer yutdimi?

Ayni kunlarda yurtimizdagi internet foydalanuvchilari YouTube videoxostingi yaxshi ishlamayotgani tufayli tarmoqdan foydalana olmayapti. O‘zA aynan ushbu dolzarb mavzu bo‘yicha maqola e’lon qildi. Mazkur muammoning sabablari turli xil talqin qilinmoqda. Aksariyat internet foydalanuvchilari videoxostingga kirish atay cheklanmoqda, degan fikrda. Facebook ijtimoiy tarmog‘iga kirishda ham noqulayliklar kuzatilayotgani ma’lum. Shu bois ko‘pchilik tarmoqqa ulanishda VPNdan foydalanmoqda.

 

O‘zbekistonda YouTube videoxostingi yaxshi ishlamayotgani borasida rasmiy izoh berilmayotgani internet foydalanuvchilarining noroziligiga sabab bo‘lmoqda. 

 

Biz O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligiga telefon orqali bu haqda so‘rab, murojaat qilganimizda aniq ma’lumot, izoh ololmadik.

 

“O‘zbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasining murojaatlar bo‘limi xodimi Bobur Abdullayev bilan telefon orqali gaplashganimizda YouTube ishlamasligiga kompaniya aybdor emasligi, tarmoqda muammo yo‘qligini aytdi.

 

– Foydalanuvchilar eng ko‘p internet trafigini YouTubedan foydalanish uchun sarflaydi. Shu bois uning yaxshi ishlashi bizga foyda keltiradi. Qolaversa, kompaniyamiz videoxosting ishiga ta’sir ko‘rsatish uchun rasmiy huquqqa ega emas, – deydi B.Abdullayev. 

 

Shu tariqa muammoning asl sababiga aniq javob topilmayapti. Biz bu haqda O‘zbekistonda YouTube videoxostingi faoliyati uchun mas’ul tashkilotlardan javob kutib qolamiz. 


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!