Yirik trassalarda harakatlanishni pullik qilish rejalashtirilmoqda

Yirik trassalarda harakatlanishni pullik qilish rejalashtirilmoqda

Qirg‘iziston transport va yo‘llar vazirligi mamlakatning yirik trassalarida harakatlanishni pullik qilishni rejalashtirmoqda va bu boradagi loyihani parlamentga taqdim qilmoqchi.

Vazirlik o‘zining rasmiy saytida hukumatning 2016-2025 yillarda yo‘l tarmog‘ini rivojlantirish va yangi qurilayotgan yo‘llar sifatini yaxshilash maqsadidagi qarori asosida yirik trassalarda harakatlanishni pullik qilish borasidagi tashabbus haqida e’lon qildi.

Mazkur muassasaning maslahatchilar guruhi rahbari Nurlan Qayinboyevning so‘zlariga qaraganda, ayni damda qaysi yo‘llarda va avtotransportning qaysi turlaridan pul olish masalasi o‘rganib chiqilmoqda. “Masalan, to‘rt qatorli trassa yoki keng yo‘llarda barcha transport vositalaridan haq olinishi taklif qilinmoqda. O‘sh-Bishkek kabi ikki qatorli trassalarda esa faqat yuk avtotransportidan haq olish ko‘zda tutilmoqda. Har bir kilometr uchun yengil avtotransportdan 60 tiyin, yuk mashinalarining turidan qati nazar 2 somdan 10 somgacha haq olish taklifi berilmoqda” deydi Qayinboyev.

Ayni damda tegishli qonun loyihasini tayyorlash jarayonlari davom etmoqda. Yaqin orada hujjat keng jamoatchilik e’tiboriga taqdim qilinadi, so‘ng ko‘rib chiqish uchun parlamentga yuboriladi. Tashabbus deputatlar tomonidan ma’qullanadigan bo‘lsa, u holda qabul qilinganidan keyin yarim yil mobaynida kuchga kirishi mumkin.

Manba: uza.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!