Yashash joyidan turib imtihon topshirish, bir vaqtning o‘zida uchta OTMni tanlash va uch yillik sertifikat: abituriyentlarni qanday imtiyozlar kutmoqda?

Yashash joyidan turib imtihon topshirish, bir vaqtning o‘zida uchta OTMni tanlash va uch yillik sertifikat: abituriyentlarni qanday imtiyozlar kutmoqda?

2019 yilning 15 fevral kuni Oliy ta’lim muassasalariga test sinovlari orqali qabul qilish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida gi qaror loyihasi jamoatchilik muhokamasiga taqdim etish uchun regulation.gov.uz.ga joylashtirildi.

2019 yil 23 fevralda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administrasiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligining press-xolida ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun matbuot anjumani o‘tkazildi. Tadbir davomida qaror loyihasining mazmun-mohiyati tushuntirildi, ommaviy axborot vositalarida bildirilayotgan fikr-mulohazalar, takliflarga munosabat bildirildi.

Mamlakatimizda ham ta’lim sohasi rivojlangan sari yoshlarimizning oliy ma’lumotli kasb egasi bo‘lish istagi tobora oshib bormoqda. Shular va xorijiy davlatlarning ta’lim sohasi tajribasini o‘rganish natijalari yoshlarimizga yanada keng imkoniyatlar yaratish ehtiyojini keltirib chiqarmoqda. Shularni inobatga olib, ushbu qaror loyihasi ishlab chiqildi. Qaror loyihasiga Prezidentimizning O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga qilgan Murojaatnomasida qayd etilgan va 2017 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini Faol investisiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili da amalga oshirishga oid Davlat dasturida o‘z aksini topgan o‘zgarishlar doirasida ishlab chiqilgan takliflar kiritildi.

Mamlakatimiz rahbarining tashabbusi bilan 2018 yilda oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun test sinovlari yangi talablar asosida adolatli, shaffof, xolis va ochiq tartibda o‘tkazildi. Ushbu o‘zgarishlar abituriyentlar, ularning ota-onalari va keng jamoatchilik tomonidan yaxshi qabul qilindi.

2019/2020 o‘quv yili qabulida ham 2018 yildagi tajribani davom ettirgan holda test sinovlari jarayonida yoshlar uchun qo‘shimcha imkoniyatlar va qulayliklar yaratish maqsadida qaror loyihasida quyidagi takliflar taqdim etilmoqda.

Birinchidan, abituriyentlar va ularning ota-onalari tomonidan ortiqcha ovoragarchiliklar va xarajatlarning oldini olish maqsadida ularning yashab turgan manzilida Davlat xizmatlari markazlari orqali ro‘yxatga olish, abituriyent tomonidan tanlanayotgan ta’lim muassasasining joylashgan hududidan qat’i nazar, o‘zi yashab turgan hududda test sinovlarida ishtirok etishi nazarda tutilmoqda.

Ikkinchidan, abituriyentlarning o‘qishga kirish imkoniyatini yanada oshirish maqsadida ularga bir vaqtning o‘zida uchta bakalavriat ta’lim yo‘nalishini tanlash huquqi berilmoqda.

Abituriyentlarga yanada keng imkoniyat ularga amal qilish muddati uch yil bo‘lgan sertifikat beriladi. Sertifikatdan ular uch yil davomida oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun foydalanish mumkin bo‘ladi.

Uchinchidan, joriy yilda maktab, lisey va kollejlarni bitirgan yigit-qizlar uchun test sinovlari mutlaqo bepul, hech qanday to‘lovlarsiz o‘tkazilishi tartibi saqlanib qolinmoqda. Shu bilan birga, o‘tgan yil va undan oldingi davrda o‘qishni tugatgan abituriyentlar test sinovlarida ishtirok etishi uchun eng kam ish haqining bir barobari miqdorida to‘lovni amalga oshirish tartibi taklif qilinmoqda.

Abituriyentlardan tushgan to‘lovlar test sinovlarini yanada sifatli va qulay sharoitlarda tashkil etish bilan bog‘liq xarajatlarni moliyaviy ta’minlashga yo‘naltirilishi rejalashtirilgan. Ushbu mablag‘lar binolarning ijara to‘loviga, katta quvvatli kondisionerlar, shaxsni aniqlash va kuzatish kamerasi, ota-onalar uchun monitorlar bilan jihozlashga hamda abituriyentlarni ichimlik suvi va ruchka bilan ta’minlashga yo‘naltiriladi.

Shu bilan birga, test sinovlarini tashkil etish qo‘shimcha moliyaviy mablag‘larni talab etadi va abituriyentlardan tushadigan to‘lovlar mavjud xarajatlarni to‘liq qoplash uchun yetarli deb bo‘lmaydi. Ular jumlasiga to‘rt mingdan ortiq guruh nazoratchilariga to‘lanadigan ish haqi, ularga tashkil etiladigan tushlik, test materiallarini sifatli tayyorlash, o‘z vaqtida belgilangan joylarga yetkazib berish, olib kelish, saqlash va shu kabilar kiradi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!