Yaponiyaning yirik korporasiyasi qurilish sohasida kadrlar tayyorlashda O‘zbekiston bilan hamkorlik qiladi

Yaponiyaning yirik korporasiyasi qurilish sohasida kadrlar tayyorlashda O‘zbekiston bilan hamkorlik qiladi

Yaponiyaning ommabop "Nikkei Shimbun" gazetasida va nashr saytida O‘zbekiston elchi Muhsinxo‘ja Abduraxmonov va "Daito Trust Construction" korporasiyasi prezidenti Kei Takeuchi o‘rtasida kechgan uchrashuvga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

"Uchrashuvda "Daito Trust Construction" korporasiyasining O‘zbekiston bilan qurilish, arxitektura, investisiya sohalarida loyihalarni amalga oshirish, qurilish-arxitektura loyihalariga yapon texnologiyalari va investisiyalarini olib kirish, hamda qurilish-arxitektura va muhandislik sohalarida mamlakatimizda yuqori malakali kadrlarni tayyorlash va ularni yapon korporasiyasida malakasini oshirish, stajirovkalar tashkil etish va ishga joylashtirish masalalari muhokama qilindi", – deyiladi maqolada.

Nashr joriy yildan boshlab "Daito Trust Construction» qurilish sohasida xorijlik ishchilarni yollashni boshlashini yozgan. Dastlab, kompaniya O‘zbekistondagi davlat universitetlarida tahsil olgan o‘nga yaqin malakali ishchilarni qabul qilishni rejalashtirgan. Ular uchun mahalliy xodimlarga yaratilgani kabi bir xil mehnat sharoitlari yaratiladi.

"Joriy yilning sentyabr oyida kompaniya O‘zbekistonda nomzodlar bilan suhbat o‘tkazishni rejalashtirgan. Yaponiyaga kelgach, o‘zbekistonlik ishchilar olti oy muddat yapon tilini o‘rganadi va shu vaqt ichida kompaniya mamlakatimiz hayotiga moslashish uchun zarur yordamni ko‘rsatadi. 2025 yilning aprel oyidan boshlab ular yaponiyalik mahalliy xodimlar kabi o‘quv dasturlarida ishtirok eta boshlaydi. "Daito Trust Construction" kompaniyasi so‘ngi 10 yil ichida Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlaridan ko‘plab texnik stajyorlarni qabul qilgan bo‘lsada, bu gal mazkur kompaniya tarixida ilk marotaba chet ellik ishchilarni to‘liq kunlik ishchi sifatida aynan O‘zbekistondan qabul qilishni rejalashtirgan", – deb xabar qilingan maqolada.

Ma’lum qilinishicha, o‘zbekistonlik ishchilar uy-joy bilan ta’minlanadi. Ular kompaniyaning Tokiodagi filiallarida quruvchi-usta sifatida ishlaydi. O‘zbekiston vakillarining asosiy vazifasi to‘rt yil ichida davlat qurilish muhandisligi va arxitekturasi yo‘nalishida 1-darajali malakali ishchi maqomini olishdir.

Maqola yakunida "Kompaniyasi prezidenti Kei Takeuchi O‘zbekiston elchixonasida kechgan muzokaralarni iliq ruhda va samarali bo‘lib o‘tganini ta’kidladi. U, shuningdek, o‘zbekistonlik ishchilarga yuqori oylik maosh hamda qulay ish sharoitini ta’minlash orqali Yaponiyaning ikkinchi vatan sifatida qadrli makonga aylantirish niyatida ekanligini va O‘zbekiston tomoni bilan kelgusida katta istiqbolli loyihalarni amalga oshirishga sodiqligini bildirdi", – deb yozilgan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!