Xushxabar! Namanganda 4 nafar bemor koronavirusdan butunlay tuzaldi

Xushxabar! Namanganda 4 nafar bemor koronavirusdan butunlay tuzaldi

Mamlakatimizning barcha hududlarida bo‘lgani kabi, Namangan viloyatida ham koronavirus infeksiyasiga qarshi izchil kurash olib borilyapti. Karantin tadbirlari qat’iy yo‘lga qo‘yilgan. Shu bilan birga, viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasida koronavirusga chalingan bemorlar standartlar bo‘yicha davolanmoqda. Fidoyi va vatanparvar shifokorlarimiz ularni darddan xalos qilish uchun tunu kun faoliyat ko‘rsatishmoqda.

Bugun kasbiga sadoqatli tibbiyot xodimlarining astoydil sa’y-harakatlari o‘zining dastlabki mevasini berdi. Viloyatdagi to‘rt nafar koronavirusni yuqtirgan fuqaro butunlay sog‘ayib, reabilitasiyaga olinish baxtiga muyassar bo‘ldi.

Ular viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Solijon Mo‘minov va boshqa mas’ullar tomonidan viloyat reabilitasiya markaziga kuzatib qo‘yildi. Kasallikdan tuzalgan fuqarolar ma’lum muddat shu yerda karantinda bo‘ladi.

– Bugun mening hayotimda unutilmas sana. Xuddi qayta dunyoga kelgandek his etyapman o‘zimni, – deydi bemor. – Bizni o‘ylab shunchalik sharoit yaratib bergan Prezidentimizga behisob rahmat. Shifokorlarimizdan bir umr minnatdormiz. Ular o‘zlarining jasoratli xizmatlari, yuksak malakalari, insoniy munosabatlari bilan bizni oyoqqa turg‘azishga sabab bo‘lishdi.

Darhaqiqat Prezidentimizning koronavirus infeksiyasini tarqalishini oldini olishga qaratayotgan sa’y- harakatlari ushbu kasallikka qarshi tizimli va samarali kurashishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ayniqsa, bunday ijobiy ko‘rsatkichlarga erishishda davlatimiz rahbari topshirig‘iga ko‘ra, har bir bemorga ikki nafardan shu sohada ko‘zga ko‘ringan tajribali mutaxassislarni jalb qilinganligi, shuningdek, shifokorlar bemorlarni davolash jarayonida mamlakatimizning qator yetuk mutaxassislari bilan telemuloqot o‘rnatib, ulardan kerakli tavsiyalarni olayotgani ham qo‘l kelmoqda. Nufuzli mutaxassislar bilan hamkorlik bemorlarning holati yuzasidan maslahatlashish, aniq tashxis qo‘yish va samarali davolash imkonini beryapti.

Eslatib o‘tamiz, hozirda yurtimizda koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlarning 42 nafari ushbu kasallikdan to‘liq forig‘ bo‘lishdi. Shu kunlarda shifokorlarimiz mamlakatimizning boshqa hududlaridagi davolash muassasalaridagi bemorlarning ham sog‘ayib ketishlari uchun bor mahoratlarini ishga solgan holda qahramonlarcha kurashmoqda.

Sog‘liqni saqlash vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!