“Vaqf” ning pullari bizni qanchalik qiziqtirsa, byudjet tashkilotlarining pullari ham shunchalik qiziqtirishi kerak!

“Vaqf” ning pullari bizni qanchalik qiziqtirsa, byudjet tashkilotlarining pullari ham shunchalik qiziqtirishi kerak!

”Vaqf“ fondi rahbarlaridan biri xayriya uchun yig‘ilgan pullardan “Malibu” olib, minib olganida, butun internet portlagandi. Aslida pul o‘g‘irlanmagan, shunchaki, bemaqsad ishlatilganining o‘zi ham, juda katta noroziliklar uchun yetarli bo‘lgandi. Axir bu pullar umuman boshqa maqsadlarda, muhtojlarning og‘irini yengil qilish, kimlargadir yordam berish uchun yig‘ilgan-ku, deyildi. Albatta, to‘g‘ri aytilgan hammasi.

Ammo men e’tiborni boshqa jihatga qaratmoqchiman. Qarang, dindorlar unaqa, bunaqa, deymiz-u, aynan mana shu yerda aslida, xalq bu toifaga ko‘proq ishonishi ma’lum bo‘lib qolyapti. Ishonch emas, shunchaki, boshqa so‘z bilan aytganda, xalq ulardan halol ishlashni, to‘g‘ri ishlashni ko‘proq talab qilar ekan. Boshqachasini hazm qila olmas ekan. Axir dindor bo‘lib turib, yolg‘on gapirasanmi? Dindor bo‘lib turib, pul o‘g‘irlaysanmi, pora olasanmi, bemaqsad hashamatga berilasanmi? Ya’ni bu e’tirozlar o‘z-o‘zidan dindorlardan talab yuqori ekanini, dindorlar yaxshi odam bo‘lishi kerakligini ham isbotlab qo‘yadi, go‘yoki.

Endi, dinni bir chetga surib turaylik. Byudjetdan, ya’ni asosan soliqlar va davlat (xalq) boyliklaridan moliyalashtiriladigan qator tashkilotlar, organlar, vazirliklar bor. Aslini olganda, xuddi “Vaqf fondi” singari, u yerda ishlaydigan amaldorlar ham aslida, biz yig‘ib bergan pullarni ishlatishadi, oylik olishadi. Byudjet ham katta bir FOND aslida, oddiy qilib aytganda, biz ularni pul yig‘ib, yollaganmiz - ana shu biz bergan pullarni to‘g‘ri sarflash, to‘g‘ri yo‘naltirish, o‘g‘irlik qilmaslikka mas’ul ular. “Vaqf fondi”dagi pullar qanday sarflanishi bizni (o‘sha fondga pul bermagan bo‘lsak ham) qanchalik qiziqtirsa, u yerdagi xatolar bizni qanchalik xafa qilsa, byudjet ham shunaqa, hatto undan ham muhimroq – chunki bu yerda hamma pul beradi, hamma haqdor bo‘ladi, faqat ehson qiluvchilar emas.

Ammo negadir, unaqa emas, qiziq, biz u yerlarda ko‘proq pullar o‘zlashtirilishini bilamiz, ko‘proq xatolar bo‘lishini, poraxo‘rliklarni ham bilamiz, lekin shunaqa bo‘lishi kerakdek, xotirjam qabul qilamiz. Ey, bu bizning pullar, to‘g‘ri sarfla, o‘g‘irlama, deyish o‘rniga, o‘sha pullarni ishlatish imkoniyatigacha yetib boribdimi, ko‘tarilibdimi, qandini ursin, deymiz. Havas qilamiz. Farzandlarimizni xalqqa xizmat qilish uchun emas, xalqning pullaridan ishlatish imkoniyati borligi uchun amaldor qilgimiz, amaldorga yaqinlashtirgimiz keladi...

Ha, Vaqf fondidagilar, musulmon, ular halol bo‘lishi kerak, boshqalarning pulini yemasliklari kerak, to‘g‘ri, lekin yana dinni bir chetga qo‘yib turaylik, boshqa sohadagilarda ham shunday mas’uliyat, majburiyat bor-ku? Biz ularni avvalo, xalqimiz boyligiga, to‘planadigan soliqlarga omonatdor qilib yollamaganmizmi? Ularning halol bo‘lishi, yaxshi odam bo‘lishi hayotimizga ko‘proq ta’sir qilmaydimi, aslida? Shunday bo‘lishni ulardan ko‘proq talab qilishimiz, shunday bo‘lishga ularni ko‘proq majburlashimiz muhimroq emasmi?

Manba: azon. uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!