O‘zbekistonga “pochta jo‘natmasi” niqobi ostida qancha giyohvandlik vositalari olib kirilgan?

O‘zbekistonga “pochta  jo‘natmasi” niqobi ostida qancha giyohvandlik vositalari olib kirilgan?

Pochta xizmati muhim strategik ahamiyatga ega bo‘lib, har qanday ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy, epidemiologik vaziyatlarda ham pochta xizmatiga bo‘lgan talab va taklif hech qachon to‘xtab qolmaydi. Aksincha, doimiy ravishda o‘sib boradi. Bu esa bojxona sohasi xodimlaridan doimo o‘z ustida ishlashni, tizimga yangi innovasion texnologiyalarni joriy qilishni, pochta xavfsizligini ta’minlash kabi muhim yo‘nalishlarni mudom takomillashtirishni talab etadi.

Xo‘sh, bugungi kunda sohada qanday islohotlar amalga oshirilmoqda? Halqaro pochta va xalqaro kuryerlik jo‘natmalari qay tartibda bojxona nazoratidan o‘tkazilmoqda?

Ayni shu savollarga javobni bir guruh ommaviy axborot vakillari uchun Davlat bojxona qo‘mitasi Toshkent shahar bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan “Bosh pochtamt” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postida” mavzusida uyushtirilgan press turda javob oldik.

Ta’kidlanganidek, mazkur bojxona posti O‘zbekiston Respublikasiga kirib kelayotgan va undan chiqib ketayotgan barcha xalqaro pochta va kuryerlik jo‘natmalari ustidan bojxona nazoratini amalga oshiradi.

Press tur avvalida OAV vakillari “Bosh pochtamt” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postining “Xalqaro pochtamt” bojxona punktida bo‘lishdi.

O‘zbekistonga “pochta  jo‘natmasi” niqobi ostida qancha giyohvandlik vositalari olib kirilgan?

Bu yerda jurnalistlarga “O‘zbekiston pochtasi” DUKning “Xalqaro pochta” filiali hamda “EMS” (Express Mail Service) ekspress pochta xizmati faoliyati tanishtirildi.

Bojxona punkti zamonaviy rengent qurilmalari bilan jihozlangan. Jurnalistlar uchun keyingi manzil “SRT pochta” bojxona ombori hududida joylashgan “Bosh pochtamt” bojxona postining ma’muriy binosi bo‘ldi.

Jurnalistlarga pochta jo‘natmalarining bojxona ko‘rigi va rasmiylashtiruvi, xalqaro kuryerlik jo‘natmalarini dastlabki elektron bojxona deklarasiyalash tartibi, bojxona nazorati jarayonida bojxona postida fosh etilgan turli nayranglar, qing‘irliklar haqida taqdimot namoyish etildi.

O‘zbekistonga “pochta  jo‘natmasi” niqobi ostida qancha giyohvandlik vositalari olib kirilgan?

Press tur davomida jurnalistlarni qiziqtirgan “Xalqaro pochta hamda kuryerlik jo‘natmalari orasida nima farq bor?” degan savolga mutaxassislar tomonidan atroflicha javoblar berildi.

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2000 yil 11 fevralda 896-son bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan “Xalqaro pochta va kuryerlik jo‘natmalari ustidan bojxona nazorati qoidalari”ga ko‘ra, xalqaro pochta jo‘natmalari – bu tegishli qadoqdagi manzili ko‘rsatilgan yozma xat-xabarlar, posilkalar va bosma nashrlar;

xalqaro kuryerlik jo‘natmalari esa – jo‘natilishi qisqa muddatlarda qo‘ldan-qo‘lga yetkazib berilgan (topshiriladigan) holda amalga oshiriladigan pochta varaqchalari, xatlar, banderollar, posilkalar, bosma nashrlardir.

Press turda ta’kidlanishicha, xorijdan xalqaro pochta va kuryerlik jo‘natmalari mamlakatimizga olib kelishda ma’lum bir cheklovlar mavjud.

Unga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 6 iyundagi “Jismoniy shaxslar tomonidan bojxona chegarasi orqali tovarlarni olib o‘tishni yanada tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-3512-sonli qarorining 1/a bandida, jismoniy shaxslar nomiga kelayotgan xalqaro kuryerlik jo‘natmalari uchun bir kalendar chorak mobaynida — 1000 (bir ming) AQSh dollarigacha hamda xalqaro pochta jo‘natmalarida har bir jo‘natma uchun 100 (yuz) AQSh dollarigacha bojxona to‘lovlariga tortilmaydigan chegaralangan normalar belgilangan.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 19 iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasi bojxona hududiga jismoniy shaxslar nomiga xalqaro pochta va kuryerlik jo‘natmalari orqali kelayotgan tovarlar nazoratini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” PQ-3873-sonli qarorining 6-bandiga ko‘ra, yuridik shaxslar uchun bu me’yor ham xalqaro pochta, ham kuryerlik jo‘natmalari uchun 100 (yuz) AQSh dollariga teng bo‘lgan qiymatni tashkil etadi.

“Bosh pochtamt” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postida joriy yilning o‘tgan davri mobaynida 1 mln. 363 ming tonna xalqaro pochta va kuryerlik jo‘natmalarining bojxona nazorati amalga oshirilib, 94 mlrd so‘mdan ortiq bojxona to‘lovlari davlat byudjetiga o‘tkazilgan.

Bojxona postida bir kunda o‘rtacha 15-18 tonna xalqaro pochta va kuryerlik jo‘natmalari bojxona nazoratidan o‘tkaziladi. Bu bir kunda 7000-7500 dona xalqaro pochta va kuryerlik jo‘natmalari degani.            

Bojxona postida huquqbuzarliklarga qarshi kurash borasida ham tizimli kurash olib borilmoqda.

O‘zbekistonga “pochta  jo‘natmasi” niqobi ostida qancha giyohvandlik vositalari olib kirilgan?

Xususan, post xodimlari tomonidan boshqarmaning tezkor tarkibiy tuzilmalar bilan hamkorlikda 2021 yil 3 oyi davomida 39 ta huquqbuzarliklar fosh etilib,  qiymati 39 mln. so‘mlik tovar-moddiy boyliklar, xususan, 249 dona psixotrop moddalar hamda 4,7 kg. sintetik giyohvandlik vositalarining “pochta  jo‘natmasi” niqobi ostida mamlakatimizga noqonuniy kirib kelishining oldi olingan.

Jumladan, joriy yilning 9 yanvar kuni Niderlandiya davlatidan fuqaro D.N. nomiga kelgan pochta jo‘natmasi belgilangan tartibda ko‘zdan kechirilganida, jo‘natmada “ABD-BUTINACA” nomli 498,82 gramm sintetik turdagi giyohvandlik vositasi borligi aniqlangan.

Shuningdek, 23 mart kuni esa fuqaro M.M nomiga xorijdan pochta jo‘natmasi tarzida kelgan “o‘yin qurilmasi” tekshirilganda, jo‘natmadagi “o‘yin qurilmasi” ichida og‘irligi 47,32 gramm bo‘lgan alfa-pirrolinovalerofenon(a-PVP) giyohvandlik vositasi borligi aniqlangan.

Media tur davomida jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga atroflicha javoblar olishdi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!