O‘zbekistonda ilk bor velosport bo‘yicha Osiyo chempionati o‘tkaziladi

O‘zbekistonda ilk bor velosport bo‘yicha Osiyo chempionati o‘tkaziladi

Mamlakatimizda 2019 yilning 22-28 aprel kunlari velosportning shosse yo‘nalishi bo‘yicha Osiyo chempionati o‘tkaziladi.

Mazkur Osiyo chempionatiga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar bilan tanishish hamda Osiyo velosport konfederasiyasining navbatdagi ijroiya qo‘mita yig‘ilishini o‘tkazish maqsadida poytaxtimizga Osiyo velosport konfederasiyasi prezidenti Osama Ahmed Abdulla al Shafar boshchiligidagi delegasiya tashrif buyurdi.

Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida martabali mehmonlarni O‘zbekiston velosiped sporti federasiyasi bosh kotibi Kozimxo‘ja O‘rinboyxo‘jayev kutib oldi.

Osiyo velosport konfederasiyasining navbatdagi ijroiya qo‘mita yig‘ilishida mamlakatimizda o‘tkaziladigan mazkur Osiyo chempionatida 2020 yil Tokio shahrida (Yaponiya) bo‘lib o‘tadigan XXXII yozgi Olimpiya va XVI Paralimpiya o‘yinlariga lisenziyalar berilishi alohida ta’kidlandi. Chempionatda qit’amizning 40 ga yaqin davlatidan qariyb 600 nafar velosportchi ishtirok etishi sabab, ularga qulay shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha takliflar o‘rganib chiqildi.

Ijroiya qo‘mita ishtirokchilariga Osiyo chempionati o‘tkaziladigan Toshkent viloyatidagi avtomagistral yo‘llar holati, mehmonxonalardagi sharoitlar haqidagi ma’lumotlar taqdim etildi.

Osiyo chempionatini ommaviy axborot vositalarida yoritish uchun xorijiy jurnalistlarning yurtimizga tashrif buyurishi hamda mazkur chempionat dunyoning mashhur Yevrosport (Eurosport) kanalida to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘rsatilishi haqida ma’lumotlar aytildi.

Yig‘ilishda Osiyo velosport konfederasiyasi bilan “UzReport TV” telekanali o‘rtasida velosportning shosse yo‘nalishi bo‘yicha Osiyo chempionatini yoritish huquqini beruvchi ikki tomonlama kelishuv imzolandi.

Osiyo velosport konfederasiyasining mutasaddi rahbarlari ijroiya qo‘mitasi yig‘ilishidan so‘ng poytaxtimizdagi “Milliy” stadionga tashrif buyurdilar. Ularga ushbu o‘yingoh faoliyati va muzeyi haqida ma’lumot taqdim etildi.

Osiyo velosport konfederasiyasi prezidenti Osama Ahmed Abdulla al Shafar muzeyning faxriy mehmonlar kitobiga o‘z tilaklarini yozib qoldirdi.

Manba: darakchi.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!