O‘zbekiston Xalq o‘qituvchisi To‘xtamurod Jumayev vafot etdi

O‘zbekiston Xalq o‘qituvchisi To‘xtamurod Jumayev vafot etdi

O‘zbekiston Xalq o‘qituvchisi To‘xtamurod Jumayev vafot etdi. Bu haqda «Gazeta.uz»ga Xalq ta’limi vazirligi matbuot kotibi Laylo Rustamova ma’lum qildi.

To‘xtamurod Jumayev 1945 yilda Buxoro viloyati Olot tumanida tug‘ilgan. 1967 yilda Buxoro pedagogika institutini tugatgan.

U 1963 yildan Olot tumanidagi 3-maktab, so‘ng Qorako‘l tumanidagi 8-maktabda matematika fani o‘qituvchisi, maktab direktori o‘rinbosari, 1990−2015 yillarda Qorako‘l tumanidagi 1-ixtisoslashtirilgan iqtidorli bolalar maktab-internati direktori vazifasida ishlagan.

Aytilishicha, To‘xtamurod Jumayev tashkil qilgan Qorako‘l maktabi o‘quvchilarining 90 foizi oliy o‘quv yurtlariga qabul qilingan.

1995 yilda O‘zbekiston Respublikasi xalq o‘qituvchisi bo‘lgan. Shuningdek, u «Buyuk xizmatlari uchun» va «Mehnat shuhrati» ordenlari sohibi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2020 yil sentyabr oyida O‘qituvchi va murabbiylar kuniga bag‘ishlangan marosimdagi nutqida To‘xtamurod Jumayevning xizmatlarini e’tirof etgandi.

«To‘xtamurod domla ham, jadid bobolarimiz kabi, tinimsiz va fidokorona mehnat qilib, hozirgi davrning yangi usul maktabini yaratishga erishdi. Mana, bugungi kunimizning haqiqiy ma’rifatparvari, davrimizning Avloniysi, Behbudiy domlasi, Munavvarqorisi! Mohir pedagog To‘xtamurod Jumayev ta’lim-tarbiya sohasida erishgan ulkan yutuqlari va ibratli faoliyati uchun Prezident Farmoniga asosan davlatimizning yuksak mukofoti — „Buyuk xizmatlari uchun“ ordeni bilan taqdirlandilar», — degan edi davlat rahbari.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!