O‘zbekiston va Eron o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini yiliga 1 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar dasturini imzolashga kelishib oldi

O‘zbekiston va Eron o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini yiliga 1 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar dasturini imzolashga kelishib oldi

Kecha Toshkent shahrida O‘zbekiston va Eron o‘rtasidagi Savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyaning (HK) 15-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.

Investisiyalar, sanoat va savdo vazirligi (ISSV) ma’lumotiga ko‘ra, tadbirga O‘zbekiston tomonidan investisiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov, Eron tomonidan esa Eron sanoat, konlar va savdo vaziri vazifasini bajaruvchi Said Mahdiy Niyoziy hamraislik qildi. Unda ikki davlatning tegishli vazirlik va idoralari rahbarlari ham ishtirok etdi.

Yig‘ilish kun tartibi doirasida investisiya, savdo-iqtisodiy, transport-logistika va sanoat kooperasiyasi sohalarida o‘zaro manfaatli hamkorlikning bugungi holati va uni rivojlantirish istiqbollari har tomonlama ko‘rib chiqildi.

Savdo-iqtisodiy hamkorlikning ijobiy dinamikasi qayd etildi: so‘nggi uch yilda ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi qariyb ikki barobar oshdi. Bu yo‘nalishda munosabatlarni rivojlantirish muhimligini ta’kidlab, tomonlar kimyo sanoati mahsulotlari, asbob-uskunalar, qurilish materiallari, ipak, to‘qimachilik, elektrotexnika, oziq-ovqat mahsulotlari va boshqa tovarlar o‘zaro yetkazib berish hajmini ko‘paytirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Savdo ko‘rsatkichlarining barqaror o‘sishini ta’minlash maqsadida tomonlar o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini yiliga 1 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar dasturini imzolash, Imtiyozli savdo bitimini qabul qilishni jadallashtirish, ikkala davlatning hududlarida «Made in Iran» va «Made in Uzbekistan» ko‘rgazmalarini o‘tkazishga kelishib oldilar. Bundan tashqari, ikki tomonlama savdodagi to‘siqlarni aniqlash va bartaraf etish bo‘yicha ishchi guruh tuziladi.

Investisiyalar sohasida hamkorlik va sanoat kooperasiyasini rivojlantirish bo‘yicha navbatdagi tadbirlar muhokama qilindi. Oxirgi besh yil ichida O‘zbekistonda Eron kapitali ishtirokidagi korxonalar soni uch barobarga ko‘payib, 420 taga etdi. Tomonlar o‘zaro manfaatli sohalarda yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun ikki mamlakatning yirik kompaniyalarini jalb etishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Shu bilan birga, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat xavfsizligi yo‘nalishida hamkorlikni chuqurlashtirish, madaniy-gumanitar sohada o‘zaro munosabatlarni rivojlantirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar kelishib olindi.

Yig‘ilish yakunlari bo‘yicha muzokaralar davomida erishilgan barcha ikki tomonlama kelishuvlarni aks ettirgan hamda O‘zbek-Eron hamkorligini har tomonlama chuqurlashtirishga qaratilgan Yakuniy bayonnoma imzolandi.

Kun tartibi doirasida, shuningdek, savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy aloqalarni faollashtirish, O‘zbekistonda ish olib borayotgan eronlik investorlarni qo‘llab-quvvatlash, ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlikni kengaytirish maqsadida davra suhbati ham tashkil etildi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!