O‘zbekiston Superligasi 8-turida hakamlarimiz qanday qo‘pol xatolarga yo‘l qo‘ydi?

O‘zbekiston Superligasi 8-turida hakamlarimiz qanday qo‘pol xatolarga yo‘l qo‘ydi?

Joriy yilning 21 may sanasida Superliga 2024 yilgi mavsumning 8-turi yakuniga yetdi. O‘zbekiston futbol hakamlari markazi tur yakunlariga ko‘ra, Ekspert-hakamlar komissiyasining navbatdagi yig‘ilishini o‘tkazdi va tur doirasida kuzatilgan bahsli vaziyatlar tahlil qilindi. 8-tur doirasida o‘tkazilgan o‘yinlarda jami o‘n bitta bahsli vaziyat yuzaga keldi.

Quyida ularning batafsil izohi va chiqarilgan yakuniy qarorlar bilan tanishishingiz mumkin:

1-vaziyat: "Andijon" – "Metallurg" uchrashuvi: bahsli qizil kartochka.

"Andijon" – "Metallurg" bahsining 18-daqiqasida maydon egalarining 66-raqamli futbolchisi ehtiyosizligi sabab mehmonlar vakili oyog‘ining himoyalanmagan qismiga shikast yetkazdi. Bosh hakam Sultonmurod Abdurahmonov bu holatda andijonliklar himoyachisiga sariq kartochka ko‘rsatdi.
Ekspert-hakamlar komissiyasi qarori: Ushbu vaziyatda futbolchi raqibiga o‘ta keskin tarzda butsasining tag qismi bilan zarba bergan va unga jiddiy jarohat yetkazishi mumkin edi. Ekspert-hakamlar komissiyasi hakamning qarorini noto‘g‘ri, deb hisoblaydi.

https://youtu.be/CJdiwrgudts?list=PL4tHyf5I--ngQrOBXUUs77Med15avy1iY

2-vaziyat: "Qizilqum" – "Olimpik" o‘yini: bahsli penalti.

"Qizilqum" – "Olimpik" bellashuvining 80-daqiqasida mezbonlar raqib jarima maydonida xavfli vaziyat yuzaga keltirdi. Bu vaziyatda navoiyliklarning 8-raqamli futbolchisi to‘p uchun kurashda maydonga yiqildi. Bosh hakam To‘rabek Suyunov VAR orqali holatni o‘rganganidan so‘ng penaltiga ishora qildi.
Ekspert-hakamlar komissiyasi qarori: Ushbu epizodda himoyachi to‘p uchun kurashga kirgan va penalti uchun yetarli asos mavjud emas edi. Ekspert-hakamlar komissiyasi yakdil fikr asosida hakamning qarori noto‘g‘ri bo‘lganini ma’lum qiladi.

https://youtu.be/tJj6Dy1X6HU?list=PL4tHyf5I--ngQrOBXUUs77Med15avy1iY

3-vaziyat: OKMK – "So‘g‘diyona" o‘yini: mehmonlarning goli.

OKMK – "So‘g‘diyona" bahsining 26-daqiqasida mehmonlarning 14-raqamli futbolchisi raqib darvozasini ishg‘ol qildi. Ammo bu vaziyatda jizzaxliklarning ofsaydda turgan 9-raqamli vakili darvozabonga halaqit qilgan. Bosh hakam G‘ayrat Jo‘rayev VARga murojaat qildi hamda hujumchining o‘yindan tashqari holatda ekani sabab golni bekor qildi.
Ekspert-hakamlar komissiyasi qarori: Bu vaziyatda hujum qilayotgan futbolchi to‘p uchun kurashga kirgan paytda ofsaydda edi. Hakamning qarori yakdil fikr asosida to‘g‘ri, deb topildi.

https://youtu.be/CJGH4eIdIZk?list=PL4tHyf5I--ngQrOBXUUs77Med15avy1iY

4-vaziyat: OKMK – "So‘g‘diyona" bellashuvi: bahsli penalti.

OKMK – "So‘g‘diyona" uchrashuvining 67-daqiqasida mehmonlarning 11-raqamli futbolchisi raqib jarima maydonida to‘p uchun kurashga kirdi. Ammo bu holatda olmaliqliklar a’zosi unga faol qarshilik ko‘rsatdi. Bosh hakam G‘ayrat Jo‘rayev VAR orqali epizodni o‘rganib chiqqach, 11 metrlik jarima zarbasiga ishora qildi.

Ekspert-hakamlar komissiyasi qarori: Bu vaziyatda OKMK himoyachisi raqibining to‘pga egalik qilishida halaqit qilgan hamda uning maydonga yiqilishida aybdor bo‘lgan. Referida nuqta ko‘rsatish uchun asosli sabab bor. Hakamning qarori bir ovozdan to‘g‘ri, deb hisoblandi.

https://youtu.be/etsngQWWKZY?list=PL4tHyf5I--ngQrOBXUUs77Med15avy1iY

5-vaziyat: Yana o‘sha uchrashuv: bahsli penalti.

OKMK – "So‘g‘diyona" o‘yinining 90+7-daqiqasida mehmonlarning 99-raqamli futbolchisi faol tarzda hujumga o‘tdi va uni himoyachi to‘xtatib qoldi. Bosh hakam G‘ayrat Jo‘rayev esa yana bir bor nuqtaga ishora qildi.

Ekspert-hakamlar komissiyasi qarori: Bu vaziyatda hujumchi va himoyachi o‘rtasidagi kontakt kadrlar orqali yaqqol ko‘rinmagan. Shu sababdan, Ekspert-hakamlar komissiyasi hakamning qarorini qo‘llab-quvvatlaydi.

https://youtu.be/-5fJjeWfZK0?list=PL4tHyf5I--ngQrOBXUUs77Med15avy1iY

6-vaziyat: "Navbahor" – "Neftchi" bahsi: bahsli penalti.

"Navbahor" – "Neftchi" o‘yinining 90+1-daqiqasida mehmonlarning 9-raqamli futbolchisi raqib jarima maydonida keskin qarshilikka uchradi. U to‘p uchun kurashayotgan bir vaqtda namanganliklar himoyachisi tomonidan zararsizlantirildi. Bosh hakam Aziz Asimov bu holatda penalti belgilanmasligini qayd etdi.

Ekspert-hakamlar komissiyasi qarori: Bu vaziyatda mezbonlar vakili to‘pga raqibidan birinchi yetib borgan va to‘p uchun harakat qilgan. Shu tariqa, hakamning qarori to‘g‘ri, deb topildi.

https://youtu.be/H8iRTU7oBAk?list=PL4tHyf5I--ngQrOBXUUs77Med15avy1iY

7-vaziyat: Yana o‘sha uchrashuv: bahsli penalti.

"Dinamo" - "Paxtakor" bahsining 12-daqiqasida mezbonlar a’zosi o‘z jarima maydonida to‘pni qo‘li bilan o‘ynadi. Bosh hakam Akmal Rahimov VARda holatni ko‘rgach, toshkentliklar foydasiga 11 metrlik jarima zarbasi belgiladi.
Ekspert-hakamlar komissiyasi qarori: Bu holatda to‘p qo‘lga tekkandan so‘ng yo‘nalishini o‘zgartirgan. Qolaversa, himoyachi ham jarima maydonida ehtiyosizlik qilgan. Ekspert-hakamlar komissiyasi tomonidan qaror to‘g‘ri, deb hisoblandi.

https://youtu.be/74ALl80wwo0?list=PL4tHyf5I--ngQrOBXUUs77Med15avy1iY

8-vaziyat: "Dinamo" - "Paxtakor" o‘yini: bahsli penalti.

"Dinamo" - "Paxtakor" uchrashuvining 17-daqiqasida endi mehmonlarning 22-raqamli futbolchisi o‘z jarima maydonida to‘pga qo‘li bilan tegdi. Bosh hakam Akmal Rahimov esa vaziyat penaltiga tortmasligini ma’lum qildi.
Ekspert-hakamlar komissiyasi qarori: Bu vaziyatda to‘p tasodifiy tarzda himoyalangan futbolchining qo‘liga tekkan va bu yerda penalti uchun asos yetarli emas. Ekspert-hakamlar komissiyasi tomonidan qaror to‘g‘ri, deb hisoblandi.

https://youtu.be/nyoqU0OtGbA?list=PL4tHyf5I--ngQrOBXUUs77Med15avy1iY

9-vaziyat: "Surxon" - "Nasaf" bellashuvi: bahsli penalti.

"Surxon" - "Nasaf" bahsining 90+1-daqiqasida nominal mezbonlarning 17-raqamli futbolchisi qarshiliklar jarima maydonida raqibi bilan to‘p uchun kurashda yiqildi. Bosh hakam Ilgiz Tantashev esa VARdagi uzoq tekshiruvdan keyin vaziyat penaltiga tortmasligini qayd etdi.

Ekspert-hakamlar komissiyasi qarori: Bu holatda hujumchi qulay vaziyatga chiqib borayotgan bir vaqtda himoyachi tomonidan to‘xtatib qolindi. Shuningdek, mehmonlar vakili birinchi to‘pga emas, raqibning oyog‘iga zarba berganini ko‘rish mumkin. Bu yerda penalti uchun asos yetarli edi va Ekspert-hakamlar komissiyasi hakamning qarorini noto‘g‘ri, deb topdi.

https://youtu.be/F_XLswW8WQY

10-vaziyat: Yana o‘sha uchrashuv: bahsli penalti.

"Bunyodkor" - "Lokomotiv" o‘yinining 55-daqiqasida mezbonlar vakili raqib jarima maydonida to‘p uchun harakat qilayotgan paytda qarshilikka uchradi va maydonga yiqildi. Bosh hakam Shavkat Nasibullayev nuqtaga ishora qildi.

Ekspert-hakamlar komissiyasi qarori: Mazkur vaziyatda hujum qilayotgan futbolchi to‘p uchun kurashga kirgan paytda himoyachi tomonidan to‘xtatib qolindi. Agar u raqibi tomonidan ushlab qolinmaganda, gol urish uchun yaxshi imkoniyatga ega bo‘lishi mumkin edi. Hakamning qarori yakdil fikr asosida to‘g‘ri, deb topildi.

https://youtu.be/rCz5kfCZB5U?list=PL4tHyf5I--ngQrOBXUUs77Med15avy1iY

11-vaziyat: "Bunyodkor" - "Lokomotiv" bellashuvi: bahsli penalti.

"Bunyodkor" - "Lokomotiv" bahsining 90+6-daqiqasida mezbonlarning 25-raqamli futbolchisi raqib jarima maydonida boshi bilan darvoza tomon zarba berdi. Shu vaziyatda uning boshiga raqib posboni mushti bilan zarba berdi. Bosh hakam Shavkat Nasibullayev mazkur holatda darvozabonga qizil kartochka ko‘rsatdi va penalti belgiladi.
Ekspert-hakamlar komissiyasi qarori: Ushbu vaziyatda darvozabon to‘pga ulgurmagan va raqibining boshiga zarba bergan Bu yerda penalti uchun asos yetarli va Ekspert-hakamlar komissiyasi hakamning qarorini to‘g‘ri, deb topdi.

https://youtu.be/YbdbJDbwlKw


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!