“O‘rtamiyonalar qiroli”

“O‘rtamiyonalar qiroli”

Istiqlol bizga ko‘p sohalar qatori futbolda ham mustaqillikni taqdim etdi.

1992-yildan buyon o‘tkazilib kelinayotgan  Milliy  chempionat  bahslarida  juda ko‘plab jamoalarning  nomlari porladi, qaysilaridir haliyam mavjud, ba’zilari esa allaqachon tarix sahifalarida qolib ketgan. Milliy chempionatimizning dastlabki mavsumida “Nurafshon ” nomi bilan bahslarni boshlagan komanda  o‘ziga xos mavqega ega edi. Buxoro viloyati sharafini himoya qilgan “Nurafshon” ilk turnirda yakuniy jadvalda to‘rtinchi bo‘ldi.  Keyingi to‘rt mavsum davomida ham jamoa kuchli beshlikdan tushmadi : 1993-yilgi bahslarda beshinchi pog‘onani band etgan bo‘lsa, 1994-yilgi chempionat  klub tarixida yorqin iz qoldiradigan bo‘ldi : sovrinli 2-o‘rin !

Ammo 1995-yilning chempionati aksincha, jamoa uchun “qora dog‘” bo‘lib qoldi. Garchand,  beshinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa-da, “Yangiyer” bilan bahsdan so‘ng  jamoaga 11 ta ketma-ket o‘yinda texnik mag‘lubiyat  yozilishi , klubning  yuqori o‘rinlarga da’vogarlik  qilish imkoniyatini yo‘qqa chiqardi. Mazkur holatga qaramay, keyingi mavsumda ham buxoroliklar  yana beshinchi o‘ringa loyiq topildilar. Aynan mana shu mavsum “Nurafshon”ning  yetakchilar qatoridagi  oxirgi mavsumi bo‘ldi.

1997-yilgi mavsumdan boshlab jamoa nomi “Buxoro”ga o‘zgartirildi. Ammo stadionlarda hanuz “Nurafshon”, “Nurafshon” degan muxlislar hayqirig‘I yangrardi, zero, yangi nomga qisqa fursatda ko‘nikish oson emasdi. Ushbu nom jamoaga og‘irlik qildi shekilli, shu bilan yaqin orada “beshlik”ka qaytish armonga aylandi. Shu tariqa “Buxoro” nomi bilan yangi davr boshlandi. O‘tgan asrning oxirgi to‘rt yilida dastlab jamoa yettinchi, keyin esa qatorasiga uch mavsum oltinchi o‘rinni egalladi.

Yangi asrning dastlabki yillarida mo‘jiza ro‘y bermadi, 2001-yilda 8-o‘rin, 2002-yilda 7-o‘rinni band etgan klub tom ma’noda haqiqiy o‘rtamiyona jamoaga aylanib bo‘lgandi. Ammo 2003 –yilgi mavsum yanada omadsizroq chiqdi, jamoa 12 –o‘rinni egalladi ! Afsuski, ushbu natija Buxoro futboli tarixidagi dastlabki eng yomon natijaga aylandi, zero, bundan-da tubanroq natijalar hali oldinda edi ! 2004-2007-yilgi chempionat bahslarida jamoa beqaror o‘yin ko‘rsata boshladi, 2004-yilda 7-, 2005-yilda 12-, 2006-2007 yillarda esa ketma-ket 9-o‘rinlarni egalladi. Muxlislarning ham yurak yurishi jamoaning natijalari kabi goh ko‘tarilib, goh tushib borardi. Ammo muxlislar va jamoa uchun kelgusidagi uch yil haqiqiy “qora mavsum”larga aylandi. 2008-,2009-yillardagi musobaqalarda bir xil : 15-o‘rin qayd etilganidan saboq chiqarilmadi, natijada jamoa keyingi – 2010-yilgi mavsumni quyi ligada o‘tkazishi ma’lum bo‘ldi. Bu Buxoro futboli uchun fojea edi, viloyat jamoasi halokatga uchradi… .

Birinchi ligada raqobat deyarli yo‘qligi, jamoalarning moliyaviy ahvoli achinarli ahvolda ekanligi “Buxoro”ga qo‘l keldi, jamoa navbatdagi mavsumning o‘zidayoq, kuchlilar safiga qaytdi. Lekin o‘rtamiyonalik jamoaning qoniga singib ketgandi : 2011-yilda 9-, 2012-2013-yillarda ketma-ket 7-o‘rinni olgan klub hali-beri tepaga qarab siljimasligi kundek ayon edi, navbatdagi ikki mavsumda jamoa elitada qolish uchun kurash olib bordi: 2014-yilda 12-, 2015-yilda esa 14-o‘rin !

Yana ishlar orqaga ketayotgandek tuyulgan bir pallada nihoyat, navbatdagi mavsumda “Buxoro”  1992-yilda qayd etgan natijasini takrorladi: 4-o‘rin ! 23 yil deganda jamoa beshlikka qaytdi . Navbatdagi ikki mavsumda esa jamoa ketma-ket oltinchi o‘rin bilan kifoyalandi. Ammo o‘tgan mavsumdagi natijalar ham qoniqarsiz chiqdi : jamoa bir amallab, oxirgi turdagina elitada qolishni uddaladi.

“Buxoro” futbol klubining ayni paytgacha bo‘lgan statistikasi zo‘rg‘a “4” bahoga o‘qiydigan o‘quvchining natijalariga o‘xshaydi.  “A’lochi”lar safiga qo‘shilish uchun yana qancha kutish kerak? Imtihonlar boshlansin-chi, ko‘ramiz.   

Manba: stadion. uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!