Urbanizasiya jarayonlarini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida

Urbanizasiya jarayonlarini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni

Olib borilayotgan tarkibiy islohotlar doirasida yirik strategik investisiya loyihalarini amalga oshirish bilan bir qatorda, shaharlar aholisi farovonligining o‘sishi va barqaror rivojlanishiga yetaklovchi omil sifatida urbanizasiya jarayoni tegishli darajada hisobga olinmagan. Natijada so‘nggi yillarda urbanizasiya darajasining pasayish tendensiyasi kuzatilmoqda, shahar aholi punktlari soni esa atigi 1065 dan 1071 gacha ko‘paygan.

Yirik qishloq aholi punktlarini shahar posyolkalariga aylantirish bo‘yicha ko‘rilgan chora-tadbirlarga qaramasdan, bugungi urbanizasiya darajasi shaharlarni kompleks rivojlantirish bo‘yicha zamonaviy talablarga javob bermaydi va jahon tendensiyalaridan sezilarli darajada qolib ketmoqda. Bunda urbanizasiya darajasi hanuzgacha barqaror xususiyatga ega emas.

Urbanizasiya jarayonlarining davlat tomonidan samarali tartibga solinishini ta’minlash hamda yer uchastkalarining aylanmasi va ulardan foydalanishda zamonaviy bozor mexanizmlarini joriy etish maqsadida:

1. Quyidagilar mamlakatda urbanizasiya jarayonlarini tubdan takomillashtirishning asosiy yo‘nalishlari etib belgilansin:

mutlaqo yangi uy-joy siyosatini amalga oshirish asosida urbanizasiya jarayonlarini faollashtirish, bunda muhandislik, transport va ijtimoiy infratuzilmalar bilan ta’minlangan, ipotekani kreditlash va tadbirkorlik sub’ektlarining moliyaviy resurslarini jalb qilish mexanizmlaridan foydalangan holda, shu jumladan, kam va o‘rta daromadli oilalar uchun arzonlashtirilgan turarjoylarni qurishga yo‘naltirilgan investisiyalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha maxsus chora-tadbirlarni nazarda tutish;

jismoniy va yuridik shaxslar uchun turarjoy va noturarjoy bino va inshootlar ostidagi er uchastkalariga egalik qilish huquqini amalga oshirishni kafolatlash, yer uchastkalarini fuqarolik muomalasiga kiritish uchun shart-sharoitlar yaratish;

migrasiya jarayonlarini ma’muriy tartibga solish tizimini takomillashtirish yo‘li bilan aholining qishloq joylardan shaharlarga erkin harakatlanishi uchun shart-sharoitlar yaratish;

yirik shaharlar aholisining farovonligini ta’minlash, iqtisodiy va sanoat resurslaridan foydalanishni kengaytirish hisobiga ushbu shaharlar aholisining to‘liq va samarali bandligini ta’minlashga ko‘maklashish, shuningdek, hududlardagi oliy ta’lim muassasalari va ilmiy-tadqiqot institutlari asosida texnoparklar tashkil qilish va ularning tizimini mustahkamlash;

avvalambor sanoat, xizmat va servis sohalarida aholining daromadlarini oshirish va barqaror ish joylarini yaratish omili sifatida aglomerasiyalarning afzalliklaridan foydalanishni nazarda tutgan holda, o‘rta shaharlarni, shu jumladan, tuman markazlarini boshqarishda ilg‘or xalqaro tajribani keng joriy etish;

yirik shaharlarga tutash bo‘lgan va qulay transport aloqasiga ega yo‘ldosh-shaharlar tarmog‘ini kengaytirish, yirik shaharlarning markaziy qismida sanoat va boshqa zonalar hududlarini qisqartirgan holda, ijtimoiy-ishbilarmonlik zonalar hududlarini kengaytirish.

2. 2019 yil 1 iyuldan boshlab shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq:

yuridik shaxslar O‘zbekiston Respublikasi rezidentlari ularga mulk huquqi asosida tegishli bo‘lgan yoki ular tomonidan xususiylashtirilayotgan bino va inshootlar, sanoat infratuzilmasi ob’ektlari joylashgan yer uchastkalarini, shuningdek, ularga tutash hududlardagi ishlab chiqarish faoliyatini amalga oshirish uchun zarur miqdordagi er uchastkalarini xususiylashtirish huquqiga ega;

jismoniy shaxslar O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari ularga yakka tartibda uy-joy qurish va turarjoyga xizmat ko‘rsatish uchun ajratilgan yer uchastkalarini xususiylashtirish huquqiga ega;

ko‘rsatilgan yer uchastkalarini xususiylashtirish jismoniy va yuridik shaxslarning arizalari asosida mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarori bilan amalga oshiriladi;

jismoniy va yuridik shaxslar O‘zbekiston Respublikasi rezidentlari tomonidan xususiylashtirilgan yer uchastkalari xususiy mulk (fuqarolik muomalasi ob’ektlari) hisoblanadi va daxlsizdir, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida gi Qonuniga muvofiq, davlat tomonidan muhofaza qilinadi;

er uchastkalarini xususiylashtirish faqatgina kadastr hujjatlari mavjud bo‘lgan holda hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan miqdorlarda pullik asosda amalga oshiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

ikki oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga O‘zbekiston Respublikasining Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risida gi qonuni loyihasini kiritsin;

2019 yil 1 iyunga qadar xususiylashtiriladigan yer uchastkalari uchun tabaqalashtirilgan to‘lovlar miqdorlari, shuningdek, ularni to‘lash tartibini belgilovchi hukumat qarorini qabul qilsin.

3. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda, shuningdek, mahalliy va xorijiy ekspertlarni jalb qilgan holda 2019 yil 1 iyulga qadar belgilangan tartibda, shu jumladan, kompleks uy-joylar qurilishi hisobidan yangi shaharlar va yo‘ldosh-shaharlar tashkil etishni nazarda tutadigan O‘zbekiston Respublikasida 2030 yilgacha urbanizasiyani rivojlantirish Konsepsiyasini (keyingi o‘rinlarda Konsepsiya) tasdiqlash to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori loyihasini kiritsin.

4. Quyidagilar:

a) O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzurida Urbanizasiya agentligi (keyingi o‘rinlarda Agentlik) tashkil etilsin va uning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:

urbanizasiyani tartibga solish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish;

sanoatlashtirish siyosatining sur’atlari, bosqichlari va natijalarini uzoq muddatli rejalashtirish, shahar va qishloqlardagi uzoq muddatli demografik tendensiyalarni tahlil qilish, jadal sanoatlashtirish sharoitida shaharlarning demografik sig‘imlari hamda ishchi kuchiga bo‘lgan ehtiyojlarini hisoblash;

o‘sish polyuslari ni aniqlash, boshqaruv markazlari joylarini tanlash, ta’lim, mehnat bozorini shakllantirish, ichki va tashqi migrasiya sohalaridagi siyosatni kelishish;

qishloq aholisini yangi sanoat ixtisosliklariga o‘qitish va qayta tayyorlashga qaratilgan qator institusional va tashkiliy chora-tadbirlarni belgilashni nazarda tutuvchi, ishchi kuchining qishloqlardan shaharlarga harakatlanishini rag‘batlantirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish;

ilg‘or, energiya tejovchi, ekologik toza texnologiyalar va materiallarni joriy etish asosida hamda ijtimoiy, muhandislik-kommunal va yo‘l-transport infratuzilmalarini qamrab olgan yo‘ldosh-shaharlar bunyod etilishini hisobga olgan holda shahar aglomerasiyalarini shakllantirishni boshqarish;

jahon amaliyotini hisobga olgan holda shahar aholisini joylashtirish tizimini kompleks rivojlantirishni tartibga solish, kichik, o‘rta, katta va yirik shaharlarning samarali nisbatini shakllantirish;

b) O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzuridagi Urbanizasiyani rivojlantirish jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda Jamg‘arma) tashkil etilsin va uning asosiy faoliyat yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilansin:

er uchastkalarini xususiylashtirishdan tushadigan barcha mablag‘larni jamlash;

Konsepsiya doirasida barpo etiladigan yangi shaharlar va yo‘ldosh-shaharlarning bosh rejalari loyihalarini ishlab chiqish bo‘yicha loyihalarni moliyalashtirish, shuningdek, ular uchun zarur bo‘lgan muhandislik, transport va ijtimoiy infratuzilma ob’ektlari qurilishini moliyalashtirish;

keyinchalik tushgan mablag‘larni jamlagan holda zarur infratuzilmalarga ega yer uchastkalarini auksion savdolari orqali sotish;

ipotekani kreditlashning yangi shakllarini ishlab chiqish va joriy etish, o‘rta va uzoq muddatli ipoteka obligasiyalarini chiqarish hamda ularni institusional investorlar orasida joylashtirish orqali ipoteka bozorini rivojlantirish, shuningdek, milliy ipoteka bozorini rivojlantirish maqsadida xalqaro moliya institutlari mablag‘larini jalb qilish.

5. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi Qurilish vazirligi, O‘zshaharsozlikLITI DUK, ToshkentboshplanLITI DUK va Qishloqqurilishloyiha MCHJ bilan birgalikda tabiiy-iqtisodiy salohiyatni aniqlash maqsadida yirik shaharlarga tutash aholi punktlarini inventarizasiyadan o‘tkazishni ta’minlasin, amalga oshirilgan ishlar natijalariga ko‘ra, 2019 yil 1 noyabrga qadar tizimli urbanizasiya jarayoni amalga oshirilishini, yangi sanoat korxonalarining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasi ob’ektlari bilan kompleks joylashtirishni hisobga olgan holda o‘rta muddatli davrda yo‘ldosh-shaharlarga aylantiriladigan aholi punktlari ro‘yxatini shakllantirsin.

6. O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi va Agentlik tomonidan rejalashtirilgan aholini ro‘yxatdan o‘tkazish ishlarining natijasi hamda xalqaro talablar bo‘yicha urbanizasiya darajasini hisoblash metodologiyasidan kelib chiqqan holda, shahar aholisining hisobini yuritish va statistik hisobotlarni takomillashtirishni ta’minlasin.

7. O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi Agentlik, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari hamda manfaatdor idoralar bilan birgalikda 2019 yil 1 iyunga qadar 2020 2025 yillarda kompleks uy-joy qurish davlat dasturlarining asosiy prognoz parametrlarini tasdiqlash to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori loyihasini belgilangan tartibda kiritsin, unda quyidagilar nazarda tutilsin:

bo‘sh turgan yer uchastkalari, yashash uchun yaroqsiz bo‘lgan turarjoylar hududlarini, shuningdek, foydalanilmayotgan yoki samarasiz foydalanilayotgan bino va inshootlarni, keyinchalik ularni infratuzilmaviy rivojlantirish va sotish uchun Jamg‘armaga berishni nazarda tutgan holda, xatlovdan o‘tkazish;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumatining ilgari qabul qilingan qarorlariga muvofiq amalga oshirilayotgan uy-joylar qurish bo‘yicha amaldagi davlat dasturlarini bosqichma-bosqich maqbullashtirish, bo‘shaydigan mablag‘larni kompleks uy-joy qurish davlat dasturlari doirasida tegishli uy-joylarni qurishga yo‘naltirish;

kompleks uy-joy qurish davlat dasturlarini ularga mos ravishda moliyalashtirish manbalari, qurilish materiallari resurslari hamda pudratchi qurilish tashkilotlari quvvatlari bilan ta’minlash;

qurilayotgan bino va inshootlarning muayyan qismini faqat muqobil energiya manbalari bilan jihozlash va ta’minlash bo‘yicha majburiy talabni belgilash.

Belgilansinki, Jamg‘armaga berilgan bo‘sh turgan yer uchastkalari, yashash uchun yaroqsiz bo‘lgan turarjoy binolari hududlari, shuningdek, foydalanilmayotgan yoki samarasiz foydalanilayotgan bino va inshootlar xususiylashtirilgan hisoblanadi va keyinchalik belgilangan tartibda quruvchilarga sotilishi mumkin.

8. Belgilab qo‘yilsinki, Agentlik:

O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi bilan birgalikda Konsepsiyani amalga oshirish uchun qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini tegishli hududlar va aholi punktlarining bosh rejalariga muvofiq aniqlaydi;

manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda Konsepsiya doirasida belgilangan yer uchastkalarida zarur muhandislik, transport va ijtimoiy infratuzilmani joylashtirish yuzasidan nazoratni ta’minlaydi.

9. O‘zbekiston Respublikasida urbanizasiyani tartibga solishni ta’minlash bo‘yicha Yo‘l xaritasi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Vazirlar Mahkamasi har chorakda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administrasiyasining Islohotlarni huquqiy ta’minlash va huquqni muhofaza qilish faoliyatini muvofiqlashtirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi bo‘linmalariga mazkur Yo‘l xaritasi ning ijro holati to‘g‘risidagi axborotni kiritib borsin.

10. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tijorat banklari bilan birgalikda 2019 yil 1 aprelga qadar tadbirkorlik, iste’mol, ipoteka va boshqa kreditlar yuzasidan bankka murojaat qilish joyi bo‘yicha ro‘yxatda turish majburiyligi haqidagi talabni bekor qiladigan kreditlashning yangi tartibini ishlab chiqsin va joriy etsin.

11. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda shartnoma asosida mustaqil konsultantlar va ekspertlarni, texnik ko‘mak mablag‘lari va grantlarni jalb qilgan holda, urbanizasiya sohasida eng muhim xalqaro reytinglar va indikatorlarning ko‘rsatkichlari, ularni shakllantirish metodologiyalari chuqur o‘rganilishini ta’minlasin, shuningdek, ko‘rsatilgan reytinglarda O‘zbekiston Respublikasining o‘rnini yaxshilash bo‘yicha takliflar kiritsin.

12. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Adliya vazirligi ikki oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga:

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzuridagi Urbanizasiyani rivojlantirish jamg‘armasi faoliyatini, uning mablag‘larini shakllantirish manbalari va ulardan foydalanish tartibini nazarda tutgan holda tashkil etish to‘g‘risidagi hukumat qarori loyihasini;

qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risidagi takliflarni kiritsin.

13. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi va ommaviy axborot vositalariga mazkur Farmonning mazmun-mohiyati hamda unda belgilangan chora-tadbirlarning amalga oshirilishini keng yoritish tavsiya etilsin.

14. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. N. Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administrasiyasi rahbari Z. SH. Nizomiddinov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi o‘rinbosari B. M. Mavlonov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti SH. Mirziyoyev

Toshkent shahri, 2019 yil 10 yanvar

Manba: xs.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!