Turkmanistonda qurg‘oqchilik. U 2018 yilga nisbatan kuchliroq bo‘lishi mumkin

Turkmanistonda qurg‘oqchilik. U 2018 yilga nisbatan kuchliroq bo‘lishi mumkin

Turkmanistonda 2021 yilda kuzatiladigan qattiq qurg‘oqchilik 2018 yildagiga nisbatan kuchliroq bo‘lishi mumkin, deb ogohlantirdi «Meteojurnal». O‘shanda issiq ob-havo va suv tanqisligi sholi ekinlarining nobud bo‘lishiga va bug‘doy hosilining sifatsizlashib qolishiga sabab bo‘lgan edi, deb yozmoqda «Xronika Turkmenistana».

2021 yilning aprel oyida mamlakatning deyarli barcha hududida yog‘ingarchilik miqdori me’yoridan ancha kam, oylik harorat esa me’yoridan 3—4 darajaga yuqori bo‘ldi.

May oyining boshida, aprel qurg‘oqchiligidan keyin Turkmanistonning ayrim hududlarida momaqaldiroq chaqib, yomg‘ir yog‘di. Lekin umuman olganda, yog‘ingarchilik ko‘p bo‘lmadi (0,1—7 millimetr). Bu hafta esa quruq va issiq ob-havo bo‘lishi kutilmoqda. Havo harorati 29—34 daraja orasida o‘zgarib turadi.

Qish va bahorda yog‘ingarchilik miqdori kam bo‘lgani sababli Pomir tog‘larida qor yetarli darajada to‘planmadi. Buning natijasida bahor faslida Amudaryodagi suv miqdori 2020 yilga nisbatan 60 foizga kamroq bo‘ldi.

«Bu mutlaqo nonormal hodisa, chunki yilning bu davrida daryo bo‘yida, me’yorga ko‘ra, tog‘lardagi qorning erishi tufayli suv oqimi ko‘payishi kerak», — deb yozmoqda nashr.

Suv tanqisligi sababli 11 yil ichida birinchi marta daryo suvlari Katta Orolning sharqiy qismiga quyilmaydi.

Shuningdek, suv omborlarida sezilarli suv yetishmovchiligi mavjud. Masalan, Tuyamo‘yin suv omboridagi 2,55 kub kilometr miqdoridagi suv «o‘lik hajm» bo‘lsa, iste’molga yaroqli suv hajmi 2,5 kub kilometrni tashkil qiladi.

Turkmanistonning eng katta suv omborlaridan biri bo‘lgan Xauzan ham sayozlashib qoldi. May oyi holatiga ko‘ra, ombor yuzasining maydoni, taxminan, 150—155 kvadrat kilometrni tashkil qilmoqda. Bu 2020 yilgi suv yuzasining 70 foizini tashkil qiladi.

Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov sug‘orish uchun ishlatiladigan suvning tanqisligidan xavotirda ekanini bildirdi va 7 may kuni bosh vazir o‘rinbosari, agrosanoat majmuasining nazoratchisi Esenmirat Orazgeldiyevga qisqa vaqt ichida daryolar va suv omborlarining yuqori oqimini tekshirish, ularni tozalash va qishloq xo‘jaligiga zamonaviy suv tejaydigan texnologiyalarni joriy etish vazifasini topshirdi.

Aprel oyida Lebop viloyatidagi qishloq xo‘jaligi yerlarining ijarachilari «Xronika Turkmenistana» nashrining muxbiriga sug‘orish uchun suvning yetishmasligi sababli fermerlar o‘rtasida yuzaga kelgan nizolar to‘g‘risida gapirib berdi.

«Odamlar o‘zlarining uchastkalariga ko‘proq suv olib borish uchun to‘siqlar qurishga harakat qilmoqda», — deb ta’kidladi dehqonlar.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!