Tug‘ilish to‘g‘risidagi guvohnomani “bir darcha” tamoyili asosida olish imkoni yaratiladi

Tug‘ilish to‘g‘risidagi guvohnomani “bir darcha” tamoyili asosida olish imkoni yaratiladi

Hozirda mazkur xizmat avtomatlashtirish jarayonida bo‘lib, poytaxtimizdagi Davlat xizmatlari markazlarida sinovdan o‘tkazilmoqda.


Xizmat ko‘rsatish jarayonini modernizasiya qilishda, birinchi navbatda byurokratik to‘siqlarning bartaraf etilishi va tezkorlikka alohida e’tibor qaratilmoqda.

Endilikda yangi tug‘ilgan chaqaloqning ota-onasi yoki uning vasiysi bola tug‘ilganlik fakti haqidagi ma’lumotni tug‘ruqxonadan olish uchun, keyin bevosita fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish bo‘limidan guvohnomani olish uchun, so‘ngra bankda to‘lovni amalga oshirish uchun navbatda turishi shart emas.

Ushbu xizmat turi Toshkent shahrida sinov tariqasida joriy etilib, amalga oshirilayotgan loyiha, Davlat xizmatlari markazlari va Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlar bazalarining integrasiyasini nazarda tutmoqda. Bola tug‘ilgandan so‘ng, tug‘ruqxona yozuvlari maxsus tizimga kiritilib, ulardan markazlar xodimlari onlayn rejimda foydalana olishlari mumkin bo‘ladi.

Tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomani olish uchun Davlat xizmatlari markazlariga murojaat qilish lozim bo‘ladi. Aholiga qulaylik yaratish maqsadida 2019 yilning 1 yanvaridan boshlab, plastik karta bo‘lgani holda “Click“, “PayMe“ va boshqa tizimlar orqali onlayn-to‘lovni amalga oshirish imkoni yaratilishi rejalashtirilmoqda. Bu tizimda korrupsiya holatlarini oldini olish va bartaraf etishga xizmat qiladi.

Kelgusi yildan mazkur xizmatni butun mamlakat bo‘ylab joriy etish rejalashtirilmoqda.

Bugungi kunda poytaxtimizdagi markazlar xodimlari guvohnomalarni yozma ravishda to‘ldirishdan asta sekinlik bilan voz kechmoqda.

Endi tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma kompyuter yordamida to‘ldirilib, fuqaro yozuvlarni to‘g‘riligini monitordan tekshirgandan keyin qog‘ozga chop etiladi.

Keyingi yildan boshlab fertil (ya’ni, bola tug‘ishi mumkin bo‘lgan) yoshdagi ayollarni hisobga olish va homiladorlikning erta bosqichidan chaqaloq tug‘ilguniga qadar nazoratni olib borishning avtomatlashtirilgan axborot tizimini ishlab chiqish hamda uni “FHDYo yagona elektron arxivi” axborot tizimi bilan integrasiya qilish rejalashtirilgan. Mazkur tizim tug‘ilgan bolalarni qayd etilmasdan qolish holatlarini oldini olish, shuningdek, bog‘chalarda kelgusida yaratish zarur bo‘lgan joylarni oldindan rejalashtirishga yordam beradi.
Manba: uza.uz

Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!