Triatlon bo‘yicha jahon kubogi Samarqandda o‘tadi

Triatlon bo‘yicha jahon kubogi Samarqandda o‘tadi

Joriy yilning 18-19 may kunlari Samarqand shahrida triatlon bo‘yicha jahon kubogi (“World Triathlon Cup Samarkand – 2024”, “World Triathlon Para Cup Samarkand – 2024”) bahslari bo‘lib o‘tadi. Shuningdek, musobaqa doirasida O‘zbekiston chempionati hamda Osiyo triatlon konfederasiyasining navbatdagi forumi, Markaziy Osiyo triatlon assosiasiyasining kongressi o‘tkaziladi.

Shu munosabat bilan musobaqalarni o‘tkazish bo‘yicha tuzilgan tezkor shtabning dastlabki yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari Rustam Qobilov, O‘zbekiston triatlon federasiyasi bosh kotibi Yelena Kun va boshqa mas’ullar musobaqaning tashkiliy ishlari bilan bog‘liq masalalarni muhokama qildi.

Asosiy e’tibor nufuzli musobaqani har tomonlama xavfsiz, ko‘tarinki ruhda o‘tkazish bo‘yicha amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalarga qaratildi. Bu galgi musobaqalar Eurosport, Jahon triatlon federasiyasi rasmiy kanallari va boshqa nufuzli xorijiy telekanallar orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga uzatilishi belgilangan. Shu bois, tayyorgarlik jarayonlariga har bir mutasaddi tashkilot alohida e’tibor bilan yondashishi lozimligi qayd etildi.

– “World Triathlon Cup Samarkand – 2024”, “World Triathlon Para Cup Samarkand – 2024” jahon kubogi bahslari dunyo e’tiboridagi musobaqalardan biri, – dedi O‘zbekiston triatlon federasiyasi ijrochi direktori Ruslan Kuliyev. – Chunki, mazkur musobaqalar sportchilar uchun Parij olimpiadasiga yo‘llanma olishda yana bir imkoniyat hisoblanadi. Shu bois, musobaqaga qiziqish juda yuqori. Unda 300 nafardan ortiq xalqaro toifadagi professional sportchi qatnashishi kutilmoqda. Jahon triatlon federasiyasining nufuzli musobaqasini yuqori saviyada o‘tkazish bo‘yicha tegishli tashkilotlar vakillari bilan o‘tgan yili o‘tkazilgan xalqaro musobaqalar davomida to‘plangan tajriba hamda kuzatilgan kamchiliklar asosida atroflicha fikrlashib, amalga oshiriladigan chora-tadbirlar, vazifalarni belgilab oldik.

Yig‘ilishda musobaqalar o‘tkaziladigan yo‘nalishlarda xavfsizlik choralarini ta’minlash, ushbu yo‘nalishlarni musobaqa talablariga mos tayyorlash, musobaqa davomida talab etiladigan transport, texnik vositalar ta’minoti va boshqa zarur chora-tadbirlar bo‘yicha mas’ul tashkilotlar vakillariga tegishli topshiriqlar berildi.

Joriy yilning 7-8 sentyabr kunlari triatlon bo‘yicha “Challenge Samarkand — 2024” xalqaro musobaqasi ham o‘tkaziladi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!