Trailblazer’ning O‘zbekistondagi kelajagi nima bo‘ladi?

Trailblazer’ning O‘zbekistondagi kelajagi nima bo‘ladi?

Avvalroq General Motors kompaniyasi Tailanddagi zavodini Xitoyning Great Wall Motor Co Ltd. kompaniyasiga sotayotgani haqida xabar berilgandi. Bitim joriy yilning oxiriga qadar yopiladi, deb yozadi Spot.

GM’ning ma’lum qilishicha, kompaniya investisiyalar kutilgan daromadni keltirmayotgani sabab o‘z strategiyasi doirasida Avstraliya, Yangi Zelandiya va Tailand bozoridan chiqib ketadi.

Ta’kidlash kerakki, Tailanddagi aynan ushbu zavod O‘zbekistonga Chevrolet Trailblazer avtomobilini etkazib beruvchi hisoblanadi — «O‘zavtosanoat» birinchi bosqichda AQSH, Xitoy va Tailanddan tayyor avtomobillarni olib kelishga qaror qilgandi.

Agar yarim yil ichida savdolar o‘sadigan, UzAuto Motors esa mazkur segmentda o‘z o‘rnini topadigan bo‘lsa, kompaniya ushbu modellarni respublika ichida ishlab chiqarishni moliyalashtiradi.

GM’ning hisob-kitoblariga ko‘ra, O‘zbekiston bozori Tailandda qo‘shimcha 1000 tagacha avtomobil ishlab chiqarish imkonini beradi. Zavodining sotilishi esa bularning barchasini bekor qiladi.

Tailanddagi zavod Trailblazer’larni nafaqat O‘zbekistonga, balki qo‘shni davlatlarga ham yetkazib bergan. Masalan, Filippin mamlakatda ommalashgan modelning taqchilligi yuzaga kelishidan xavotirda.

General Motors’ning ma’lum qilishicha, Filippin kompaniya uchun muhim bozorligicha qoladi va ular Chevrolet brendining pozisiyasini mustahkamlash ustida ish olib boradi, biroq bayonotda Trailblazer’ning taqdiri haqida hech narsa deyilmagan.

Trailblazer modeli Tailanddan tashqari Braziliyada ham ishlab chiqariladi, biroq Janubiy Amerikadan uni Osiyo davlatlariga olib kelish qimmatga tushadi.

Top Gear Philippines’ning yozishicha, General Motors Trailblazer o‘rniga Janubiy Koreyada sotuvga chiqqan boshqa qulay krossoverini taklif etishi mumkin. Ammo modellarning nomi o‘xshash bo‘lsa-da, ular butunlay boshqa model va narxlari ham turlicha.

Foto: Spot
Yuqorida — Janubiy Koreyada sotilayotgan Trailblazer, pastdagisi O‘zbekistonda sotilayotgan Trailblazer


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!