Toshkentda ayol nega karantinga rioya qilishdan bosh tortdi?

Toshkentda ayol nega karantinga rioya qilishdan bosh tortdi?

Yakshanba, 22 mart kuni, Toshkentda istiqomat qiluvchi Sabina R. (qahramonimizning ismi o‘zgartirilgan) karantinni buzganlik uchun ogohlantirish oldi. Ayol ko‘chaga bolasi bilan sayr qilishga chiqqan. Mahalla qo‘mitasi raisasining uyga kirish haqidagi talabiga rad javobini bergan va buni uyni tark etmaslik haqidagi rasmiy taqiq hamma fuqarolar uchun emasligi bilan izohlagan. Yarim soatdan keyin Sabina R.ga profilaktika inspektori va mahalla qo‘mitasi raisasining imzosi qo‘yilgan qog‘ozni olib kelishgan.
 
Ayol ogohlantirish olganidan so‘ng feysbukdagi «Potrebitel.uz» hamjamiyatida post joylashtirib, unda vaziyatni tavsiflagan va turli toifadagi shaxslar uchun epidemiyaga qarshi kurashish choralari bayon etilgan, ko‘rsatmalar berilgan rasmiy hujjat bor-yo‘qligi va o‘ziga bildirilgan talablar qay darajada qonuniy ekani bilan qiziqqan.
 
Bu borada sharhlovchilarning fikri ikkiga bo‘lindi. Ba’zi birovlar karantin talablariga so‘zsiz amal qilish zarurati haqida yozib, Italiyani misol sifatida keltiradi; boshqalar esa hozircha davlat darajasida taqiq yo‘qligi va shu bois odam agar zarur deb hisoblasi, o‘z javobgarligi ostida uydan chiqishi mumkinligini bildirishgan. Kimdir avvalgiday ishga borishi kerak, kimdir esa bolalar bilan toza havoda sayr qilishdan voz kecha olmaydi, chunki “immunitet pasayadi”. 
 
Anhor.uz muxbiri odamlarning fikrlari va savollarini o‘rganib, karantin bilan bog‘liq vaziyatga aniqlik kiritishga qaror qildi va o‘z oldiga ikkita masalani qo‘ydi: uyda qolish haqidagi chaqiriqlar o‘zi nimadan iborat – bu talabmi yoki tavsiya? Shuningdek vaqtinchalik izolyasiya va bolalar immuniteti o‘rtasida qanday bog‘liqlik bor? Dastavval biz Sabina R. bilan bog‘landik.

«Hech kim hech nimani aytgani yo‘q»
 
«Ogohlantirish xatini «Mana [uydan] chiqmasligingiz yozilgan hujjat» degan so‘zlar bilan turmush o‘rtog‘imga berib ketishdi. Boshqa hech qanday tushuntirish bo‘lgani yo‘q», - deydi Sabina R.
 
«Yana bir bor ta’kidlayman: umuman olganda karantinga yaxshi munosabatdaman. U shunday sharoitlarda va shunday tahdid mavjud bo‘lganida zarur. Qilinishi shart bo‘lgan ishlar bor: o‘z-o‘zini izolyasiyalash, uyni shamollatish, qo‘llarni yuvish, jamoat joylariga borishdan voz kechish. Bo‘m-bo‘sh ko‘chaga niqobda chiqish va bunda hech kim bilan muloqot qilmaslik va viruslar yuqishi mumkin bo‘lgan buyumlarga teginmaslik, menimcha, hech kimga zarar qilmasa kerak. Agar davlat zarur deb hisoblasa, barcha uchun qat’iy karantin e’lon qiladi, shunda biz uydan umuman chiqmasdan o‘tiramiz. Kerakmi, demak, kerak. Hozir gap bu haqda emas», - davom etadi Sabina R.
 
Ayol odatda farzandi bilan kuniga ikki-uch marta sayr qilishini aytadi. Faqat bolalar maydonchalariga bormay qo‘ydik:
 
«Bir ko‘rsatuvni ko‘rdim, unda bemalol sayr qilaveringlar, faqat boshqalardan alohida, bir joyga to‘planmasdan, bolalar maydonchasiga bormanglar – infeksiyani yuqtirish mumkin degan so‘zlar aytildi. Boshqa tavsiyalarga oilamiz amal qiladi: hech kim bilan aloqa qilmayapmiz, sanitariya normalarini buzmayapmiz. Men chet elga borib kelganim yo‘q, chet eldan kelganlar bilan ham muloqotda bo‘lmaganman, menda hech qanday O‘RVI belgilari yo‘q, xavf guruhiga kirmayman».
 
U istiqomat qiladigan uyda uy karantinidagi odamlar bor-yo‘qligi haqidagi savolga Sabina R. javob berolmadi: “Bu haqda bizga hech kim hech nima degani yo‘q”. Ayol huquqni muhofaza qilish organlari vakillarini va Milliy gvardiya xodimlarini hovlida ko‘rmagan.
 
Fuqarolarga murojaatlar tavsiya xarakteriga ega
 
Toshkent shahar IIBBda na Sabina R., na uning oilasi karantinda emasligini Anhor.uz tahririyatiga tasdiqlashdi. Fuqarolarga uyda qolish murojaati esa tavsiya xarakteriga ega.
 
- Xitoy, Italiya davlatlarining tajribasi bu koronavirus infeksiyasi tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslik imkonini beradigan yagona chora ekanini ko‘rsatmoqda. Odamlar uydan chiqishi mumkin, ammo biz buni faqat juda zarur holatdagina, ya’ni oziq-ovqatlar dori-darmonlar xarid qilish zarurati bo‘lgandagina qilishga chaqiramiz. Ko‘chaga chiqqanda o‘zimizni va atrofdagilarni himoya qilish uchun albatta tibbiy niqob taqish zarur, - deydi Toshkent shahar IIBB axborot multimedia markazi boshlig‘i, kapitan Irina Sayfutdinova.

25 martdan boshlab jamoat joylarida niqobsiz yurganlik uchun fuqarolar 1 bazaviy hisob miqdorida (223 ming so‘m), qoidabuzarlik takrorlanganda esa 3 bazaviy hisob miqdorida (669 ming so‘m) jarimaga tortiladi.
 
Idoradagilarning so‘zlariga ko‘ra, IIBB va Milliy gvardiya xodimlari tibbiy niqob bo‘lmaganida fuqaroni Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 53-54 moddalarida ko‘zda tutilgan qoidabuzarlik haqida bayonnoma tuzish uchun profilaktika inspektorining oldiga olib borishi mumkin. Jarima miqdorini sud belgilaydi.
 
Qonun tomonidan karantin qoidalarini buzganlik uchun hatto jinoiy javobgarlikka tortish ko‘zda tutilgan. Bu izolyasiyalangan stasionarlardagi COVID infeksiyasi tasdiqlangan bemorlarga hamda bemorlar bilan aloqada bo‘lgan, epidemiologik noqulay mamlakatlardan qaytgan va ayni paytda uy karantinida bo‘lgan kishilarga taalluqli.
 
Karantin rejimini buzganlik va shifokorlarning talablariga amal qilmaganlik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik haqida eslatma berilgan rasmiy ogohlantirish aynan shu toifadagi shaxslarga taalluqli. 
 
IIBB matbuot xizmati xodimlarining izoh berishicha, huquqni muhofaza qilish organlari va Milliy gvardiya xodimlari fuqarolardan hujjatlarini ko‘rsatishni so‘rashlari mumkin. Koronavirus tarqalishi oldini olishning kuchaytirilgan tartibi joriy etilishi munosabati bilan ushbu tekshiruv ishlarining maqsadi bitta – fuqaro yaqinda O‘zbekistondan tashqariga chiqqan-chiqmaganini, qaysi mamlakatda bo‘lganini aniqlash. Karantinga joylashtirilgan fuqarolar qochadigan va bu bilan boshqalarning sog‘lig‘ini tahdid ostiga qo‘yadigan holatlarni qo‘shimcha asos deb hisoblash mumkin.
 
Toza havo va immunitet
 
Ota-onalar farzandlarini toza havoda sayrsiz qoldirgan holda, ularni xavf ostiga qo‘ymoqdami? Vaqtinchalik izolyasiya bolaning immunitetiga ta’sir qiladimi? Shu savollar bilan Anhor.uz muxbiri pediatr-shifokor, Toshkent pediatriya tibbiyot institutining shoshilinch pediatriya va halokatlar tibbiyoti kafedrasining dosenti Jasur Hakimovga murojaat qildi.
 
«Bolalarda  nospesifik (tug‘ma) immunitet darajasi toza havoga emas, balki kortizol miqdoriga bog‘liq. Bu stress gormoni bo‘lib, makrofaglar, ya’ni mikroblar va viruslarni yo‘q qiladigan hujayralarni aktivlashtirish uning funksiyalaridan biri hisoblanadi. Kortizol organizmda uncha kuchli bo‘lmagan muntazam stressda (masalan, kishi o‘z ustiga sovuq suv quyganida) ishlab chiqariladi. Shu bois chiniqish bilan shug‘ullanadigan kattalar va bolalarda kasal bo‘lish xavfi past bo‘ladi, xuddi shu tariqa go‘daklar hayotining dastlabki uch oyida ham», - deydi Jasur Hakimov.
 
Mutaxassis O‘zbekistonda va COVID-19 tahdidiga uchragan boshqa mamlakatlarda karantin joriy etish haqidagi qarorni qo‘llab-quvvatlashini aytadi. U Buyuk Britaniyani misol sifatida keltiradi, bu mamlakatda maktablarda o‘qishni to‘xtatmaslikka qaror qilinganidan keyin koronavirusga chalinish va undan o‘lish holatlari keskin oshgan.
 
«Bolalar infeksiyani tez yuqtiradi. Ular kasallikni yumshoq shaklda yoki alomatsiz o‘tkazishi mumkin. Chunki ular virus tashuvchilari hisoblanadi. Shu bois ularni izolyasiyalash xavf guruhiga kiruvchi odamlarni himoyalaydi», - deydi shifokor.
 
Jasur Hakimov xonalarni tez-tez shamollatishni va iloji boricha bolalarning uydagi faolligini ta’minlashni maslahat beradi. Shuningdek pediatr uglevodlar iste’molini qisqartirishni tavsiya etadi. Shirinlik burun-halqum shilimshig‘i ishlab chiqarilishini oshiradi, tumovni kuchaytiradi va organizmni to‘plash jarayonlariga va qulaylik holatiga sozlaydi. Tashqaridan uglevodlar ololmagan organizm o‘z resurslarini safarbar qilish uchun kortizol miqdorini (mos ravishda immunitetni) oshirishga majbur bo‘ladi.
 
«Eng asosiysi esa – organizmning zarur funksional tizimlarini infeksiyalardan himoya qilish uchun tartibga soladigan shaxsning ijobiy emosional holati», - deydi shifokor suhbat yakunida.  
 
Viktoriya Abduraximova


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!