Tojikistonda tarqalgan o‘tkir yuqumli poliomiyelitni davolash mumkinmi?

Tojikistonda tarqalgan o‘tkir yuqumli poliomiyelitni davolash mumkinmi?

JSST Tojikistonda o‘tkir yuqumli poliomiyelit kasalligi tarqalayotgani haqida bayonot berdi. 18 mart holatiga ko‘ra, u yerda asab sistemasini falaj qiladigan xastalikni yuzaga keltiruvchi polivirus (sPVVP2) bilan 4 nafar bola zararlangani aniqlangan. 

Xo‘sh, u qanday kasallik? Poliomiyelit kasalligi bilan og‘rimaslik uchun nima qilish kerak? SSV matbuot xizmatining shu kabi savollariga vazirlik qoshidagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati bo‘lim mudiri Dilorom TURSUNOVA javob berdi.
 
—  Poliomiyelit qanday kasallik? 

—  Poliomiyelit — boshqariluvchi o‘tkir yuqumli xastalik bo‘lib, asosan orqa miyaning kulrang moddasini falaj qiladi. Oqibatda esa, bemor umrini oxirigacha majruh bo‘lib qolishi, hattoki, o‘lim holati ham kuzatilishi mumkin. Kasallik oqar suv, oziq-ovqat mahsulotlari, ifloslangan qo‘llar orqali yuqadi. 

Shuningdek, bemor bilan yoki kasallik qo‘zg‘atuvchisini tashib yuruvchilar bilan muloqotda bo‘lganda ham yukadi. Virus havo-tomchi yo‘llari orqali (aksirganda, yo‘talganda), shuningdek, ifloslangan sabzavot, meva, qaynatilmagan suv va sutni iste’mol qilganda paydo bo‘lishi mumkin.

Poliomiyelit kasalligiga sabab bo‘luvchi polivirus ichak infeksiyalaridan biri hisoblanadi. Undan ko‘proq bolalar zararlanadi. Ammo kattalarga ham ushbu infeksiya yuqishi o‘z isbotini topgan.

—  Xastalikning yashirin davri va ilk belgilari haqida so‘zlab bersangiz.

—  Poliomiyelit kasalligining yashirin davri virus yuqtirilgan kundan to 21 kungacha cho‘zilishi mumkin. Bemorning harorati 38-39° gacha ko‘tariladi, mushaklarda og‘riq paydo bo‘lishi va ich ketishi kuzatiladi. 

Bu belgilar 4-5 kundan keyin o‘tib ketib, bir haftadan so‘ng harorat yana ko‘tarilib va turli mushaklar, ayniqsa, oyoq va qo‘llar falaji avj olishi mumkin. Yuqorida ta’kidlaganimizdek, bu kasallik bemorda og‘ir asoratlar qoldiradi va uning o‘limiga ham sabab bo‘lishi mumkin. 

— Poliomiyelit kasalligi bilan og‘rimaslik uchun nima qilish kerak?

—  Avvalo, buning uchun sog‘lom turmush tarziga amal qilish talab etiladi. Shuningdek, vaqtida kasallikka qarshi emlanish ham uning oldini olishning eng samarali usuli hisoblanadi.

Bundan tashqari, suvni qaynatib ichish tavsiya etiladi. Qo‘llar va oziq-ovqat mahsulotlarining tozaliligiga ham alohida e’tibor qaratish zarur. 
 


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!