TIV Qozog‘istonda to‘xtab qolgan poyezd yo‘lovchilarining taqdirini ma’lum qildi

TIV Qozog‘istonda to‘xtab qolgan poyezd yo‘lovchilarining taqdirini ma’lum qildi

Qozog‘iston janubidagi Turkiston viloyati Aris shahrida joylashgan harbiy qismda ro‘y bergan portlashlar oqibatida harakatlanishi to‘xtatib qo‘yilgan poyezdlar yo‘lovchilari Toshkentga olib kelindi. Bu haqda TIV matbuot xizmati xabar qilmoqda.

O‘zbekistonning Olmaota shahridagi Bosh konsulxonasi bergan ma’lumotga ko‘ra, 2019 yil 25 iyun kuni Ufa shahridan kelayotgan 382-son temir yo‘l reysining qolgan barcha yo‘lovchilari avtobuslar orqali Toshkent shahriga yuborilgan.

Shuningdek, Chelyabinsk-Toshkent yo‘nalishida harakatlanayotgan va Aris shahridagi o‘q-dorilar portlashlari oqibatida Turkiston shahrida to‘xtatib qo‘yilgan “Rossiya temir yo‘llari”ga qarashli 365-reys yo‘lovchilari “Jibek Joli” – “G‘isht ko‘prik” nazorat-o‘tkazish punktigacha Qozog‘istonning Turkiston viloyati hokimiyati ko‘magida, chegaraning bu tomonidan Toshkent shahrigacha esa “O‘zavtotrans” avtobuslarida yetkazildi.

25 iyun kuni kechasi Chimkent shahrida to‘xtatib qo‘yilgan “Novosibirsk-Toshkent” 370-temiryo‘l reysining 264 nafar yo‘lovchisini Toshkent shahriga yetkazish ishlari 26 iyun kuni ertalab davom ettirildi. 

Konsullik-huquqiy departamenti Qozog‘iston hududida bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolari zarur vaziyatlarda O‘zbekistonning Nur-Sulton shahridagi Elchixonasiga (tel.:  +7-717-295-42-52) yoki Olmaota shahridagi Bosh konsulxonasiga (tel. :  +7-727-291-11-78) murojaat qilishlari mumkinligini eslatib o‘tgan.

24 iyun kuni Qozog‘istonning Aris shahrida joylashgan harbiy qismda yong‘in yuz berdi, keyinchalik omborxonada o‘q-dorilar portlashi sodir bo‘ldi. Shu munosabat bilan bir necha poyezdlarning harakatlanishi to‘xtatib qo‘yilgan edi.

Portlash oqibatida 71 kishi jabrlangan, ulardan 15 nafari, shu jumladan, ikki bolakay kasalxonalarga yotqizilgan.

So‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, fojiada uch kishi halok bo‘lgan.

 


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!