“Tashabbusli byudjet”: “Bir fuqaro – bir ovoz” tizimi joriy etildi

“Tashabbusli byudjet”: “Bir fuqaro – bir ovoz” tizimi joriy etildi

Bugun AOKAda o‘tkazilgan brifingda Iqtisodiyot va moliya vazirligi boshqarma boshlig‘i Azimjon Hasanov shu haqda ma’lumot berdi.

Qayd etilishicha, “Tashabbusli byudjet” loyihasi fuqarolarni byudjet jarayoniga keng jalb qilish va ularning faol ishtirok etishini ta’minlashga qaratilgan. Shu sababli, bugungi kunda mamlakatimiz barcha hududlarida istiqomat qiluvchi aholi o‘z ehtiyoji bilan bog‘liq loyihalarni ilgari surmoqda.

Shundan kelib chiqib, brifingda “Tashabbusli byudjet” jarayonining joriy yilgi 2-mavsumi 6 iyul sanasidan boshlanishi ma’lum qilindi. Bunda joriy mavsum 6 iyuldan 1 sentyabrga qadar, ya’ni 57 kun davomida 4 ta bosqich doirasida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

–1-bosqichda, ya’ni 6-26 iyul kunlari 20 kun davomida loyihalar shakllantiriladi. Ushbu bosqichda fuqarolar “Ochiq byudjet” portali orqali o‘z tashabbuslarini ilgari suradi. 26 iyuldan 15 avgustga qadar saralash bosqichi o‘tkaziladi. Ushbu bosqichda 20 kun davomida hududiy ishchi komissiyalar kelib tushgan loyihalarni belgilangan mezonlar asosida saralab oladi. 15 - 22 avgust kunlari saralash bosqichi yakunlariga ko‘ra ovoz berish bosqichiga o‘tkazilgan loyihalar bo‘yicha targ‘ibot kampaniyalari tashkil etiladi. 22 avgustdan - 1 sentyabrga qadar 10 kun davomida loyihalarga ovoz berish bosqichi bo‘lib o‘tadi. Qayd etish joizki, bunda keng jamoatchilik takliflarini inobatga olgan holda, ortiqcha ovoragarchiliklarning oldini olish maqsadida joriy mavsumda ovoz berish bosqichi 10 kun davomida o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Shu bilan birga, ilk marotaba ovoz berish bosqichidan oldin loyihalarni targ‘ibot qilish uchun 7 kun muddat ajratilmoqda, – dedi A.Hasanov.

Tadbirda joriy yildan boshlab “Tashabbusli byudjet” jarayonlarida ovoz berish bosqichida “Bir fuqaro – bir ovoz” tizimi joriy etilgani ta’kidlandi. Unga ko‘ra, bir fuqaro o‘z nomida bir nechta sim-karta bo‘lishiga qaramay faqat bitta raqamdan bir marotaba ovoz berish imkoniyatiga ega.

Boshqarma boshlig‘ining qayd etishicha, joriy mavsum uchun mahalliy byudjet hisobidan 2 trillion so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirilishi kutilmoqda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!