Sotilgan taqdirlar: inson hayoti o‘yinchoq emas

Sotilgan taqdirlar: inson hayoti o‘yinchoq emas

Odam savdosi — quldorlikning zamonaviy shakli. Ushbu jinoiy faoliyat qurboni bo‘layotganlar soni, aniq ko‘lami aslida noma’lum. Statistika dunyo bo‘yicha har yili 4,5 milliondan ziyod kishi odam savdosi qurboni bo‘layotganini ko‘rsatadi.

Sotilgan taqdirlar... Ular orasida qancha ayol, qancha norasida bola, qanchadan-qancha oila boshlig‘iyu boquvchilari bor. Jirkanch maqsadlarda o‘g‘irlanayotgan insonlarning taqdiri, keyingi hayoti butunlay o‘zgarib ketadi, ruhiyatiga og‘ir zarbalar beriladi, sog‘ligiga ziyon yetkaziladi, kimlarningdir esa hayotiga nuqta qo‘yiladi.

Odam savdosi eng og‘ir jinoyatlardan biridir. Bugungi kunda jahonda odam savdosining bir qancha turlari tarqalgan. Ular orasida fohishalik, majburiy mehnat va tana a’zolarini sotish keng tarqalgan turlaridir. Aslida qaysi turi bo‘lmasin, insonni o‘g‘irlash va sotish, uning taqdiri va hayoti bilan o‘ynashish kechirib bo‘lmas jirkanchlikdir.

Dunyoda bu jirkanch jinoyatga qarshi kurashish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Tegishli xalqaro tashkilotlar inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rmoqda. Xususan, Birlashgan Millatlar Tashkilotining bu borada bir qator tavsiyaviy va majburiy xarakterga ega bo‘lgan hujjatlari qabul qilingan. Ammo shunga qaramay, bugungi kunda odam savdosi bilan bog‘liq jinoyatlar kamayayotgani yo‘q. Eng achinarlisi, odamfurushlikdan jabrlanganlarning 80 foizi xotin-qizlar va bolalardir.

Mamlakatimizda ham odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish masalasiga jiddiy e’tibor qaratib kelinadi. Bu borada milliy qonunchiligimizda huquqiy asoslar yaratilib, tegishli jazo turlari belgilangan. Jumladan, “Odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonun hamda O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi va boshqa huquqiy hujjatlarda odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha normalar belgilangan.

Masalan, “Odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonunda Odam savdosiga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari, odam savdosiga qarshi kurashishga doir faoliyatni amalga oshiruvchi davlat organlari, vazirlik va idoralarning vakolatlari belgilab berilgan.

Shuningdek, odam savdosidan jabrlanganlarga yordam ko‘rsatish va ularni himoya qilish bo‘yicha ixtisoslashtirilgan muassasalarning asosiy vazifalari ko‘rsatib o‘tilgan. Jumladan, odam savdosidan jabrlanganlarni, odam savdosidan jabrlangan deb taxmin qilinayotganlarni qulay yashash sharoitlari va shaxsiy gigiyena vositalari bilan, oziq-ovqat, dori va tibbiy buyumlar bilan ta’minlash, ularga shoshilinch tibbiy, psixologik, ijtimoiy, huquqiy yordam ko‘rsatish, xavfsizligini ta’minlash hamda ularning qarindoshlari bilan aloqa o‘rnatishiga ko‘maklashish kabilar ixtisoslashtirilgan muassasalarning asosiy vazifalaridandir.

Odam savdosi jinoyati bilan shug‘ullanganlar, albatta, o‘z jazosini olishi lozim. Bu borada yaqinda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan “Odam savdosi jinoyati uchun jazo choralari kuchaytirilayotganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 135-moddasiga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhim ahamiyat kasb etadi.

Insonlarning huquqlari va erkinliklarini buzish bilan bog‘liq odam savdosi jinoyati uchun mutanosib sanksiyalar belgilanmagani bu jinoyatga qayta qo‘l urilishiga olib keladi. Shu bois, mazkur qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga odam savdosi jinoyatini sodir etganlarga nisbatan jazo choralarini kuchaytirish bilan bog‘liq o‘zgartirish kiritildi.

— Odam savdosining har qanday ko‘rinishiga qarshi kurashish jiddiy yondashuvni hamda huquqiy asoslarni yanada mustahkamlashni taqozo etadi, — deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Muhammadjon Valiyev. — Ushbu qonunga ko‘ra, homiladorligi aybdorga ayon bo‘lgan holda, ya’ni homilador ayolga nisbatan sodir etilgan odam savdosi, shuningdek, muqaddam odam o‘g‘irlash jinoyatini sodir etgan shaxslar tomonidan odam savdosi jinoyatiga qayta qo‘l urilishi, shu bilan birga, fohishalikka jalb etish maqsadida odam o‘g‘irlash bilan shug‘ullanganlarga nisbatan alohida normalar belgilandi.

Qonunda og‘irlashtiruvchi holat sifatida belgilangan har bir holatga alohida to‘xtalingan. Bu jinoyatlar uchun amaldagi jazo muddatlari o‘zgartirildi.

Ushbu turdagi jinoyatlar uchun jazo choralari kuchaytirilib, qilmish ikki shaxsdan ortiq, ojiz ahvoldagi, aybdorga qaram bo‘lgan shaxsga nisbatan, takroran yoki xavfli residivist, bir guruh shaxslar tomonidan va boshqa og‘irlashtiruvchi holatlarda sodir etilganda 10 yilgacha (amalda 8 yilgacha) ozodlik mahrum etish taklif etildi. Shuningdek, qilmish o‘g‘irlash va zo‘rlik ishlatish orqali, voyaga yetmaganga nisbatan, odam o‘limiga, og‘ir oqibatlarga olib kelsa, o‘ta xavfli residivist, uyushgan guruh tomonidan sodir etilgan holatlarda 15 yilgacha (amalda 12 yilgacha) ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilandi. Qonunchilikdagi bu o‘zgarishlar odam savdosi jinoyati sodir etilishining oldini olishga, inson huquq va erkinliklarini ta’minlashga xizmat qiladi, albatta.

Darhaqiqat, insonning huquqlari, erkinliklari, hayoti va taqdiri hamma narsadan ustun. Inson razil kimsalarning qo‘lida ovunchoq bo‘ladigan, kimlarningdir cho‘ntagini mo‘may daromadga to‘ldiradigan buyum yoki o‘yinchoq emas. Shunday ekan, odam o‘g‘irlash va sotishdek o‘ta mudhish jinoyatga qarshi kurashish, bu borada tashkilot va idoralarning, qolaversa, davlatlarning o‘zaro hamkorligini mustahkamlash dolzarb ahamiyatga ega.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!