Sog‘liqni saqlash vaziri Dima Qayumning onasini ko‘rgani Rishtonga bordi

Sog‘liqni saqlash vaziri Dima Qayumning onasini ko‘rgani Rishtonga bordi

Hayoti va faoliyati internet, ijtimoiy tarmoqlar bilan bog‘liq bo‘lganlar rishtonlik Dima Qayum (Dilshod Boltaboyev)ni yaxshi taniydi. Kamsuqum pechkachi tumandagi bozorda kutubxona ochgandan buyon odamlar tiliga tushdi.
 
U odamlarga ma’rifat ulashish, kitob orqali ilm nurini sochish bilan beminnat shug‘ullanib kelmoqda. Avvalroq, pulni pulga urib yurganlar uning mo‘jazgina kutubxonasini buzishga kirishgani internetda katta shov-shuvga aylangandi. Keyin rasmiylarning e’tibori ham Dima Qayumga tushdi.
 
Dima Qayum xayriyalarda bosh-qosh. Mahalladagi muammolarni hal etishda yordamini ayamaydi, miskinlarga qo‘l uzatishga shay. Lekin o‘zi uchun hech qachon yordam so‘ramagan. Aslida uning muammolari, yechimini topishni kutib yotgan masalalari ham talaygina.
 
Dilshodning onasi betob. U qizilo‘ngach saratoni bilan xastalangan. 5 yil avval shifokorlar o‘smani olib tashladilar, biroq asoratlar butkul yo‘q bo‘lib ketmadi. Dima Qayum onasining salomatligidan doim xavotirda.


 
Bundan bir oy avval otasidan ajragan pechkachi kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda xasta onasining to‘shakda yotgani tasvirlangan suratni joylashtirdi. Nuragan, pana-pastqam uyda onasi poyida tiz cho‘kib o‘tirgan Dima Qayumning surati ijtimoiy tarmoqda yashin tezligida tarqaldi. Hatto, hukumat a’zolarining qo‘ligacha yetib bordi.
 
Farg‘onaning Rishtoniga Toshkentdan 350 km yo‘l bosiladi. Tuman, shahar va viloyat hokimi Dilshod Boltaboyevning xonadoniga shu vaqtga qadar bosh suqmagan. Aslida uning millat ma’naviyati uchun qo‘shayotgan hissasining qiymati cheksiz.  
 
Bugun, 11 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov Dima Qayumning onasi holidan xabar olgani uning uyiga bordi. Dima Qayum vazirning onasi qarshisida tiz cho‘kib o‘tirgan suratini joylashtirarkan, shunday yozadi:
 
“Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Qayumovich Shodmonov uyimizga shaxsan o‘zlari tashrif buyurishib, Onam uchun qo‘llarida kelgan barcha yordamni ayamasliklarini aytib, otam haqlariga duo qilib, onamning duolarini olib ketishdi”.
 
Ushbu postni ko‘rgach, biz zudlik bilan Dima Qayumga qo‘ng‘iroq qildik.
 
“Hozirgina vazir Alisher Shodmonovni kuzatdik. Bilasiz, onamning toblari yo‘q. Alisher aka uyimizda bo‘lib, ulardan xabar oldilar, Toshkentga olib borishimizni, barcha davolash ishlarini o‘zlari nazorat qilishlarini aytdilar. Nasib etsa, dadamning hayitdagi marosimlarini o‘tkazib, yo‘lga chiqamiz”, deydi Dima Qayum.
 
Dima Qayumning onasi 64 yoshda. U ko‘p yillar Rishtondagi MTMda tarbiyachi bo‘lib ishlagan. Ikki o‘g‘il, bir qizni voyaga yetkazgan. 35 yashar Dima Qayum esa uyning to‘ng‘ichi.
 
Shu o‘rinda Prezidentning vazirlarga qarata “Odamlarning rozi qilinglar, pastga tushib ishlanglar”, degan gaplari yodga tushadi. Yana qaysi vazirlar Alisher Shodmonovdek yo‘l tutayotgangan ekan?!

Qalampir.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!