Shavkat Mirziyoyev yana bir muhim qarorni imzoladi

Shavkat Mirziyoyev yana bir muhim qarorni imzoladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kecha, 17 oktyabr kuni “Meva-sabzavot mahsulotlarini tashqi bozorlarga chiqarish samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.
 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

 
Mamlakat eksport salohiyatini kengaytirish, meva-sabzavot mahsulotlari eksportining to‘laqonli rivojiga to‘sqinlik qilayotgan g‘ovlarni bartaraf etish, eksport faoliyatining davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishini takomillashtirish, shuningdek, mahalliy meva-sabzavot mahsulotlarini tashqi bozorlarga chiqarishning kompleks tizimini tashkil etish maqsadida:
 
1. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil, Tashqi savdo vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi va Qishloq xo‘jaligi vazirligining quyidagi tartibni belgilash to‘g‘risidagi takliflari qabul qilinsin:
 
yuridik shaxslar – meva-sabzavot mahsulotlari eksport qiluvchilari meva-sabzavot mahsulotlari eksportini dastlabki to‘lovsiz, akkreditiv ochmasdan, bank kafolatini rasmiylashtirmasdan hamda eksport shartnomasini siyosiy va tijorat xavflaridan sug‘urta polisisiz amalga oshirish huquqiga egadirlar;
 
yuridik shaxslar – meva-sabzavot mahsulotlari eksportidan tushumlarni o‘z vaqtida ta’minlamagan meva-sabzavot mahsulotlari eksport qiluvchilari meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilishda 100 foizlik oldindan to‘lov olish talablari ularga qo‘llangan holda nohalol meva-sabzavot mahsulotlari eksport qiluvchilar reestriga kiritiladilar;
 
tadbirkorlik sub’ektlari ulgurji savdo qilish lisenziyasiga ega bo‘lmasdan meva-sabzavot mahsulotlari eksportini amalga oshirish huquqiga egadirlar. Bunda yakka tartibdagi tadbirkorlarning meva-sabzavot mahsulotlari eksport tushumlariga yagona soliq to‘lovi to‘lanishini nazarda tutuvchi soliqqa tortish tartibi qo‘llaniladi;
 
eksport qilinadigan meva-sabzavot mahsulotlari bojxona ko‘rigidan o‘tkazilmaydi, bojxona qonun hujjatlari buzilishi xavfi belgilari aniqlangan holatlar bundan mustasno. Bunda hujjatlarda mavjud ma’lumotlarning ishonchliligi, shuningdek, tovarlarni O‘zbekiston Respublikasi bojxona chegarasidan noqonuniy olib o‘tish uchun eksport qiluvchi javobgardir;
 
tadbirkorlik sub’ektlari o‘zlariga ajratilgan yer uchastkalarida meva-sabzavot mahsulotlarini bevosita ularni yetishtirish joylarida sug‘orish, tayyorlash va saqlash bo‘yicha infratuzilma ob’ektlari qurish uchun yengil konstruksiyalarni qurish yuzasidan qurilish-montaj ishlarini amalga oshirishlari mumkin.
 
2. O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga Tadbirkorlik sub’ektlariga ajratilgan yer uchastkalarida meva-sabzavot mahsulotlarini bevosita ularni yetishtirish joylarida sug‘orish, tayyorlash va saqlash bo‘yicha infratuzilma ob’ektlari qurish uchun yengil konstruksiyalarni qurish tartibi to‘g‘risidagi nizom loyihasini kiritsin.
 
O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi Davlat bojxona qo‘mitasi bilan birgalikda 2019 yil 1 yanvarga qadar muddatda mazkur qarorning 1-bandi talablarini hisobga olgan holda Tashqi savdo operasiyalarining yagona elektron axborot tizimi takomillashtirilishini ta’minlasin.
 
3. Belgilansinki, meva-sabzavot mahsulotlari eksport qiluvchilari vakolatli davlat organlariga tovar-yo‘l hujjatlaridagi meva-sabzavot mahsulotlari bo‘yicha haqiqatda amalga oshirilgan eksport operasiyalari yuzasidan ishonchli ma’lumotlar taqdim etganliklari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan meva-sabzavot mahsulotlari eksportidan tushadigan tushumlar muddatlarini buzganliklari uchun javobgardirlar.
 
4. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligiga quyidagi qo‘shimcha funksiyalar yuklatilsin:
 
meva-sabzavot mahsulotlari eksporti sohasidagi faoliyatni muvofiqlashtirish;
 
salohiyatli hamkorlar izlash, an’anaviy va yangi sotish bozorlariga chiqish uchun imkoniyatlar yaratish, shuningdek, zarurat bo‘lganda eksport shartnomasi bajarilishini uslubiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash orqali meva-sabzavot mahsulotlari eksportini amalga oshirishga amaliy yordam ko‘rsatish;
 
tashqi bozorlarda meva-sabzavot mahsulotlarining narx kon’yunkturasini tizimli asosda o‘rganish, shu jumladan, hududlarga chiqqan holda meva-sabzavot mahsulotlari yetishtiruvchilar va eksport qiluvchilar bilan har oyda uchrashuvlar o‘tkazish, shuningdek, o‘rganish natijalari, xususan, meva-sabzavot mahsulotlari eksport narxlari darajasi to‘g‘risidagi ma’lumotlarning o‘z rasmiy veb-sayti va boshqa ommaviy axborot vositalarida chop etilishini tashkillashtirish;
 
har oyda meva-sabzavot mahsulotlari eksport qiluvchilarga asosiy sotish bozorlari bo‘yicha tahlil natijalari va prognozlarini, xususan, narx kon’yunkturasining o‘zgarishlari, belgilangan punktlar kesimida yuklash hajmlari hamda meva-sabzavot mahsulotlarini import qilishda texnik talablar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘z rasmiy veb-sayti va boshqa ommaviy axborot vositalarida joylashtirish orqali taqdim etish.
 
5. O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi, Adliya vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil ikki hafta muddatda meva-sabzavot mahsulotlari yetishtiruvchilar hamda eksport qiluvchilarga O‘zbekiston meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qiluvchilar uyushmasini tashkil etishlariga ko‘maklashsin.
 
6. O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi Tashqi savdo vazirligi, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi va Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda 2019 yil 1 martga qadar Internet tarmog‘ida Axborot-kommunikasiya texnologiyalarini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan «TradeUzbekistan.com» elektron savdo maydonchasi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi va Davlat bojxona qo‘mitasining axborot tizimlari bilan integrasiyalashgan, shu jumladan:
 
meva-sabzavot mahsulotlari yetishtiruvchilar va eksport qiluvchilar, salohiyatli import qiluvchilar, yangi uzilgan, quritilgan hamda qayta ishlangan eksportga yo‘naltirilgan meva-sabzavot mahsulotlari turlari va hajmlari, meva-sabzavot mahsulotlari uchun ko‘chatlar, urug‘lar hamda o‘g‘it yetkazib beruvchilar to‘g‘risidagi ma’lumot aks etuvchi;
 
eksportga yo‘naltirilgan meva-sabzavot mahsulotlarining turlari, hajmlari, summasi va yetishtirish hududlari kesimi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni, shuningdek, eksport jarayonining barcha bosqichlarini real vaqt rejimida kuzatish imkonini beruvchi Meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qiluvchilar axborot portalini ishlab chiqsin va ishga tushirsin.
 
7. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Tashqi savdo vazirligi, Davlat bojxona qo‘mitasi, Davlat soliq qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi, boshqa mas’ul vazirlik va idoralar Meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qiluvchilar axborot portaliga doimiy asosda o‘z vaqtida zarur ma’lumotlar kiritilishini ta’minlasin.
 
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligi Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda:
 
mas’ul vazirlik va idoralar tomonidan tegishli ma’lumotlarning Meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qiluvchilar axborot portaliga o‘z vaqtida kiritilishi ustidan monitoringni amalga oshirsin;
 
Meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qiluvchilar axborot portalini takomillashtirish, uzluksiz faoliyat ko‘rsatishi va axborot xavfsizligini ta’minlash yuzasidan doimiy asosda choralar ko‘rsin.
 
8. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar, tumanlar va shaharlar hokimlari, davlat organlarining hududiy bo‘linmalari rahbarlari meva-sabzavot mahsulotlari eksportiga eksport qiluvchining hududiy mansubligiga qarab to‘sqinlik qilganligi uchun shaxsan javobgarligi to‘g‘risida qat’iy ogohlantirilsin.
 
9. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligi Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda 2019 yil 1 yanvarga qadar yetakchi xorijiy kompaniyalar bilan muzokaralar olib borsin va yakunlari bo‘yicha respublika bo‘ylab hamda chet elda mahalliy meva-sabzavotlarni realizasiya qilish zamonaviy transport-logistika majmualari – “xab”larni o‘z ichiga olgan savdo maydonchalarini, shu jumladan, davlat-xususiy sheriklik shartlarida yaratish bo‘yicha dastlabki loyihasini ishga tushirish borasida aniq takliflar kiritsin.
 
10. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Iqtisodiyot vazirligi bilan birgalikda 2018 yil yakuni bo‘yicha ekin maydonlarini optimallashtirish doirasida, jumladan, qisqartirilayotgan paxta va don ekinlari maydonlari negizida yaratilayotgan, meva-sabzavotlarni yetishtirish, tayyorlash, saralash, kalibrlash, qadoqlash va eksportga yo‘naltirishga mo‘ljallangan klasterlarning manzilli ro‘yxatini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
 
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi respublikada meva-sabzavot yetishtirish bo‘yicha klaster tizimining holatini, jumladan, ilg‘or xorijiy tajribani inobatga olgan holda, chuqur tahlil qilsin, natijasi yuzasidan 2019 yil 1 dekabrga qadar klasterlar samarali faoliyat yuritishida mavjud to‘siqlarni bartaraf etish va ushbu sohani yanada takomillashtirish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administrasiyasiga takliflar kiritsin.
 
11. “O‘zstandart” agentligi:
 
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda “Global GAP”, “Halal” va “Organic” standartlari talablariga muvofiqlikka sertifikatlashtirish bo‘yicha xalqaro tan olingan tashkilotlar bilan hamkorlik o‘rnatsin;
 
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi va “O‘zbekoziqovqatxolding” XK bilan birgalikda 2019 yil 1 fevralga qadar xalqaro standartlar talablariga muvofiq bo‘lgan organik va boshqa mahsulotlarni yetishtirishni rivojlantirish bo‘yicha hukumat qarori loyihasini kiritsin;

O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda 2019 yil 1 martga qadar mamlakatda “Global GAP”, “Halal” va “Organic” standartlari talablariga muvofiq meva-sabzavot yetishtiruvchi mahalliy korxonalarni sertifikatlash bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlashni tashkil etsin.
 
12. “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ va “O‘zbekiston havo yo‘llari” MAK meva-sabzavot mahsulotlarini eksportga chiqarish bo‘yicha zamonaviy logistika menejmenti mexanizmlarini joriy etish choralarini ko‘rsin, jumladan:
 
a) “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ 2019 yil 1 yanvarga qadar:
 
“yagona darcha” tamoyili asosida meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilish bo‘yicha temir yo‘l hujjatlarini jo‘nash stansiyasida rasmiylashtirish ishlarini tashkil etsin;
 
meva-sabzavot mahsulotlarini yuklash va tushirish bo‘yicha tarif va xizmatlarni mahsulot xususiyatlarini inobatga olgan holda soddalashtirish yuzasidan qayta ko‘rib chiqsin;
 
yuk jo‘natuvchilari va yuk egalari buyurtmalari asosida yuk yetib borish muddati va harakatlanish chog‘ida vagonning joylashgan yerlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni uzatish bo‘yicha mexanizmni ishlab chiqsin va joriy etsin;
 
meva-sabzavot mahsulotlari eksport qiluvchilari uchun tegishli buyurtma kelib tushgan kunidan boshlab uch sutkadan oshmagan muddatda vagon ajratish tartibini joriy etsin;
 
b) “O‘zbekiston havo yo‘llari” MAK 2019 yil 1 iyunga qadar meva-sabzavot mahsulotlarini vaqtinchalik saqlash joylarini taglikda qadoqlashning xalqaro standartlarga muvofiq bo‘lgan va ularning o‘tkazish qobiliyatini ta’minlaydigan zamonaviy muzlatgich va skanerlovchi uskunalar bilan qayta jihozlasin.
 
13. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Adliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda “O‘zagroeksport” AJ faoliyatini tanqidiy o‘rganib chiqib, uning faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha aniq takliflar kiritilishini ta’minlasin.
 
14. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
 
ikki hafta muddatda mazkur qaror talablarini hisobga olgan holda, jumladan, nohalol meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qiluvchilar reestrini yuritish tartibini nazarda tutuvchi Meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilish tartibi to‘g‘risidagi yangilangan nizomning tasdiqlanishini;
 
2019 yil 1 yanvariga qadar mamlakatning chegara hududlarida meva-sabzavot mahsulotlari eksport qiluvchilari uchun zamonaviy ishlab chiqarish, muhandislik-kommunikasiya, yo‘l-transport, ijtimoiy infratuzilmalar, shuningdek, “yagona darcha” tamoyili asosida zarur hujjatlarni rasmiylashtirish va logistika xizmatlari mavjud bo‘lgan maxsus zonalarni tuzish masalasi ishlab chiqilishini;
 
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki bilan birgalikda 2019 yil 1 yanvarga qadar tovar omborxonalari tomonidan beriladigan omborxona guvohnomalariga muvofiq meva-sabzavot mahsulotlari eksport qiluvchilar va yetishtiruvchilar uchun tijorat banklari tomonidan kreditlar berish mexanizmini joriy etish masalasi ishlab chiqilishini;
 
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi va Tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda 2019 yil 1 fevralga qadar xorijda meva-sabzavot mahsulotlari realizasiya qilinishi borasidagi real holatning, eksport qiluvchilar uchun mavjud noqulay sharoitlarning, jumladan, ular bilan muloqot o‘rnatish orqali chuqur o‘rganilishini;
 
2019 yil 1 martga qadar o‘tkazilgan o‘rganishlar yakuni bo‘yicha eksport qiluvchilar uchun mavjud noqulay sharoitlarni bartaraf etish yuzasidan aniq takliflar ishlab chiqilishini va ularning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administrasiyasiga kiritilishini;
 
2019 yil 1 martga qadar Meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qiluvchilar axborot portalini yuritish tartibi to‘g‘risidagi nizomning tasdiqlanishini ta’minlasin.
 
15. Quyidagilarga:
 
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari (Otajonov) – tarmoqning jadal rivojlanishiga hamda meva-sabzavot mahsulotlari eksport qiluvchilarning barqaror faoliyat yuritishiga to‘sqinlik qiluvchi tizimli muammolarni aniqlash va bartaraf etish, mazkur sohadagi qonun hujjatlarini yanada takomillashtirish yuzasidan takliflarni ishlab chiqish va kiritish uchun;
 
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari (Mirzayev) – raqobatbardosh meva-sabzavot mahsulotlari yetishtirishni, shuningdek, meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilishning diversifikasiya qilinishini ta’minlash uchun;
 
O‘zbekiston Respublikasi tashqi savdo vaziri (Xodjayev) – mahalliy meva-sabzavot mahsulotlarini tashqi bozorlarga chiqarish bo‘yicha eksport qiluvchilarga ko‘maklashish, shuningdek, mamlakat eksport salohiyatini yuksaltirish uchun;
 
O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri (Yusupov) – tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va innovasion texnologiyalarni joriy etish, jumladan, intensiv yetishtirish texnologiyalarini qo‘llash asosida meva-sabzavot mahsulotlarini yetishtirish hamda eksport qilish hajmini oshirishni ta’minlash uchun;
 
O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi raisi (Azimov) – eksport qilinadigan meva-sabzavot mahsulotlarini bojxona hujjatlarini o‘z vaqtida rasmiylashtirish, shuningdek, nohalol meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qiluvchilar reestri yuritilishni ta’minlash uchun;
 
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi boshlig‘i (Irgashev) – eksport qilinuvchi meva-sabzavot mahsulotlarining laboratoriya ekspertizasi va karantin tekshiruvini o‘z vaqtida ta’minlash uchun;
 
“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ (Sagdullayev) va “O‘zbekiston havo yo‘llari” MAK (Hakimov) rahbarlari – meva-sabzavot mahsulotlarini o‘z vaqtida va sifatli chet elga yetkazib berish uchun xalqaro standartlarga mos infratuzilma yaratish uchun;
 
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va viloyatlar hokimlari – meva-sabzavot mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari va eksport qiluvchilari bilan samarali hamkorlik o‘rnatish, meva-sabzavot mahsulotlarini yetishtirish, tayyorlash, saralash, kalibrlash, qadoqlash va eksportga jo‘natish klaster tizimini joriy etishga ko‘maklashish uchun shaxsiy javobgarlik yuklansin.
 
16. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi mazkur qaror talablari ijrosini tizimli nazorat qilib borsin va aybdor shaxslarga nisbatan qat’iy javobgarlik choralarini qo‘llasin.
 
17. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligi boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda:
 
qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;
 
o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni mazkur qarorga muvofiqlashtirsin.
 
18. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administrasiyasi rahbari Z.SH.Nizomiddinov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi o‘rinbosari B.M.Mavlonov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosarlari N.S.Otajonov va Z.T.Mirzayev zimmasiga yuklansin.
 
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti                                               
Shavkat Mirziyoyev  

 
Toshkent shahri, 2018 yil 17 oktyabr


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!