Shavkat Mirziyoyev metroning Yunusobod yo‘nalishidagi qurilishlar bilan tanishdi

Shavkat Mirziyoyev metroning Yunusobod yo‘nalishidagi qurilishlar bilan tanishdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 24 oktyabr kuni Toshkent metropolitenining Yunusobod yo‘nalishida olib borilayotgan qurilish ishlari bilan tanishdi.

Davlatimiz rahbarining 2016 yil 7 noyabrdagi qaroriga muvofiq, metropolitenning Yunusobod yo‘nalishi ikkinchi bosqichi barpo etilmoqda.

Ob’ektning umumiy qiymati 103,8 million dollar bo‘lib, qurilish boshlanganidan buyon 67,5 million dollarlik ishlar bajirilgan. «Shahriston» bekatidan qariyb 3 kilometr yo‘l tortilib, ikkita yangi stansiya qurilgan. Tunnelning o‘ng qismi to‘liq burg‘ilanib, temir-beton bilan mustahkamlangan. Chap tunnelni burg‘ilash, tashqi muhandislik-kommunikasiya tizimlarini ko‘chirish ham tez kunlarda yakunlanadi. «Yunusobod» va «Turkiston» metro bekatlarida qurilish-montaj ishlari jadal olib borilmoqda.

Prezident bo‘lajak «Turkiston» bekatini ko‘zdan kechirib, qurilish sifati va yo‘lovchilar uchun qulayligiga alohida e’tibor qaratdi.

– Bu yo‘l va bekatlar xalqimizga xizmat qiladi. Shuning uchun eng muhimi – sifat, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Qurilishga Germaniya texnologiyasi va mutaxassislari jalb etilgan. Sifat va xavfsizlik ham Germaniya standartlariga muvofiq bo‘ladi.

Davlatimiz rahbari bu yerga o‘tgan yilgi tashrifi chog‘ida metropoliten va avtobus qatnovlarini optimallashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergan edi.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, mazkur bosqichning ishga tushirilishi natijasida Yunusobod tumanida qatnaydigan avtobuslar soni va masofasi ancha qisqarib, kuniga 5,5 tonna yoqilg‘i iqtisod qilinadi. Yo‘lovchilarning manziliga yetib olishi 20 daqiqaga tezlashadi.

Umuman olganda, bugungi kunda Toshkent metropolitenidan kuniga 240 ming yo‘lovchi foydalanadi. Jami 21 kilometrdan iborat uchta yangi - Yunusobod, Sergeli va Qo‘yliq yo‘nalishlari qurilishi natijasida yana 150 mingdan ziyod kishi qamrab olinishi rejalashtirilgan. Bu aholiga katta qulaylik yaratish bilan birga ko‘chalardagi tirbandlikni bartaraf etishda muhim omil bo‘ladi.

- Biz bu ishlarni aholi talabini inobatga olib va kelajakni o‘ylab qilyapmiz. Agar bugun qilmasak, shaharda tirbandlik yana ortadi. Jamoat transporti har tomonlama qulay va arzon, avtomashinada yurishdan ko‘ra afzal bo‘lishi kerak. Bu yo‘lovchilar xavfsizligi, shahar ekologiyasi uchun ham juda muhim, - dedi Prezident.

Shu yerda «Buyuk ipak yo‘li» metro bekatidan «Toshkent traktor zavodi» avtoshohbekatigacha bo‘lgan yangi yo‘nalish, Samarqand xalqaro aeroportining yangi terminali loyihalari taqdimoti o‘tkazildi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!