Samarqand viloyat perinatal markazida sodir bo‘layotgan noxush voqealarga barham berildimi?

Samarqand viloyat perinatal markazida sodir bo‘layotgan noxush voqealarga barham berildimi?

Samarqand shahridagi viloyat perinatal markazida joriy yilda sodir bo‘lagan noxush voqealar xususida bir qator xabarlarni e’lon qilgan edik. Xususan, doyalarning aybi bilan 1993 yilda Urgut tumani Jarqishloq mahallasida tug‘ilgan Go‘zal Hakimova farzandining «jinsi» o‘zgarib qolgan bo‘lsa, 1998 yilda Urgut tumani Qaynarbuloq mahallasida tug‘ilgan marhuma Saodat Xayrullayevaning o‘zi va farzandi dunyoga keltirayotgan vaqtida vafot etgan.

Viloyat perinatal markazida ketma-ket sodir bo‘lgan noxush voqealardan so‘ng markaz direktori Baxtiyor Jumanov ishdan olinib, o‘rniga Samarqand shahridagi 3-son tug‘riq kompleksida bosh shifokor bo‘lib ishlab kelgan Lola Hamroyeva markazga rahbar etib tayinlangandi.

Bugungi kunda Samarqand viloyat perinatal markazida tub o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda. Birgina homilador ayollarni hech qanday sabasiz kesarcha kesish usulida tug‘dirishga barham berilgan. «Daryo» muxbiri Farhod Norbo‘tayevning aniqlashicha, avvallari bir kunda 18-20 nafargacha homilador ayollar operasiya yo‘li bilan chaqaloq qilgan bo‘lsa, ayni paytda esa, kesarcha kesish orqali tug‘uruq zarur holatdagina amalga oshirilmoqda. Aniqroq qilib aytganda, kesircha kesish orqali tug‘uriqni amalga oshirish homilador ayol to‘liq klinik tekshiruvdan so‘ng, maxsus ko‘rsatma asosida olib borilmoqda.

– Bugungi kunda markazda homilador ayollar sog‘ligi ikkita ko‘rsatma asosida tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi. Birinchisi, absolyut ko‘rsatmaga ega bo‘lgan xavfli guruhdagi ayollar bo‘lsa, ikkinchisi nisbiy ko‘rsatmaga ega bo‘lgan xafv guruhidagi ayollar hisoblanadi, – deydi markaz direktori Lola Hamroyeva. – Shuningdek, hozirda sanitar aviasiya tarmog‘i orqali viloyat perinatal markazi mutaxasislarining tumanlardagi tibbiyot birlashmalarida navbatchiligi tashkil etilgan. Bu orqali qishloqlardagi og‘ir ahvoldagi homilador ayollarga o‘z joyida va o‘z vaqtida tibbiy xizmat ko‘rsatilmoqda.

Maxsus reja asosida tumanlardagi tibbiyot birlashmalarida faoliyat yuritayotgan akusher-ginekologlar viloyat perinatal markazida o‘z malakalarini oshirilmoqda. Perinatal markaz rahbariyati viloyatda onalar o‘limining oldini olish maqsadida Samarqand tibbiyot instituti bilan o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan.

– Tumanlardagi tug‘uruqxonalarda yotib davolanayotgan og‘ir ekstragenital kasalliklari bo‘lgan homilador ayollarga viloyat perinatal markazning kuratorlari tomonidan tibbiy yordam ko‘rsatilib, kasallikni davolash ishlari o‘z vaqtida olib borilmoqda, – deydi Lola Hamroyeva. – Qolaversa, markaz xodimlari qishloq vrachlik punktlarida tug‘ish yoshidagi va homilador ayollarni to‘liq tibbiy tekshiruvdan o‘tkazmoqda.

Viloyat perinatal markazi kuratorlari tomonidan absolyut va nisbiy ko‘rsatmaga ega bo‘lgan xavf guruhidagi fertil yoshidagi ayollarga homiladorlik vaqtida yuzaga keladigan og‘ir holatlar haqida kasallikning turiga qarab patronaj yo‘li bilan ayollarning o‘ziga, turmush o‘rtog‘i va yaqinlariga tushuntirish ishlari olib borilmoqda.

Aytib o‘tish joiz, viloyat perinatal markazning kirish qismida noqonuniy ravishda faoliyat yuritib kelgan savdo do‘koni borligi aniqlangan. Shuningdek, tug‘uruqxonaning yerto‘lasida yong‘in xavfsizligi hamda texnika xavfsizligi talablariga rioya etmasdan ishlab kelgan oshxonalar borligi ham aniqlangan. Bugungi kunda mazkur savdo do‘koni va oshxonaning faoliyatiga barham berilgan.

Manba: daryo.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!