Samarqand prokuraturasi sobiq IIB xodimi ishi bo‘yicha bayonot berdi

Samarqand prokuraturasi sobiq IIB xodimi ishi bo‘yicha bayonot berdi

Samarqand viloyat prokuraturasi sobiq IIB xodimi SH. Ashurovning unga nisbatan bo‘lgan jinoyat ishi tergovi va sud hukmidan noroziligi to‘g‘risidagi video murojaati bo‘yicha bayonot berdi.

Advokat A.T. himoyasi ostida bo‘lgan gumon qilinuvchi A.A.ga nisbatan Samarqand tuman IIB huzuridagi TB surishtiruv guruhi surishtiruvchisi SH.Ashurov tomonidan JKning 168-moddasi 4-qismi “a” bandi va boshqa moddalari bilan qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilayotgan jinoyat ishini A.A.ning foydasiga ijobiy hal qilib berishni va’da qilib, uni pora berishga qiziqtirib, surishtiruvchi SH.Ashurov bilan oldindan jinoiy til biriktirib, jami 40 mln. so‘m miqdoridagi pul mablag‘ini 5 ming AQSh dollariga hisoblab, A.A.dan talab qilgan.

31.07.2018 yilda A.A.ning arizasi yuzasidan viloyat prokuraturasi va DXX Samarqand viloyat boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida, advokat A.T. 5 ming AQSh dollari miqdoridagi pul mablag‘larini xizmat xonasida firibgarlik yo‘li bilan olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Shu kuni viloyat prokurori tomonidan advokat A.T.ga nisbatan JKning 168-moddasi 3-qismi “v” bandi, 28, 211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

 O‘tkazilgan tergov harakatlari davomida A.T.ga JKning 168-moddasi 3-qismi “v” bandi va 28, 211-moddasi 1-qismi bilan ayblov e’lon qilinib, shu kuni “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Surishtiruvchi SH.Ashurov o‘zining Samarqand tuman IIB TBdagi xizmat xonasini tashlab, noma’lum tomonga qochib ketgan.

02.08.2018 yilda SH.Ashurov DXX viloyat boshqarmasi tezkor xodimlari tomonidan tergovga jalb qilinib, unga nisbatan JKning 168-moddasi 3-qismi “v” bandi bilan ayblov e’lon qilinib, shu kuni “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanilib, tergov yakunlangandan so‘ng jinoyat ishi mazmunan ko‘rib chiqishlik uchun sudga yuborilgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand tuman sudining 20.08.2018 yildagi hukmiga ko‘ra, SH.Ashurovga JKning 168-moddasi 3-qismi “v” bandi bilan JKning 45,62-moddalariga asosan 1 yil muayyan huquqdan, ya’ni davlat ishtiroki va ulushi mavjud bo‘lgan korxonalarda ishlash huquqidan mahrum qilish hamda har oylik ish haqining 20 foizini davlat daromadiga ushlab qolgan holda 1 yil 10 oy 6 kun axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan.

Shuningdek, sudning ushbu hukmi bilan A.T. ham JKning tegishli moddalari bilan sudlangan.  

Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudi kassasiya  instansiyasining 03.05.2019 yildagi ajrimi bilan sud hukmining SH.Ashurovga oid qismi o‘zgarishsiz qoldirilgan.

SH.Ashurovning aybi sudda iqrorlik bildirib bergan ko‘rsatuvlaridan tashqari, jinoyat ishida mavjud bo‘lgan ariza, tushuntirish xatlari, pullarga maxsus ishlov berish bayonnomasi, voqea joyini ko‘zdan kechirish bayonnomasi, SD disklarni eshitish va undagi yozuvlarni stenogramma qilish bayonnomalari, ekspertiza xulosalari, yuzlashtirish bayonnomasi hamda ishda mavjud bo‘lgan boshqa ob’ektiv dalillar yig‘indisi bilan to‘liq o‘z isbotini topgan.

Bundan tashqari, mazkur jinoyat ishi tergovi bosim ostida olib borilganligi, tergov harakatlari davomida dalillar soxtalashtirilganligi va DXX xodimlari SH.Ashurovga nisbatan tazyiq o‘tkazganligi haqidagi vajlari yuzasidan DXXning Samarqand viloyat boshqarmasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazilib, vajlar o‘z tasdig‘ini topmaganligi sababli 28.11.2018 yilda JPKning 83-moddasi 2-bandiga asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad qilish haqida qaror qabul qilingan va ushbu qaror viloyat prokuraturasi tomonidan o‘rganib chiqilib, asosli deb topilgan.  

Sud tomonidan SH.Ashurovning qilmishi to‘g‘ri malakalangan va yakuni bo‘yicha qonuniy to‘xtamga kelingan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!