Ruqayya binti Muhammad sollallohu alayhi vasallam

Ruqayya binti Muhammad sollallohu alayhi vasallam

Ruqayya roziyallohu anho Zaynab roziyallohu anhodan keyin dunyoga keldi. U ham ota-onasining ko‘z qorachig‘i edi. Ruqayya roziyallohu anho va Ummu Gulsum roziyallohu anho ikkovlari xuddi egizaklardek o‘sdilar. Bir-birlarini juda sevardilar. Bu sevgi va mehr opalari Zaynab uzatilganidan so‘ng yanada kuchaydi. Go‘yo taqdir ularning hayotini mushtarak bir yo‘lga chizgandek bir-birlariga qattiq bog‘lanib qolgan edilar.

Zaynab roziyallohu anho Abul Os ibn Robi’ bilan turmush qurganidan so‘ng Ruqayya roziyallohu anho va Ummu Gulsum roziyallohu anhoning ham bo‘ylari yetib qoldi. Abu Tolib ularni birodarlari Abu Lahabning o‘g‘illari Utba va Utaybaga so‘rab keldi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga shunday javob berdilar: “Ey amaki, qarindoshchilikni siylayman, biroq menga biroz muhlat bering. Bu masala yuzasidan qizlarim bilan gaplashay”.

Hazrati Xadicha roziyallohu anho bu gaplarni eshitib o‘yga cho‘mdilar. Chunki Abu Lahabning xotini Ummu Jamil qahri qattiq, tili achchiq va o‘ylamay ish qiladigan xotin ekanini bilar edilar. Shuning uchun qizlarining bu xonadonga kelin bo‘lishlarini xohlamay turardilar. Biroq fikrlarini qaytarmaslik uchun indamadilar. Qizlari ham buni his qilib jim o‘tirardilar. Shunday tarzda, qat’iy qaror qabul qilindi. Shafqatli ota qizlariga barakot tiladilar. Ularni aziz va jamil bo‘lgan Allohning panohiga topshirdilar.

Makka osmonida bir nur ko‘rindi. Butun Makkani oydinlatib, qorong‘ulikni tarqatib yubordi. Bu nur Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning payg‘ambarlik nuri edi.

Qurayshiylar Muhammad sollallohu alayhi vasallam xususlarida aniq bir to‘xtamga kelish uchun to‘plandilar. Oralaridan biri: “Siz Muhammadning ishiga halaqit bermoqchimisiz? U holda qizlarini qaytarib yuboringlar, u qizlari bilan ovora bo‘lib qoladi”, dedi.

Abu Lahab Hazrati Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning qizlari bilan oila qurgan o‘g‘illariga: “Agar Muhammadning qizlarini qo‘ymasangiz, boshim boshingizga harom bo‘lsin”, dedi.

Ikki qiz ham otalik uylariga qaytib keldilar.

Ummu Jamil va Abu Lahab bu ishlari bilan cheklanib qolmadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallamga doimiy ravishda aziyat yetkazaverdilar.

Abu Lahabning qo‘llari qurigan – halok bo‘lgay! (Aniqki,) u quridi – halok bo‘ldi! Mol-mulki va kasb qilib topgan narsalari unga asqotgani yo‘q! Yaqinda uning o‘zi ham, uning o‘tin orqalagan, bo‘ynida pishiq toladan (eshilgan) arqon bo‘lgan xotini ham (lovullab turgan) alangali do‘zaxga kirajak!” (“Masad” surasi).

Ruqayya roziyallohu anho va Ummu Gulsum roziyallohu anho uylaridagi muhit o‘zgarib qolganini sezdilar. Uyda xursandchilikdan asar ham qolmaganday, g‘am-qayg‘u butkul hukmrondek ko‘rinar edi. Biroq opa-singil ota-onalari bilan birga bu qiyinchiliklarga bardosh berdilar.

Qurayshiylarning taxmini bekor bo‘ldi, sevinchlari uzoqqa bormadi. Ular o‘ylaganidek, qizlarining uyga qaytib kelishi bilan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam buyuk vazifalarini ado etishdan to‘xtab qolmadilar. Alloh taolo solih, asl bir oilaga mansub, boy va yumshoq tabiatli kuyov berdi. Bu kishi Usmon ibn Affon roziyallohu anhu nasab, mavqe va boylikda Qurayshning eng oldi kishilaridan edi.

Nabiy sollallohu alayhi vasallam Ruqayya roziyallohu anhoni Usmon roziyallohu anhoga nikohladilar va ularga barakot tilab, Alloh taologa duo qildilar.

Quraysh mushriklarining musulmonlarga aziyatlari yanada ortdi. Ularga juda yomon munosabatda bo‘la boshladilar. Shuning uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallam fitnaga duchor bo‘lishmasin deb sahobalarning Habashistonga hijrat qilishlariga izn berdilar.

Usmon ibn Affon roziyallohu anhu bilan zavjasi Ruqayya roziyallohu anho ham yo‘l hozirligini ko‘ra boshladilar. Ruqayya roziyallohu anhoning ko‘zlari yosh, qalbi g‘am-alam bilan to‘la edi.

Usmon roziyallohu anhu ham juda xafa edilar. Sabrli mo‘mina Ruqayya roziyallohu anho unga yuzlanib, taskin berish uchun: “Alloh taolo biz bilan va shu muborak Baytning atrofidagi tuprog‘imizda qolayotgan kishilar bilan birgadir”, dedi.

Hazrati Usmoning roziyallohu anhu kayg‘usi tarqaldi. Habashiston tomon yo‘lga tushdilar.

Muhojirlar ko‘p ikromlarga noil bo‘lib, Najoshiy himoyasida yashadilar. Ularga istaganlariday harakat va ibodat erkinligi berilgan edi.

Bir kun Makka mushriklarining musulmon bo‘lgani haqida yolg‘on xabar keldi. Buni eshitib, hasrat chekayotgan ba’zi muhojirlar oilalariga qovushish orzusi bilan orqaga qaytmoqchi bo‘ldilar.

Bir qismi esa Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qaytishga ruxsat bergunlariga qadar shu yerda qolishga qaror qildilar.

Usmon ibn Affon roziyallohu anhu va Ruqayya roziyallohu anho ham Makkaga qaytganlar bilan birga edilar. Vatan tuproqlariga oyoq bosar-bosmas, bolalik va yoshlik yillari o‘tgan yerlarni ko‘rib, ularning ko‘zlari sevinch yoshlariga to‘ldi.

Ruqayya roziyallohu anhoning Makkada qolishi uzoqqa cho‘zilmadi. Mushriklarning tazyiqi kundan-kun ortib borardi. Musulmonlar Madinaga hijrat etdilar. Hazrati Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam ham ular bilan birga edilar. Ruqayya roziyallohu anhoga olam-olam quvonch keltirgan o‘g‘li Abdulloh Madinada tug‘ildi. Ruqayya roziyallohu anho bu farzandni o‘tgan kunlardagi musibatlar badaliga berilgan mukofot deya qabul etdi.

Lekin mo‘min kishi imtihon qilinadi, unga balolar yuborilib, sinaladi.

الَّذِي خَلَقَ الْمَوْتَ وَالْحَيَاةَ لِيَبْلُوَكُمْ أَيُّكُمْ أَحْسَنُ عَمَلًا وَهُوَ الْعَزِيزُ الْغَفُورُ

«U sizlarning qaysilaringiz chiroyliroq – yaxshiroq amal qilguvchi ekaningizni imtihon qilish uchun o‘lim va hayotni yaratgan Zotdir. U qudratli va mag‘firatlidir» (“Mulk” surasi, 2-oyat).

Go‘dak uxlayotganida nimadur bir narsa yuzini chaqib oldi. Yarasi og‘irligi uchun bir necha kundan so‘ng jon taslim qildi. Ruqayya roziyallohu anho bu musibatning og‘irligiga chiday olmadi, hushidan ketdi. Isitmasi ko‘tarilib, bezgakka chalindi.

Suyukli eri Usmon roziyallohu anhu uning yonidan hech ayrilmadi. G‘am-qayg‘uni yengillatishi uchun Alloh taologa tinmay duolar qildi.

Ruqayya roziyallohu anhoning ahvoli og‘irlashib borardi. Kasallik kuchaydi. Nihoyat, dudoq orasidan chiqayotgan nafas uzilib qoldi. Ruh tanni tark etgan edi.

Sevimli yoridan ayrilib qolgan Usmon roziyallohu anhu uning asta yuzini yopar ekan, Badrdan kelgan chopar musulmonlarning zafarini e’lon qildi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Baqi’ qabristoniga borib qizlari Ruqayya roziyallohu anhoning haqqiga duo qildilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ikki hijrat sohibi bo‘lgan qizlari Ruqayya roziyallohu anhodan Alloh taolo rozi bo‘lsin.

Manba: azon.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!