Rossiyada migrantlar ishlashi mumkin bo‘lgan tarmoqlar soni qisqarmoqda
Rossiyaning Tver viloyatida mehnat migrantlariga 82 ta sohada ishlash taqiqlanmoqda. Bu haqda TASS xabar berdi. Taqiqlangan tarmoqlar ro‘yxati ikki baravar ko‘paygan.
Qarorga ko‘ra, 52 turdagi kasblar uchun to‘liq taqiq joriy etilgan bo‘lsa, yana 30 sohada cheklovlar amal qiladi. Bu qoidalar 2025 yildan kuchga kiradi.
«Biz bu ishni tizimli ravishda olib boryapmiz. Biznesning fikrini maksimal darajada inobatga olishga harakat qildik. Biroq davlatning strategik xavfsizligi ustuvorlikda qoladi», — dedi Tver viloyati rahbari Igor Rudenya.
Migrantlarga kommunal korxonalarda ishlash taqiqlanadi. Bu sohaga elektr energiyasi, gaz va issiqlik taqsimoti, suvni tozalash va tarqatish, hamda oqova suvlarni yig‘ish va qayta ishlash xizmatlari kiradi. Shuningdek, migrantlar kompyuter ishlab chiqarish va dasturiy ta’minotni ishlab chiqish bilan bog‘liq korxonalarda ishlay olmaydilar.
To‘liq taqiq qo‘yilgan sohalar quyidagilar: nashriyot ishi, televideniye, radioeshittirish, ko‘ngilochar tadbirlar tashkil etish, ilmiy tadqiqotlar, xavfsizlik xizmati, suv transporti, arenda va lizing, veterinariya, turizm agentliklari.
Shuningdek, ayrim kasblarga cheklov kiritildi: chorvachilik, baliqchilik, go‘sht va baliq qayta ishlash, sut mahsulotlari, non va yog‘-moy ishlab chiqarish, oziq-ovqat va ozuqa mahsulotlari, qog‘oz, neft mahsulotlari, kimyoviy moddalar, dorilar ishlab chiqarish. Elektr uskunalar, transport vositalari, mebel ishlab chiqarish, hamda mashina va uskunalarni ta’mirlash sohalarida ham cheklovlar joriy qilindi.