Xitoy AQSh iqtisodiyotiga zarba berdimi?
Xitoy Savdo vazirligi 3 dekabr kuni AQShga bir qator ikki maqsadli materiallar, jumladan, galiy, germaniy, surma va aniqlanmagan o‘ta qattiq materiallarni yetkazib berish to‘liq taqiqlanganini e’lon qildi. Ushbu xom ashyolar yarimo‘tkazgichlar, akkumulyatorlar, o‘q-dorilar ishlab chiqarishda, shuningdek, mudofaa va yuqori texnologiyali sanoatda qo‘llaniladi.
Xitoy, shuningdek, elektromobillar va atom energetikasida ishlatiladigan grafit eksporti ustidan nazoratni kuchaytirdi. Barcha grafit materiallari endi oxirgi foydalanuvchi tomonidan qattiq sinovdan o‘tkazilishi kerak.
Ushbu chora-tadbirlar 2 dekabr kuni yarimo‘tkazgich sanoati bilan bog‘liq bo‘lgan 140 Xitoy kompaniyasiga ta’sir ko‘rsatgan AQSh sanksiyalarining yangi bosqichiga javob sifatida ko‘rilmoqda. Pekin Vashingtonning harakatlarini "milliy xavfsizlikka tahdid" deb atadi va Amerika tomoniga rasmiy bayonot berdi.
Xitoy taqiqlari jiddiy iqtisodiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Jahonda galliyning 98, germaniyning 60 va surmaning 48 foizi Xitoy hissasiga to‘g‘ri keladi. 2023 yilda AQSh Xitoydan galliyning 53 foizi va germaniyning 54 foizini import qildi, biroq birinchi cheklovlardan so‘ng import butunlay to‘xtadi. AQSh Geologik xizmatining hisob-kitoblariga ko‘ra, taqiq Amerika iqtisodiyotiga 3,4 milliard dollar zarar keltiradi.
O‘tgan davr mobaynida strategik materiallar narxi keskin oshdi. Iyul oyida galliy va germaniy eksportiga qo‘yilgan cheklovlardan so‘ng Yevropada ularning narxi deyarli ikki baravar oshdi. Xuddi shunday holat surma bilan ham sodir bo‘ldi: uning narxi 2024 yil avgustdagi cheklovlardan keyin 200 foizdan ko‘proqqa oshdi.
AQSh galliyni to‘liq, germaniyning esa yarmini import qiladi. Ushbu materiallar sink, qo‘rg‘oshin yoki boksit qazib olishga ixtisoslashgan fabrikalarda qo‘shimcha mahsulot sifatida ishlab chiqariladi. Ularni qazib olish va qayta ishlash yuqori xarajatlar bilan bog‘liq bo‘lib, bu Xitoyni bozor yetakchisiga aylantiradi.
Surma o‘q-dorilar, batareyalar, optik va fotoelektrik uskunalar ishlab chiqarishda qo‘llaniladi. Uning AQShda ishlab chiqarilishi 2001 yilda to‘xtatilgan va talabning 82 foizi, asosan Xitoydan import qilingan. Biroq 2024 yil oktyabr oyida Xitoydan AQShga surma yetkazib berish 97 foizga kamaydi.
Xitoy taqiqi AQSh sanksiyalariga javoban kengroq bosim strategiyasining bir qismi bo‘ldi. Mutaxassislarning fikricha, Pekin ehtimoliy muzokaralar oldidan o‘z pozisiyasini mustahkamlashga intilmoqda va yangi cheklovlarga moslashmoqda.