Respublika perinatal markazi faoliyati yanada takomillashtiriladi
✅ Keyingi yillarda yurtimizda reproduktiv salomatlikni muhofaza qilish, muddatidan avval tug‘ilgan go‘daklar uchun ixtisoslashtirilgan reanimasion va intensiv xizmatlarni tashkil etish, kam vaznli chaqaloqlarni parvarishlash hamda reabilitasiya qilish yo‘nalishida salmoqli natijalarga erishilmoqda.
🔬 Zamonaviy tibbiyot yutuqlari chaqaloqlarda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan turli nuqson va xastaliklarni homiladorlikning dastlabki bosqichidayoq aniqlash hamda bartaraf etish imkonini beryapti.
🏥 Bunday ilg‘or diagnostika va muolaja usullari hozir Respublika perinatal markazida ham keng qo‘llanilmoqda. Bu esa onalar va bolalar salomatligini ta’minlash yo‘nalishida ijobiy natijalarga asos bo‘lyapti.
➡️ Sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudayarov ushbu muassasada bemorlar uchun yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirib, markaz xodimlari bilan muloqot qilar ekan, erishilgan natijalarni tahlil qilish barobarida, kelgusida qilinadigan ishlarga to‘xtaldi.
💬 Qayd etilganidek, muassasada erta tug‘ilgan chaqaloqlar reabilitasiyasi, tug‘ma nuqsonli bolalarda o‘tkaziladigan neonatal amaliyotlar soni yil sayin ko‘paymoqda. Bu yerda ilk bor o‘zbek shifokorlari tomonidan qo‘shni Qirg‘iz Respublikasida tug‘ilgan siam egizaklari o‘ta noyob operasiya natijasida ajratib olinishi muhim tarixiy voqea sifatida e’tirof etilgandi.
🟢 Shu bilan birga, markazda ayrim kasalliklarni go‘dakning homilalik davrida, ya’ni ona qornidayoq bartaraf etishga imkon beruvchi fetal tibbiyot tajribasidan ham samarali foydalanib kelinmoqda.
📊 Ayni paytda muassasada har yili turli a’zolarida tug‘ma nuqsoni bo‘lgan chaqaloqlar va emizikli bolalarda 550-600 tadan ortiq murakkab yuqori texnologik operasiyalar o‘tkazilyapti.
📌 Sog‘liqni saqlash vaziri markaz xodimlari bilan muloqot davomida bunday ilg‘or diagnostika va davolash usullarini hududlarda ham keng tatbiq etish yuzasidan mas’ullarga tegishli topshiriqlar berdi.
➡️ Respublika perinatal markazi xodimlari hududlarga borib, pastga tushgan holda joylarda neonatologiya xizmatini rivojlantirish, chaqaloqlar reanimasiyasi bo‘limlari faoliyatini muvofiqlashtirishga uslubiy yordam ko‘rsatishi zarurligi ta’kidlandi.
🔎 Muloqot chog‘ida aytilganidek, muassasada tibbiy turizmni rivojlantirish uchun katta salohiyat mavjud. Ammo bu imkoniyatdan yetarli darajada foydalanilmayapti. Shu sababdan bu yerda tibbiy turizmni rivojlantirish bo‘yicha 2025 yilga mo‘ljallangan dastur ishlab chiqilib, ijrosi ta’minlanadi.
‼️ O‘z navbatida, mutaxassislar malakasi va markaz ilmiy salohiyatini oshirish, erta turmush hamda qarindoshlar o‘rtasidagi nikohning oldini olish, erta skrining dasturlarini amaliyotga samarali joriy etish yuzasidan tegishli vazifalar belgilandi.