AQSh Orol dengizida litiy qidiradi
AQSh Davlat departamentining Energetika resurslari byurosi Qozog‘iston Milliy geologiya xizmati (MGX) va "Tau-Ken Samruk" tog‘-kon kompaniyasi bilan Orol dengizi mintaqasida litiy konlarini qidirish ishlarini moliyalashtirish uchun hamkorlik o‘rnatdi. Bu haqda hukumat yig‘ilishida MGX raisi Erlan Galiyev ma’lum qildi va hamkorlik memorandumida Sharqiy Qozog‘istonning Qalba-Narim hududida nodir metallarni o‘rganish bo‘yicha ham rejalar borligini ta’kidladi.
Amerika tomoni ushbu tashabbuslarni moliyalashtirmoqda, bu esa Qozog‘iston va G‘arb davlatlari o‘rtasidagi hamkorlik yanada chuqurlashayotganidan dalolat beradi. 2025 yilda AQSH, Fransiya, Germaniya va Finlyandiya mutaxassislari Qozog‘iston MGXda audit o‘tkazadi, Britaniya Geologiya xizmati (BGS) esa mamlakatga bir nechta missiyalarini jo‘natadi. Bundan tashqari, Britaniya hukumati Qozog‘iston yer osti boyliklarini o‘rganishning aniqligini oshirish imkonini beruvchi ma’lumotnoma-geologik ma’lumotlar bazasini yaratish uchun grant ajratdi.
Fransiyaning BRGM geologiya xizmati qozog‘istonlik mutaxassislar uchun masofadan zondlash, geokimyo, bashoratli xaritalash va tog‘-kon chiqindilarini boshqarish bo‘yicha seminarlar o‘tkazadi.
“Tau-Ken Samruk” kompaniyasi «Samruk-Kazina» davlat fondining sho‘ba korxonasi hisoblanadi. 2023 yil oxirida Orol dengizi yaqinidagi sho‘r ko‘llarda litiy izlash ishlarini boshlagan. Loyiha Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining 400 ming yevro miqdoridagi granti hisobidan moliyalashtiriladi va ikki yilga mo‘ljallangan.
Litiy elektromobil akkumulyatorlari, shamol turbinalari va quyosh panellarini ishlab chiqarishda asosiy material hisoblanadi. U smartfonlar, aerokosmik va mudofaa tizimlarida ham qo‘llaniladi.
Noyob tuproq elementlari va nodir metallarga jahon talabi ortib borayotgan bir sharoitda Qozog‘iston so‘nggi yillarda yetakchi o‘nta davlatdan biriga aylandi. Qo‘shma Shtatlar va Yevropa Ittifoqi Qozog‘iston bilan resurs bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish, yashil energiyaga global o‘tishda respublikaning rolini kuchaytirish choralarini ko‘rmoqda.