AQSh Davlat kotibi: Ukrainani keyingi safarbarlik bo‘yicha qiyin qarorlar kutib turibdi, ammo ular zarur
Entoni Blinken BBC'ning NATO Ukraina pozisiyasini Rossiya bilan ehtimoliy muzokaralar oldidan mustahkamlash uchun qanday aniq choralarni taklif qilayotgani haqidagi savoliga javob berar ekan, Bryusseldagi uchrashuvda alyansga a’zo davlatlar Tashqi ishlar vazirlari uchta masalani muhokama qilishganini ma’lum qildi.
▪️Birinchi masala — Ukraina iqtisodiyoti va mudofaasini qo‘llab-quvvatlash uchun zarur mablag‘ va resurslar bilan ta’minlash.
"Biz Rossiyaning muzlatilgan aktivlaridan foydalanib, Ukrainaga 50 milliard dollar yordam ajratdik. Bu mablag‘lar yaqin haftalarda ham AQSH, ham Yevropadan yuboriladi", — dedi Blinken.
▪️Ikkinchi masala — Ukrainani qurol bilan ta’minlash. Ukraina Tashqi ishlar vazirligi rahbari Andrey Sibiga Kiyevga energetika infratuzilmasini Rossiya hujumlaridan himoya qilish uchun 20 ta NASAMS yoki IRIS-T havo mudofaa tizimlari zarurligini aytdi.
"Biz Ukrainaning ehtiyojlarini muhokama qildik va har bir davlat ularni qondirishga qanday hissa qo‘shishi mumkinligini belgilab oldik", — deya aniqlik kiritdi AQSh Davlat kotibi.
▪️Uchinchi masala — safarbarlik.
"Bu judayam muhim, chunki pul va o‘q-dorilar bo‘lsa ham, oldingi safda Rossiya agressiyasiga qarshi tura oladigan odamlar bo‘lishi kerak. Ukraina keyingi safarbarlik borasida qiyin qarorlar qabul qilishi kerak, ammo bu zarur qadamlar hisoblanadi. Biz safarbar qilingan har bir askar o‘z vatanini samarali himoya qilishi uchun zarur tayyorgarlik va qurol-yarog‘ bilan ta’minlashga intilamiz", — dedi Blinken.