Eron Asadni qutqarishga shoshilmayapti
Eron tashqi ishlar vaziri Seyid Abbos Aroqchining aytishicha, Damashq rasmiy iltimos bilan Tehron Suriyaga qo‘shin yuborish masalasini ko‘rib chiqishi mumkin.
«Agar Suriya hukumati Erondan Suriyaga qo‘shin jo‘natishini so‘rasa, biz bu talabni o‘rganamiz», - deya ta’kidlagan Araqchi, hozirgacha rejim kuchlaridan Tehronga bunday so‘rov bo‘lmaganiga aniqlik kiritdi.
Aroqchi, shuningdek, Suriyadagi vaziyatni muhokama qilish uchun Rossiyaga tashrif buyurish rejalarini tasdiqladi. Unga ko‘ra, mamlakatdagi mojaro qo‘shni davlatlar, jumladan Iroq va Iordaniyani beqarorlashtirishi mumkin.
Suriya muxolif kuchlari 27 noyabr kuni Asad rejimi kuchlaridan hududlarni ozod qilish bo‘yicha sa’y-harakatlarini kuchaytirdi. Ular mamlakat shimoli-g‘arbidan, Idlib hududidan hujum boshladi. Operasiyada Hayat Tahrir ash-Sham (HTS) va Suriya Milliy Armiyasi (SNA) kabi guruhlar muhim rol o‘ynaydi.
Bir necha kun ichida muxolifat kuchlari Aleppo viloyatidagi muhim shahar va qishloqlarni egallashga, shuningdek, Idlib viloyati ustidan to‘liq nazorat o‘rnatishga muvaffaq bo‘ldi. 1 dekabr kuni ular shimoliy Xama viloyatining qishloq joylarida «sezilarli taraqqiyot» borligini e’lon qilishdi.
Reuters xabariga ko‘ra, 2 dekabr kuni Iroqdan «Xalq safarbarlik kuchlari» (Hashd al-Shaabi) nomi bilan mashhur bo‘lgan eronparast qo‘shinlar Asad rejimiga yordam berish uchun yetib kelgan. Bu qo‘shimcha kuchlar orasida iroqlik jangchilar ham, Suriya mojarosi boshlanganidan beri qatnashib kelgan afg‘on yollanma askarlari ham bor.
Moskva ham Asad rejimiga harbiy yordam berishda davom etmoqda. Rossiya Mudofaa vazirligi muxolifat kuchlari pozisiyalari va ularning ta’minot liniyalariga havodan zarbalar berdi, natijada 50 dan ortiq odam halok bo‘ldi.
Suriyadagi vaziyat nihoyatda keskinligicha qolmoqda: muxolifat kuchlari hujumlarini davom ettirmoqda va arab mamlakatining to‘rtinchi yirik shahri Xamaga yaqinlashib ulgurdi.