Nikol Pashinyan Armaniston va KXSHT o‘rtasidagi munosabatlar "qaytmas nuqtadan o‘tgani"ni ma’lum qildi
Armaniston Bosh vaziri parlamentda so‘zga chiqib, mamlakat Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti (KXSHT) doirasida qabul qilinayotgan hujjatlarga qiziqmasligini aytdi. U Armanistonning tashkilotga qaytishi borgan sari qiyinlashib, hatto imkonsiz bo‘lib borayotganini ta’kidladi.
"KXSHT faoliyatida ishtirokimizni muzlatganimizni aytdik, bu esa biz hech qanday hujjatni muhokama qilishda qatnashmaymiz degani. Biz hech qanday hujjatga veto qo‘ymaymiz, chunki, aslida, o‘zimizni KXSHTdan tashqarida deb hisoblaymiz. Nima qilishsa, o‘zlari bilishadi. Bu holat Armanistonning KXSHTga qaytishini borgan sari qiyin, hatto imkonsiz qilib qo‘ymoqda. O‘ylaymanki, biz qaytmas nuqtadan o‘tdik", — dedi Pashinyan.
Fevral oyida Nikol Pashinyan Armaniston KXSHTdagi ishtirokini "muzlatgani"ni e’lon qilgan edi. Iyun oyida u, agar Belarus KXSHTni tark etsa, mamlakat tashkilotga qaytishi mumkinligini bildirgan edi.
Politico nashrining yozishicha, Armanistonning KXSHTdagi ishtirokini muzlatish qaroriga Belarusning Tog‘li Qorabog‘ urushi paytida Ozarbayjonga qurol yetkazgani ta’sir ko‘rsatgan.