Qashshoqlikdan boylikkacha: vayrongarlik va ezgulik orasidagi odam

Qashshoqlikdan boylikkacha: vayrongarlik va ezgulik orasidagi odam

Dunyoda Nobel mukofoti haqida eshitmagan odam bo‘lmasa kerak. Shuningdek, bu yuksak xalqaro unvonga sazovor bo‘lishni orzu qilgan insonlar ham talaygina. Lekin Nobel mukofotining asoschisi Alfred Nobelning qashshoqlikdan to behisob boylikka qadar bosib o‘tgan sermashaqqat hayot yo‘li va ixtirolari haqida hamma ham bilavermasligi mumkin.

Ixtirochining o‘g‘li

Alfred Nobel 1833 yilning 21 oktyabrida Stokgolmda kambag‘al quruvchi oilasida dunyoga keladi. U 4 yoshga to‘lganda, Nobellar oilasi qiyinchiliklar tufayli Sank-Peterburgga ko‘chib kelishadi. Otasi Immanuel asli quruvchi bo‘lsa-da, vaqti-vaqti bilan turli ixtirolarga qo‘l urar, ba’zida buning uddasidan chiqib yaxshigina pul ishlab olardi. Ayniqsa, u par bilan harakat qiladigan mashina ixtirosi orqasidan oilaviy sharoitini birmuncha yaxshilashga erishdi va o‘g‘illarining nufuzli o‘quv yurtlarida tahsil olishiga sharoit yaratdi. Immanuelning to‘rt nafar o‘g‘ilidan faqat Alfredda otasining ixtirochilik qobiliyati bor edi. U kimyo fanini o‘rganib, mashhur kimyogar olimlardan nazariy va amaliy bilimlar olish bilan cheklanmay, o‘zi ham hayot uchun xavfli bo‘lgan turli tadqiqotlar olib borardi.

Alfred Nobel nitrogliserin – sulfat, azot kislotasi va gliserin aralashmasi ixtiro qilinganini, lekin uni amalda qo‘llashning iloji yo‘qligini bilardi. Chunki juda oz miqdordagi nitrogliserinning ustiga bolg‘a bilan urilsa portlashi ma’lum bo‘lib, muammo esa mazkur portlashni to‘liq nazorat qilish mushkulligida edi.

1858 yilda Immanuel Nobelning kichkina fabrikasi tanazzulga uchragach, oilasi bilan yana Shvesiyaga qaytib ketdi. Alfred Stokgolmga kelgach akasi Lyudvigning ustaxonasida ishlash davomida, nitrogliserin ustidagi tadqiqotini yanada kuchaytiradi. Shu tariqa u o‘zining “Nobelning portlovchi moyi” deb atalgan birinchi shved patentini olishga muvaffaq bo‘ladi. Alfred Nobel otasi va akasi Emil bilan Xeleneborgda ustaxona ochib, xavfsiz portlovchi moddalar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni niyat qilishadi. Lekin bu jarayon juda qaltis edi. Birinchi urinish fojeali yakun topadi, 1864 yili ularning ustaxonasi portlab, kuli ko‘kka uchadi va bir necha ishchilar qatorida Emil Nobel xalok bo‘ladi. “Yiqilgan kurashga to‘ymaydi” deyishganidek, bu halokat Nobellarni fikridan qaytara olmaydi.

Ketma-ket sodir bo‘lgan muvaffaqiyatsiz sinovlar va janob Nobellar korxonasida ishlab chiqarilgan zararli mahsulotlar oqibatida ko‘plab qurbonlar va talofatlar oshib boraveradi. Shu sababli Shvesiya va unga yaqin davlatlar “Nobelning portlovchi moyi”ni ishlatish, uni bir mamlakatdan boshqa mamlakatga olib kirishni taqiqlab qo‘ydi.

Muvaffaqiyat kaliti topildi

Bu taqiqlar Alfred Nobelning irodasini bukish o‘rniga, aksincha,  uning ixtirochilik quvvatini yanada oshirdi. Tez orada u nitroglesirinni dunyo bozoriga sotishning xavfsizroq usulini o‘ylab topgach, Nobelning portlovchi mahsulotini temir yo‘l tunneli qurish va shaxtalarni ochish uchun xoridorlar soni oshib bordi. Xeleneborgda sodir bo‘lgan fojeadan atigi olti hafta o‘tgach, Alfred Nobel dunyoda yagona AO Nitrogliserin korxonasiga asos soldi. Nitrogliserin va kizelgur birikmasi muvaffaqiyat kaliti bo‘ldi.

1863 yil detonatorga patent olgan Alfred Nobel ikki yildan so‘ng tinimsiz va mashaqqatli tadqiqotlar natijasi o‘laroq dinamitni kashf etdi.

Grek tilidan olingan, “dynamis” — kuch, qudrat ma’nosini anglatuvchi dinamit Nobel nomini butun dunyoga mashhur qildi. Dinamit savdosidan uning cho‘ntagiga pul daryoday oqib kirardi. Endi Alfred dinamitga yanada qudratli tus berish va uni suv ostida ham qo‘llash ustida bosh qotirdi, natijada buning ham uddasidan chiqdi. Dinamit yaratilganidan 10 yil o‘tgach esa ixtirochi olim o‘zining yana bir ulkan kashfiyotini amalga oshirdi. Nitrogliserin va piroksilinning teng birikmasidan tashkil topgan ballistit yoki nobel poroxi qudrati bilan emas, portlatilganda kam tutun chiqarishi bilan avvalgidan farq qilardi.

Ixtirochilik va tadbirkorlik faoliyati Nobelga katta daromad keltirdi.

U Parijdagi qarorgohida turib, Yevropaning turli burchaklarida 20 dan oshiqroq korxonalarini shaxsan o‘zi boshqarardi. Alfred Nobel Shotlandiya, Vena, Stokgolmga tashrif buyurishni kanda qilmasdi. Ayniqsa, AQSH, Shvesariya va Italiyada dinamit savdosi qizg‘in edi, u hattoki Osiyoda ham dinamit ishlab chiqaruvchi korxona qurdi.

Uni “o‘lim savdogari” deb atay boshlashdi

Dinamit qisqa muddatda Nobelga shon-shuhrat va mislsiz boylik keltirdi.

Avvaliga dinamit kon shaxtalarini ochish, yo‘l qurish va eski binolarni buzishda ishlatilgan bo‘lsa, keyinchalik dinamitning kuch va qudratidan harbiy maqsadlarda foydalanila boshlandi. Alfred pasifistik g‘oyalar tarafdori bo‘lsa-da, katta boylik vasvasasi ustun kelib, u 10 dan ortiq dinamit va turli portlatuvchi qurollar ishlab chiqaradigan zavod, fabrikalarni yo‘lga qo‘ydi.

1888 yilda Kannda Alfredning katta akasi Lyudvig Nobel vafot etdi. Shunda fransuz gazetalaridan biri adashib Lyudvigning o‘rniga Alfred Nobelning nekrologini chop etadi. Sarlavhasi shunday nomlangan edi: “Ajal sotuvchisi vafot etdi!”. Maqola muallifi Alfred Nobelni boylik orttirish maqsadida dinamit kashf etgani va uning savdosi oqibatida ko‘plab o‘lim holatlari sodir bo‘layotganligida ayblagandi. Shundan so‘ng boshqa gazetalar ham Nobelni “Qon ustiga qurilgan milliarder”, “O‘lim savdogari” deya atay boshlashdi. Bu ayblovlar uning ruhiyatiga qattiq ta’sir qildi. Alfred Nobel xalq uni qudratli qurol ixtirochisi emas, yer yuzida ezgulik tarqatuvchi inson sifatida xotirlashini astoydil istadi va bunga erishishga ahd qildi.

Eng zgu vasiyat! Mukofot kimga?!

 “Men, Alfred Nobel, butun mol-mulkimni xizmatchilarim qimmatli qog‘ozga aylantirishini, jamg‘arma tashkil etishini va foizini o‘tgan bir yil davomida insoniyatga eng ko‘p foyda keltirgan odamga mukofot tariqasida berilishini vasiyat qilaman.

Mazkur foizlar 5 qismga bo‘linib, birinchi qismi — fizika, ikkinchisi — kimyo, uchinchisi — fiziologiya yoki medisina sohalarida olamshumul yangilik yaratgan va ixtiro qilgan, to‘rtinchisi — adabiyotda eng oliy insoniylik timsolini ifoda etgan asarga, beshinchisi — xalqlar hamjihatligi, qullikka barham berish, harbiy to‘qnashuvlarning oldini olish va yer yuzida tinchlik barqarorligiga munosib hissa qo‘shgan insonlarga berilsin.

Alohida istagim shuki, nomzodning millati taqdirlanishiga ta’sir qilmasligi shart, faqat eng munosiblargina Nobel mukofotiga sazovor bo‘lishsin”.

Shunday qilib, 1895 yil 27 noyabrda tuzilgan mazkur vasiyat bo‘yicha dunyodagi eng mashhur va eng nufuzli Nobel mukofoti paydo bo‘ldi.

Bugungi kunda har yili Nobel mukofoti g‘oliblariga Alfred Nobelning surati tushirilgan oltin medal va 1,4 million miqdoridagi AQSh dollari tantanali topshiriladi. Taqdirlash marosimi yilning 10 dekabrida Nobel Alfred vafot etgan kun Stokgolm va Osloda bo‘lib o‘tadi.

Yana bir muhim jihati Nobel mukofotini hech kim, hech qanday kuch bekor qilolmaydi.

Rus tilidan Farida Qoraqulova tarjimasi.

 


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!