Qashqadaryoda 21 dona afsonaviy tarixiy tangalar topildi

Qashqadaryoda 21 dona afsonaviy tarixiy tangalar topildi

Qashqadaryo viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyi fondidan 21 dona Naxshab tangalari o‘rin oldi. Bu haqda Madaniyat vazirligi axborot xizmati ma’lum qilmoqda.

Qayd etilishicha, topilgan mazkur tangalar eramizning IV-VI asrlariga taalluqli bo‘lib, Janubiy Sug‘d tangalari hisoblanadi.

Tangalar bir xil nominalda bo‘lib, avers va revers qismlarida o‘z davriga xos bo‘lgan tasvirlar tushirilgan. Jumladan, tangalarning avers qismida Naxshab hokimining chapga qarab turgan tasviri berilgan. Uning yuzi ancha cho‘ziq, bu esa eftalitlar qiyofasiga mansub hukmdor deb xulosa chiqarishga asos bo‘ldi. Bu hukmdorning soch turmagi butun Sug‘d tangalari uchun xos bo‘lmagan ko‘rinishda: hukmdor sochlari yirik, to‘g‘ri kokillardan iborat peshona gajagi bor.

Tangalarning revers qismida o‘sha davr Janubiy Sug‘d siyosatida katta ahamiyatga ega bo‘lgan mifologik tasvir – gerb shaklida aks ettirilgan.
Ya’ni soch turmakli hukmdor orqa oyoqlarida turgan sherga kalta qilich sanchmoqda. Hayvon dumi yuqoriga qayrilgan, u hukmdor qo‘lidagi kalta qilichni old oyoqlari bilan urib tushirmoqchi bo‘lib turibdi.

Ehtimol, zulmat va ibtidoiy bosh-boshdoqlikni aks ettiruvchi yaqin Sharqlik Marduk bilan Tiamataning yakkama-yakka olishuvi manzarasi aks etgan, xususan qahramon podshohning afsonaviy mahluq ustidan g‘olib kelishi tangalarda o‘z aksini topgan. U hukmdorning Naxshabda IV-VI asrlarda siyosiy, diniy hokimiyatga ega bo‘lish huquqining qonuniyligini ifoda etgan, deyiladi xabarda.

Manba: nnews.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!