"Paxta mojarosi": Xorazmda jurnalist 7 sutkaga qamaldi

"Paxta mojarosi": Xorazmda jurnalist 7 sutkaga qamaldi

Xorazmda chop etiladigan “Xorazm yoshlari” gazetasi bosh muharrir o‘rinbosari Davlatnazar Ro‘zmetov 7 sutkaga qamaldi. Turon24 manbasining xabar berishicha, unga Qo‘shko‘pir tumani ma’muriy ishlar sudining qaroriga ko‘ra Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (mayda bezorilik)ga asosan shunday jazo tayinlangan.

Voqea guvohlarining ma’lum qilishicha, Davlatnazar Ro‘zmetov 25 oktyabr kuni kechki payt to‘yda o‘tirganda unga tanishlari qo‘ng‘iroq qilishib, Qo‘shko‘pir tumani hokimi maktab direktorlari, qishloq vrachlik punktlari rahbarlari va maktabgacha ta’lim muassasalari mudirlarini yig‘ib paxta terimi bo‘yicha selektor yig‘ilishi o‘tkazayotganini, hukumat ta’lim va tibbiyot xodimlarini paxta yig‘im-terimiga jalb etishni taqiqlaganiga qaramay, ularni majburan paxta terimiga jalb etmoqchi bo‘layotgani haqida aytishadi.

“Davlatnazar Ro‘zmetov yig‘ilish o‘tkazilayotgan tuman hokimligi binosiga kirib, majlisda o‘tirganlarni qo‘l telefonida videotasvirga ola boshladi, – deydi ismi oshkor etilishini istamagan manba. – Buni ko‘rgan Qo‘shko‘pir tumani hokimi vazifasini bajaruvchi Jo‘rabek Rahimov uning kimligini so‘radi. Jurnalist bunga javoban: “Majlis ochiqmi yoki yopiqmi? Ochiq bo‘lsa o‘tiraman, yopiq bo‘lsa chiqib ketaman”, deb javob berdi. Shundan so‘ng xokim “Yig‘ilish tamom” deb hammaga ruxsat berib yubordi”. Shundan so‘ng D.Ro‘zmetov tuman ichki ishlar bo‘limiga olib borilib, jamoat tartibini buzganlik, mayda bezorilikda ayblanadi va viloyat markazidagi hushyorxonada bir kun saqlanadi. Ertasi kuni ertalab esa qo‘yib yuborilgan.

29 oktyabr kuni Qo‘shko‘pir tuman ma’muriy ishlar sudi unga nisbatan ochilgan ishni ko‘rib chiqib, 7 sutkalik ma’muriy qamoq jazosi tayingan.

Turon24 voqea yuzasidan izoh so‘rab Xorazm viloyatidagi mutasaddi idoralarga murojaat qildi. Ayni paytda viloyat prokuraturasining holat yuzasidan rasmiy axborot taqdim etilishi kutilmoqda. Eslatib o‘tamiz, 29 oktyabr kuni O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov majburiy mehnatga doir videoselektor yig‘ilishi o‘tkazgan va unda majburiy mehnatga yo‘l qo‘ygan har qanday rahbar, jumladan, tuman hokimlari kechirilmasligini ma’lum qilgandi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!