Paxta deb kimlar «jon» bersa, kimlardir «ulkan xirmon» olibdi. Prokuratura qator jinoyatlarni fosh qildi

Paxta deb kimlar «jon» bersa, kimlardir «ulkan xirmon» olibdi. Prokuratura qator jinoyatlarni fosh qildi

O‘zbekistonda paxta ekini uzoq yillar davomida davlat siyosati maqomida bo‘lgan. Bir tarafda millionlab insonlar unga «milliy boylik» sifatida qarab, kechayu-kunduz dalalarda ter to‘kkan bo‘lsa, ma’lum bir toifa o‘z «jig‘ildoni»ni to‘ldirish payida bu vaziyatdan muttasil foydalanib kelgan.

So‘nggi vaqtlarda paxta ekini bilan bog‘liq holat o‘zgardi. Majburiy mehnat deyarli yo‘qotildi, paxta ekiladigan dalalar hajmi yildan-yilga qisqarib boryapti, qo‘shib yozishlar, tarozidan urishlarga qarshi jiddiy kurash boshlab yuborilgan. Ammo, bu choralar sohada «pixi»ni yorgan uddaburonlar «shashti»ni o‘ldirishga yetarli bo‘lmayapti.

Bosh prokuratura huzuridagi Agrosanoat majmui va oziq-ovqat xavfsizligi ta’minlanishi ustidan nazorat qilish inspeksiyasi Paxta xomashyosi va uni qayta ishlashdan olingan mahsulotlardan foydalanishni nazorat qilish bo‘limi tomonidan «Xabar.uz»ga taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2018 yilgi paxta mavsumida aniqlangan qonunbuzilishi holatlari yuzasidan o‘nlab jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan.

Jumladan, 2018 yilgi paxta mavsumida 561,7 tonna (266.6 mln so‘mlik) paxta qo‘shib yozilgan, 22,3 tonna hosil kamaytirib ko‘rsatilgan. Shuningdek, paxta mavsumida umumiy hajmi 755,6 mlrd so‘mlik turli jinoyatlar fosh etilgan.

Ularning ayrimlaridan misollar keltiramiz:

Qo‘shib yozish va pora

Andijon viloyati Buloqboshi tumanida Xo‘jaobod paxta tozalash maskani klassifikator-katta tovarshunosi 2018 yil 10 oktyabr kuni bir nechta fermer xo‘jaliklari hisobiga jami 7 ta holatda 13 tonna paxta xomashyosini qo‘shib yozgan.

Evaziga esa 2 400 AQSh dollari va 4,4 mln. so‘m pulni pora tariqasida olgani aniqlangan.

Ushbu holatda Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi, 209-moddasi 2-qismi va 210-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Tarozini aldash «san’ati»

Andijon viloyati Marhamat tumani O‘qchi paxta tozalash maskani klassifikator-katta tovarshunosi 5 nafar fermer xo‘jaliklari bilan jinoiy til biriktirib, hujjatlarni soxtalashtiradi.

So‘ng tirkamalarga o‘rnatilgan rakamlarni almashtirib, tirkamalardagi paxtalarni to‘kmasdan kaytadan o‘lchatib 39,8 tonna paxta xom ashyosini qo‘shib yozgan.

Unga nisbatan JKning 167-moddasi 3-qismi va 209-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Traktordan paxta yasaldi

Toshkent yiloyati Yangiyo‘l tumanidagi Mustaqillik paxta tozalash zavodi Yangiyo‘l maskani mansabdor shaxslari tomonidan 14 ta fermer xo‘jaligi hisobiga traktorni ham paxta xom ashyosi sifatida ko‘rsatib, hujjatlarga soxta ma’lumotlar kiritib, 19 ta holatda 155 mln. so‘mlik 48 tonna paxta xom ashyosini qo‘shib yozishadi.

Holat yuzasidan JKning 167-moddasi 3-qismi va 209-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Samarqandcha xakerlik

Samarqand viloyati Pastdarg‘om tumanida «O‘zstandart» agentligi «Samarqand SSM» DUK mutaxassisi vakolati bo‘lmasa-da, 16 oktyabr kuni maskandagi paxta xomashyosini o‘lchash elektron tarozining kompyuter dasturiga ruxsatsiz kirgan.

So‘ng tarozida nosozlikni yuzaga keltirishi oqibatda ushbu tarozi nazorat tartibida etalon toshlar bilan o‘lchab ko‘rilganda 20 kg.ga ortiqcha vaznni ko‘rsatayotgani aniqlangan.

Unga nisbatan JKning 278-6-moddasi 2-qismi «b» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Mansabga sovuqqonlik qimmatga tushdi

Jizzax viloyati Mirzacho‘l tumanidagi Do‘stlik paxta tozalash zavodi Irjar maskani mansabdor shaxslarining mansabga sovuqqonlik bilan qarashi natijasida 208 mln. so‘mlik 40,6 tonna urug‘lik paxta aralashtirilib yuborilgan.

Natijada 138,7 mln so‘mlik texnik xom ashyosi hisobiga o‘tishi oqibatida, jamiyat manfaatlariga 69,3 mln. so‘m zarar yetkazilgan.

Maskan mansabdor shaxslariga nisbatan JKning 207-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Umuman olganda, paxta bilan bog‘liq jinoyatlar eng ko‘p Toshkent viloyatida sodir etilgan – 17 ta. Keyingi o‘rinlarda Jizzax (8 ta), Andijon (5 ta),  Buxoro (4 ta), Samarqand (3 ta), Xorazm, Namangan, Sirdaryo (2 tadan) va Surxondaryo (1 ta) qayd etilgan.

Manba: 7news.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!