Ozarbayjon Tog‘li Qorabog‘da xalqaro aeroport qurishni boshladi

Ozarbayjon Tog‘li Qorabog‘da xalqaro aeroport qurishni boshladi

Boku Tog‘li Qorabog‘da xalqaro aeroport qurishni boshladi, deb xabar beradi «Kommersant’». U Eron chegarasi yaqinida, Shusha shahridan 62 kilometr masofada joylashgan Fuzuliy shahrida quriladi.

Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev aeroportni shu yilning kuzida foydalanishga topshirishni ko‘zlamoqda. Uning qo‘shimcha qilishicha, aeroportning uchish-qo‘nish yo‘lagi samolyotlarning barcha turlarini, shu jumladan, eng og‘irlarini ham qabul qilishga qodir bo‘ladi.

«Fuzuliydagi aeroportga kelsak, ishlar allaqachon boshlangan. Biz minasizlantirish bilan bog‘liq masalalarni tezkorlik bilan hal qilishni boshladik, chunki birinchi navbatda u yerda hududni tozalash kerak edi. Bu jarayon yakunlanish arafasida turibdi va tezkor muddatda aeroport foydalanishga topshiriladi… Tabiiyki, u shu yil topshiriladi. Bu erta kuz chog‘ida bo‘lishini xohlaymiz. Agar hammasi reja bo‘yicha ketadigan bo‘lsa, shu yilning erta kuzida aeroport ishga tushiriladi», — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, aeroport ham Qorabog‘ hududini qayta tiklash uchun, ham qo‘shni davlatlar fuqarolarining Shusha shahriga yetib borish qulayligini ta’minlash uchun qo‘llaniladi. Aeroport bilan birga, Shusha shahrida ikkita avtomobil yo‘li ham qurilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Tog‘li Qorabog‘dagi nizo 2020 yil sentyabrda kuchaydi. 2020 yil 10 noyabr kuni Rossiya, Ozarbayjon va Armaniston Tog‘li Qorabog‘da tinchlik haqida bitim imzoladi. Rossiya ishtirokidagi muzokaralar natijasiga ko‘ra, nizo tomonlari o‘t ochishni to‘xtatishga qaror qildi. 10 noyabrga o‘tar kechasi Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan Ozarbayjon va Rossiya prezidentlari Ilhom Aliyev va Vladimir Putin bilan Tog‘li Qorabog‘da o‘t ochishni va jangovar harakatlarni to‘xtatish to‘g‘risida kelishuv imzoladi.

Sulh shartlari Kelbajar, Ag‘dam, Lochin tumanlari va Qazah tumanida Armaniston tomoni egallab turgan hududlar Ozarbayjon nazorati ostiga berilishini nazarda tutadi.

Bahsli hududga 2 mingga yaqin Rossiya tinchlikparvarlari kiritiladi, ular o‘t ochishni to‘xtatish rejimiga rioya qilinishini nazorat qiladi. Shuningdek, tomonlar asirlar, marhumlarning jasadlarini ayirboshlashni boshlaydi va mintaqada transport qatnovini qayta tiklaydi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!