OAVda “ko‘rinmas jang” boshlandi: pichoqlashish «moda»mi yoki «sindrom”?​

OAVda “ko‘rinmas jang” boshlandi: pichoqlashish «moda»mi yoki «sindrom”?​

Bugungi kun ommaviy axborot vositalari oldidagi katta ehtiyojlardan biri – auditoriyani muntazam jalb etishdan iborat. Zamonaviy o‘zbek auditoriyasi “shablon” axborotni olishdan bosh tortmoqda. 

Oxirgi yillarda elektron nashrlar o‘rtasida “ko‘rinmas jang” boshlandi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi: kim olg‘iru, kim peshqadam?!

Insoniyat axborot oqimi tobora tezlashgan, qolaversa, tafakkur tarzini o‘zgartirishga qodir bo‘lgan, axborot texnologiyasi vujudga kelgan bir davrda yashamoqda.

Bu hozirgi zamon tamaddunining o‘ziga xos yutug‘i bo‘lib, jahon ijtimoiy-siyosiy jarayonlarini boshqarishga, dunyoviy kayfiyat, dunyoviy ruhiyat va maslakning vujudga kelishiga xizmat qiladigan mo‘’jizakor hodisadir.

Biroq tamaddunning ana shunday ulkan, «keng miqyosli va serqirra yutug‘idan kim qanday masalalarda foydalanyapti? Uning beqiyos qudratli kuchi nimalarga ishlatilyapti?» degan haqli savol ham muammoga aylanmoqda.

SARLAVHA – YARIM MAQOLA…

So‘nggi yillarda aksariyat internet nashrlar faoliyatida “pichoqlashish «moda»si yoki sindrom”i paydo bo‘lganligini kuzatamiz. Sarlavha yarim maqola deyishadi.

Bularga qarang… “Samarqandlik shifokor pichoqlagan erkak shifoxonaga yetmay joni uzildi”, “Farg‘onada qaynota kelinini pichoqladi”, “Toshkentda rashk tufayli er xotinini pichoqladi”, “Xorazmda qiz otasining qotiliga aylandi”, “Toshkentda 19 yoshli qiz tungi klubda ikki yigitni pichoqladi”, “Qoraqalpog‘istonda yigit qabristonda sevgilisi va o‘zini pichoqladi”, “Xo‘jaylilik fuqaro rashk qilib o‘zi va rafiqasiga pichoq urdi”, “Samarqandda onasini rashk qilgan yigit o‘zidan 20 yosh katta erkakka 32 marta pichoq urgan”…

Ro‘yxatni davom ettirish mumkin. Bunday sarlavhali maqolalar ostida sharqliklarga xos “bag‘rikenglik, totuvlik, oilaparvarlik, kechirimlilik” tuyg‘ulariga “pichoq” urilayotgandek…

Xo‘sh bunday xabarlarning auditoriyasi kim?! Statistikaga murojaat qiladigan bo‘lsak, aynan ushbu turdagi yangiliklarning 60 foiz o‘quvchilari 14-25 yoshgacha bo‘lgan yoshlardir. Ular aynan kuchga to‘lgan, aniq maqsadlar sari intiladigan, aniqroq aytganda, “qoni qaynab turgan” paytidir.

Psixologlarning fikricha, shu davrda olingan axborot, uning qanday inson bo‘lib shakllanishiga sabab bo‘ladi.

– Psixologlar ko‘pincha o‘z chiqishlarida ommaviy axborot vositalaridan kriminal ruhdagi materiallarni bermaslikni so‘raydi, – deydi psixolog Muhabbat Ikramova. – Bunday maqolalar jinoyatchilikning oldini olish uchun emas, balki uni targ‘ib qiladi. Chunki inson shunday mavjudotki, u nimadir ishni taqiqlasa, uni qilib ko‘rishga shoshiladi. Masalan, yaqinda otasini pichoqlab qo‘ygan bola bilan gaplashdim. U o‘n yoshda! Ammo qilgan ishidan umuman afsuslanmayapti, bil’aks otasini o‘ldirganidan faxrlanishini aytmoqda. Negaki, uning fikricha, otasi shunga loyiq. Yoshlarda bunday “ongsiz” dunyoqarashning shakllanishiga ommaviy axborot vositalarning ta’siri katta. Kunora veb-saytlar, ijtimoiy tarmoqlarda kamida uchta pichoqbozlik haqida material e’lon qilinadi. Natijada ruhiyati ojiz kishida teskari proporsional informasiya ongiga ta’sir qilib, kimdir ayb ish qilsa, bu uni kechirmaslik kayfiyati singdiriladi. Agar birinchi “plan”ga “pichoqladi” so‘zini emas, jinoyatga jazo muqarrarligi olib chiqilsa, o‘ylaymanki, yana bir sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan jinoyatning oldi olingan bo‘lardi…

ASALNING HAM OZI SHIRIN…

Bugungi kunda internetda kriminal axborot ko‘lami kengayib borayotgani barchaga ma’lum. Kriminal axborot auditoriya e’tiborini jalb qilib, kishi psixologiyasiga samarali ta’sir o‘tkazishi qator tadqiqotchilar tomonidan isbotlangan. Shu sababli nafaqat milliy jurnalistikada, balki jahon amaliyotida ham kriminal axborotga bag‘ishlangan ko‘rsatuvlar soni va ko‘rinishlari kun sayin ko‘payib bormoqda.

Ularda ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan sahnalar, jurnalist nutqidagi fakt va dalillarga alohida urg‘u berish, eksklyuzivlikka intilish, jinoyatchilarga nisbatan muayyan kayfiyatni hosil qilish orqali ta’sir o‘tkazish qobiliyatiga ega.

Telekanallarda namoyish etilayotgan jangari filmlarda yashash uchun kurash g‘oyasi targ‘ib etiladi. Ular yoshlar ongini zaharlab, ma’naviy qadriyatlarimizdan uzoqlashtirish va manqurtlikka mubtalo qilib borishi o‘z-o‘zidan ayon va ochiq haqiqatdir.

Huquqni muhofaza qilish organlarining OAV vakillari bilan hamkorlik qilishi va kriminal axborotlarning berilish sababi kishilarda qonun ustuvorligi va jinoyatning jazosiz qolmasligi haqidagi tasavvurlarni kengaytirish o‘rniga, jurnalistlar tomonidan shov-shuv orqali kim o‘zarga harakat qilinmoqda. Natijada kriminal axborot inson ongiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, o‘z nihoyasiga yetmay qolgan jinoyatini yakuniga yetkazish uchun yo‘riqnoma yoxud qo‘llanma vazifasini o‘tayotir.

Aytish mumkinki, har qadamda qotillik, qonxo‘rlik sahnalariga duch kelaverishimiz kishida sovuqqonlik, loqaydlik va huquq tartibot sohalariga nisbatan ishonchsizlik kayfiyatini keltirib chiqaradi.

Axborot pichoqqa o‘xshaydi, ya’ni u yaxshi inson qo‘lida ijod vositasi, yomonning qo‘lida esa jinoyat qurolidir. Har qanday axborotni xolis uzatish, jurnalistning birinchi vazifasi bo‘lishi kerak.

U millat kelajagini tarbiya qilish ishlarida hissador. Demak, jinoyatchilikning ko‘payishiga biz ham birdek aybdormiz. Chunki jamiyatni axborot bilan ta’minlaydigan soha xodimlari jurnalistlardir.

Qachonki o‘zimizda millat kelajagiga mas’uliyat hissi uyg‘onar ekan, aytish mumkinki, shunda jurnalistika millat ko‘zgusiga aylanadi. Ammo bu kriminal axborotlarni butunlay auditoriyaga uzatmay qo‘yish kerak degani emas. Gap xabarning qanday usulda uzatilishida…

XULOSA…

Yaponiya psixologlari o‘n besh yil mobaynida besh yuzdan ortiq insonlarning hayot tarzini kuzatgan. Ular ikki guruhga ajratilgan. Dastlab, 250 kishiga kriminal axborotlar berilgan, qolganlariga bu taqiqlangan.

Natijada har kuni ikki marotaba kriminal dastur tomosha qilgan birinchi toifaga mansub 250 nafar fuqaroning 220 nafari, kriminal axborot ko‘rishi cheklab qo‘yilganlar ichida esa 15 nafari jinoyatga qo‘l urgan.

Ko‘rinib turibdiki, jinoyatga moyil axborot qancha ko‘p berilar ekan, jinoyatchilikka shuncha yo‘l ochadi. Xulosa o‘zingizdan…

Ayjamal JOLDASBAYEVA,

O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari 

federasiyasi yetakchi mutaxassisi

Manba: hidoyat.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!