Nima uchun narx-navo oshib bormoqda?

Nima uchun narx-navo oshib bormoqda?

TADBIRKOR Malika Murodova:

Soliqlar kamaymadi, aksincha oshdi...

2019 yilning 1 yanvarigacha ikkita turdagi soliq to‘lar edik. Ular umumiy xarajatlarning 21 foiziga to‘g‘ri kelardi. Endi esa soliqlar soni ko‘paydi. Yer-mulk, suv, daromad, QQS va boshqalar. Shu tariqa davlatga to‘laydigan solig‘imiz yanvardan 22 foizga yetdi. Va yana uning ustiga 360 so‘m ham qo‘shildi.

Eng qizig‘i, Soliq qodeksidan 237-moddani olib tashlanishi hisobiga biz tabiiy gaz uchun ikki marta aksiz solig‘i to‘lashga majbur bo‘lyapmiz.

DSQ ham Moliya vazirligi gaz quyish shoxobchalarida narxlarni oshirishga asos yo‘q deb hisoblashi, Moliya vazirligi alohida xabarda narxlarni asossiz oshirgan gaz quyish shoxobchalariga nisbatan choralar ko‘rilishini ma’lum qilishi shu to‘g‘rimikan?..

***


Xabaringiz bor, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi O‘zA hamda O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish federasiyasi hamkorlikda 2 kun davomida respublika hududlaridagi avtomobillarga gaz quyish shoxobchalarida 1 kub gazning sotilish narxini o‘rganib jamoatchilikka taqdim etildi.

Ana shu jarayonda yurtimizda 692 gaz quyish shoxobchasi faoliyat yuritayotganiga guvoh bo‘ldik. Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilda yana 15 shoxobcha qurilishi uchun ruxsat berilgan. Biroq, ba’zi manbalarda O‘ztransgaz aksiyadorlik jamiyati mavjud shoxobchalarda oylik limit miqdorini 12 foizdan 17 foizgacha qisqartirgan aytilmoqda. Bu hududlardagi gaz quyish shoxobchalarida narx-navoning o‘zboshimchalik bilan oshirishga sabab bo‘ladimi?

Bu va boshqa bir qator savollarga poytaxtimizdagi avtomobillarga siqilgan gaz (metan) quyish shoxobchasi rahbari Malika Murodova o‘z mulohazalarini bildirdi.

Bitta shoxobchaga oyiga limit asosida300kub tabiiy gaz berilsa, u yigirma yoki yigirma besh kunda sotiladi. Qolgan kunlarda shoxobcha mahsulotni ikki barobar qimmatiga xarid qilishi kerak bo‘ladi. Limit doirasida bir kub tabiiy gazning narxi 800 so‘m bo‘lsa, u tugaganda 1600 so‘mdan O‘ztransgaz dan xarid qilamiz. Bunday narxda hech qanday cheklov yo‘q. Istagancha, xarid qilishingiz mumkin. Limit qisqarishiga esa gazni eksport qilinayotgani ro‘kach qilinmoqda. Vaholanki, eksportga 150 dollarga sotiladi. Biz qo‘shimcha olmoqchi bo‘lsak, qariyb 200 dollarga baholanmoqda.

Soliq qo‘mitasidan so‘radim. Limit borligida har oyda 20 kun 1950, keyin 10 kun 2400 so‘mdan siqilgan gaz sotsam, keyingi oyning boshida yana 1950 so‘mdan sotishga haqim bormi? Yo‘q, bitta narxni ushlash kerak , degan javobni oldim.

Limit tugasa, har oyning 20 kunidan keyin yopilishim yoki har oyda o‘n yoki 5 kun zararga ishlashim kerak? Misol uchun, o‘tgan yilning noyabr oyning 27 sanasida limit tugadi. Men yopilishim yoki mijozni yo‘qotmaslik uchun narxni ushlashib turishim kerak edi. Shunda nima qilay? degan savol bilan prokuraturaga maslahat soldim. Ular tezda viloyat gazga telefonogramma bering deyishdi. Uni qabulxonaga yubordim. Ertasiga kimda limit ortib qolgan bo‘lsa, sizga qo‘shib beramiz, deya qo‘ng‘iroq qilishdi. Lekin, dekabr oyida hisob -faktura olganimda o‘sha uch kunda olingan qo‘shimcha mahsulot uchun 1600 so‘mdan hisoblab, pul olib qolishdi.

Demak, narxning keskin oshishini siz limitni kamaytirilgani bilan izohlaysiz yoki yana boshqa sabablar ham bormi?

Limit bilan yonma-yon soliq masalasi ham turibdi. Biz joriy yilning 1 yanvarigacha ikkita iste’mol va yagona soliq to‘lar edik. Ular umumiy harajatlarni 21 foiziga to‘g‘ri kelardi. Endi esa soliqlar soni ko‘paydi. Yer-mulk, suv, daromad, QQS va boshqalar. Shu tariqa davlatga to‘laydigan solig‘imiz yanvardan 22 foizga yetdi. Uning ustiga 360 so‘m ham qo‘shildi. Eng qizig‘i, soliq qodeksidan 237-moddani olib tashlanishi hisobiga biz tabiiy gaz uchun ikki marta aksiz solig‘i to‘lashga majbur bo‘lyapmiz.

Gazning narxiga keladigan bo‘lsak, uning bir kubi QQS bilan bizga 800 so‘mga tushadi. Bunda tabiiy gazning narxi 567 so‘m, 100 so‘m aksiz va 133 so‘m QQS.

Nahotki, juda arzon olar ekansiz-ku? Qiziq,unda nega 1900 1950 so‘mdan sotishni xohlamaysiz, nima yutqazasiz?

Shu kunlarda bu savolni ko‘pchilik bermoqda. Endi hisoblab, ko‘ring. Yanvar oyida O‘ztransgaz menga 300 kub limit berdi. Uni 20 kunda sotaman. 21 kundan gazni 1600 so‘mga olaman. Shu kuni gazni narxi birdan oshadi. Chunki, men 1600 so‘mdan gaz olib, ustiga aksiz solig‘ini qo‘shsam 1960 so‘m bo‘ladi. Qanday qilib 1950 so‘mdan sotaman?

Xo‘p. Shunday ham deylik, lekin 2100 2200 so‘mdan sotish insofsizlikday nazarimda. Axir, siz yigirma kun gazning bir kubini QQSni hisoblamaganda 667 so‘mdan olyapsiz-ku?

Oddiy misol. Mato olib tikuvchiga borsangiz,libos uchun qo‘shimcha bezak vositalari va ish haqiga to‘laysiz. Shunda olingan mato 200 ming so‘m bo‘lsa, tayyor libos holida 300 ming so‘m bo‘ladi. Shunga o‘xshab biz ham tabiiy gazni 667 so‘mdan olsakda, uni to‘rt marta tozalab, shuncha quritamiz. So‘ngra, to‘rtta bosqichda 2 atmosferadan 200 atmosferagacha siqiladi. Ana shu jarayonlardan keyin avtotransport vositalariga yoqilg‘i sifatida sotiladi. Bizda savdo shoxobchasi emas, mahsulotni tonnada olib, litrlab sotadigan. Aksincha, tabiiy gazni qayta ishlaydigan mini zavodmiz. 1 kub tabiiy gazni qayta ishlash uchun kamida 700 800 so‘m harajat kilamiz. Unga 667 so‘m gazning narxi, 80 96 so‘mgacha elektr energiyasining narxini qo‘shing.

Xarajatimiz QQS va aksizsiz 1447 so‘mdan 1613 so‘mgacha yetadi. Unga 20 foiz QQS qo‘shsak narx 1736,4 dan 1935,6 so‘mga, aksiz solig‘i360 so‘m qo‘shilsa 1 kub siqilgan gazning narxi 2096,4 dan 2295,6 so‘mgacha boradi. Ayniqsa, kuz-qish mavsumida gaz bosimi bilan bog‘liq muammolar qo‘shimcha energiya iste’moliga va siqilgan gazning tan narxini oshishiga ham ta’sir qiladi.

Endi ish haqiga kelsak. Bizda 25 nafar ishchi bor. Shoxobchada to‘rtta kompressor ishlaydi. Ularni ishlatishga kamida ikkita mutaxassis kerak. Ikkita odam kassada o‘tiradi. Chunki, 24 soat davomida bitta odamga o‘tirish qiyin. Ular smena bilan ishlaydi. Yana ikkita ishchi gaz qo‘yib turadi. Shu tariqa uch smenada 18 ishchi ishlaydi. Shuningdek, nazorat o‘lchov asboblari mutaxassisi, elektrik, chilangar usta, muhandis, hisobchi kerak.Shoxobchalarda portlashlar bo‘lgandan keyin biz ehtiyot chorasi sifatida bitta xodimni eshik oldiga qo‘yishga majbur bo‘ldik. Ular kirayotgan mashinaning gaz balloni sozligi, hujjatlarining to‘g‘riligini,vaqtida ko‘rikdan o‘tganini tekshiradi.

Yana bir gap. Bizni O‘zdavneftgazinspeksiya, Sanoatkontexnazorat, Yong‘in xavfsizligi, Tabiatni muhofaza qilish boshqarmasi, O‘zstandart kabi yuqori tashkilotlar tekshiradi. Ularning yo‘riqnomalarini, talablarini bajarish bu yuqori xavfga ega bo‘lgan ob’ektlarning vazifasi. Tabiiy gazdan foydalanish qoidalariga asosan gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari, o‘zimizni gaz tarmog‘ini, texnologik uskunalarni soz holatda saqlash va uni o‘z hisobimizdan ta’mirlash-tiklash, texnik holati, ichki gaz tarmoqlari va gazdan foydalanish uskunalarini texnik taftishdan o‘tkazish va ularga profilaktik xizmat ko‘rsatishimiz kerak. Bularga ham ozmuncha xarajat ketmaydi. Mana shularning hammasini inobatga olingan holda shoxobchalarda siqilgan gazning narxi chiqariladi.

Shunday ekan, yurtimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik rivojlantirilib, raqobat erkinligi birinchi o‘ringa qo‘yilgan paytda, DSQ ham Moliya vazirligi gaz quyish shoxobchalarida narxlarni oshirishga asos yo‘q deb hisoblashi, Moliya vazirligi alohida xabarda narxlarni asossiz oshirgan gaz quyish shoxobchalariga nisbatan choralar ko‘rilishini ma’lum qilishi shu to‘g‘rimikan?..

Manba: O‘zA


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!