Namoz o‘qimaganlarning gunohlarini yozib turuvchi qalam

Namoz o‘qimaganlarning gunohlarini yozib turuvchi qalam

Ali roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:

«Qalam uch (toifa) dan ko‘tarilgan: uyqudagidan, toki uyg‘ongunicha, yosh boladan, toki ehtilom bo‘lgunicha, jinnidan, toki aqli kirgunicha», dedilar».

Abu Dovud va Nasaiy rivoyat qilganlar. Hokim sahih, degan.

Sharh: Ushbu hadisi sharifdagi qalamdan murod, taklif qalamidir. Shar’iy amallarni – takliflarni bajarmagan kishilarning, jumladan, namoz o‘qimaganlarning gunohlarini yozib turuvchi qalamdir.

Ushbu qalam uch toifa odamdan ko‘tarilgan bo‘lib, ular tomonidan shariat takliflari bajarilmasa ham, gunoh yozilmas ekan.

1. «Uyqudagidan, toki uyg‘ongunicha».

Chunki uyqudagi odamning ixtiyori o‘zida emas. Unda hushyorlik, bir narsani idrok qilish yetishmaydi. Shuning uchun u shariat takliflarini qilmasa ham, gunohkor hisoblanmaydi.

2. «Yosh boladan, toki ehtilom bo‘lgunicha».

Balog‘at yoshidan kichik yoshdagi bolalarning aqliy va jismoniy kamoloti bo‘lmaydi. Shuning uchun ham ularning shar’iy takliflarni bajarishlari majburiy emas. Mabodo o‘sha takliflarga xilof qilsalar, gunoh yozilmaydi.

3. «Jinnidan, toki aqli kirgunicha».

Jinni odam ham ahli taklif emas. Shuning uchun ham Islomda, namozning sahih bo‘lish shartlari balog‘atga yetganlik va aqlga bog‘liq, de­yiladi.

Hamma dalillarni o‘rganib chiqqan ulamolarimiz «Namozning vojib – farz bo‘lishi uchun zarur shartlar uchtadir: musulmon bo‘lishi, balog‘atga yetganligi va oqil», deydilar.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!