Namanganda Qur’oni Karim noyob qo‘lyozmasini o‘g‘irlagan jinoyatchilar javobgarlikka tortildi

Namanganda Qur’oni Karim noyob qo‘lyozmasini o‘g‘irlagan jinoyatchilar javobgarlikka tortildi

Mazkur nodir “Qur’oni karim” kitobining mamlakatimiz ichki bozoridagi bahosi 92.000.000 so‘m deb belgilangan.

2022 yil 10 avgust kuni E.Abdusattorov Namangan shahrida istiqomat qilgan eski tanishi va jinoiy sherigi Rufatillo Shoisayev bilan birga o‘g‘irlik qildi.

Ta’kidlanishicha, Ikkovlon yuzlariga niqob, qo‘llariga ishchi qo‘lqop kiyib, tungi soat 01:00larda tumanning “Baliqko‘l” mahallasida joylashgan “Sulton Uvays Qaroniy” ziyoratgohi muzeyiga kelishadi.

Avvaliga chor-atrofni kuzatib, hech kimsa yo‘qligiga ishonch hosil qilishadi. Shunga qaramay, sodir etilajak jinoyatlarini yashirish maqsadida ziyoratgoh chiroqlarini asosiy tarmoqdan uzgan holda o‘chirishadi.

So‘ngra muzeyda saqlanayotgan, 1874 yilda hattotlar tomonidan ko‘chirilgan nodir qo‘lyozmali “Qur’oni Karim” kitobini o‘g‘irlab chiqishadi. Tashqariga chiqqach, E.Abdusattorov muqaddas kitobni o‘zining “Kobalt” avtomashinasi yukxonasiga joylaydi. Keyin Namangan shahriga kelib, kalomullohni R.Shoisayevning singlisi Nafosat Shoisayevanikiga yashirib qo‘yishadi. Ammo xonadon sohibasiga kitobning o‘g‘irlanganini aytishmaydi.

Buzoqning yugurgani somonxonagacha, deydi dono xalqimiz. Shu ma’noda aytganda, o‘g‘rilar tez orada qo‘lga olinadi. Negaki ziyoratgoh hududi va atrofiga o‘rnatilgan videokuzatuv moslamalari jinoyatni qisqa fursatda fosh etilishini ta’minlaydi. Natijada kitob “Sulton Uvays Qaroniy” ziyoratgohiga qaytariladi. “Qahramon”larimizga nisbatan esa jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi.

O‘zbekiston Respublikasi turizm va madaniy me’ros agentligining 2022 yil 22 dekabrdagi san’atshunoslik ekspertizasi xulosasida, nodir “Qur’oni karim” kitobining mamlakatimiz ichki bozoridagi bahosi 92.000.000 so‘m deb belgilangan.

Yaqinda mazkur holat jinoyat ishlari bo‘yicha Chortoq tuman sudida ko‘rib chiqildi. Sud E.Abdusattorov va R.Shoisayevni Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi “v” bandi bilan aybdor deb topib, ularni ozodlikdan mahrum qilish jazosiga mahkum etdi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!